Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 00:17

Jurnalist Bobomurod Abdullayev Bishkekda qiynoqqa solinganini iddao qildi (VIDEO)


Bobomurod Abdullayev 9 avgustda Bishkekda qo‘lga olingan edi.
Bobomurod Abdullayev 9 avgustda Bishkekda qo‘lga olingan edi.

Bishkekda qo‘lga olinib O‘zbekistonga o‘tkazib berilgan jurnalist Bobomurod Abdullayev Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tergov xibsxonasida qiynoqqa solinganini iddao qildi.

U o‘ziga nisbatan kuch qo‘llangan xodimlarga chora ko‘rilishini so‘rab Qirg‘iziston Bosh prokuroturasiga ham murojaat qilgan.

Abdullayevning O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishini qoralayotgan qirg‘izistonlik advokatlar bu voqea chuqur o‘rganilishini talab qilmoqda.

Ammo Qirg‘iziston rasmiy idoralari jurnalistning bu bayonotiga hozircha munosabat bildirmadi.

Bobomurod Abdullayev Toshkentdagi singlisining uyidan “Nastoyashchee vremya” telekanaliga bergan suhbatida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hibsxonasida qiynoqqa solingani to‘g‘risida bayonot berdi.

Unga ko‘ra, bu voqea Bishkekning Birinchi May tuman sudi uni 8 sentabrgacha ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlash to‘g‘risida qaror chiqarganining ertasi kuni, ya’ni 11 avgustda bo‘lgan.

Abdullayevning aytiishcha, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tergovchisi ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi qarorni imzolashga majbur qilgan.

- Men imzolashdan bosh tortdim. Harakatlari foydasiz bo‘lganidan biroz vaqt o‘tib ular kameraga kirib, qo‘rqitib, hujjatni imzolashimni talab qilishdi. Savlatliroq biri meni karavotga yotqizib, yashil sochiq bilan bo‘g‘di. Qochaman deb ikkita temir karavot orasiga yiqilib tushdim. Qoshimdan qon ketib, yuzimga tushganda ular qo‘rqib kameramdan chiqib ketishdi - dedi Abdullayev rus tilida bergan suhbatida.

Bobomurod Abdullayev Ozodlik bilan bo‘lgan suhbatida ham tergovchi Ravshan Tokonov uni ekstraditsiya to‘g‘risidagi hujjatni advokatlar ishtirokisiz imzolashga majbur qilmoqchi bo‘lganini bildirgan, ammo o‘ziga nisbatan qiynoq qo‘llanilgani haqida aytmagan edi.

Bobomurod Abdullayev qirg‘izistonlik advokatlari orqali o‘ziga nisbatan qiynoq qo‘llanilgani to‘g‘risida Qirg‘iziston Bosh prokuraturasiga ariza kiritganini ham bildirgan.

- Biz qiynoq qo‘llash hollari bo‘lgani borasidagi arizani bir necha kun oldin rasman Bosh prokuraturaga berganmiz. Hozircha ulardan hech qanday javob olmadik. Bizning ommaviy axborot vositalariga bergan bildiruvlarimizga ham Bosh prokuratura munosabat bildirmadi. Huddi kar va soqov bo‘lib qolganday bo‘lishyapti - dedi Abdullayevning Bishkekdagi advokati Temur Karabayev.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatining ma’lum qilishicha, Bosh prokuratura matbuot xizmati bu borada keyinroq izoh berilishini bildirgan.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ham o‘zbekistonlik jurnalist bayonotiga munosabat bildirmadi.

Maxsus xizmat Bobomurod Abdullayevni O‘zbekiston so‘rovi bilan 9 avgust kuni Bishkekda qo‘lga olgan. Bishkekning Birinchi May tuman sudi jurnalistni 8 sentabrgacha maxsus xizmat tergov hibsxonasida qoldirish to‘g‘risida qaror chiqargan.

Maxsus xizmat Abdullayev 14 kundan keyin, 22 avgustda Toshkentga o‘tkazib berilganini ma’lum qilgan.

- Qiynoq qo‘llamaslik va tegishli vaqtda tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha kafillik olindi va shuning asosida Abdullayev O‘zbekiston tomoniga o‘tkazildi, -degan edi Qirg‘iziston maxsus xizmati vakili Raxat Sulaymanov 22 avgust kuni.

Bishkekdan Toshkentga olib kelingan Bobomurod Abdullayev O‘zbekiston DXX xodimlari tarafidan sakkiz soat so‘roq qilinishi ortidan uyiga qo‘yib yuborilgan.

Uning advokatlari Abdullayev Qirg‘izistondan qochqinlik so‘rab ariza berganiga qaramay, maxsus xizmat jurnalistni O‘zbekistonga o‘tkazib berishini qoralagan. Bu harakat uchun Qirg‘iziston hukumatini bir qator xalqaro tashkilotlar ham tanqid qilgan.

Bobomurod Abdullayev shu yilning fevralida Markaziy Osiyodagi Amerika Universtiteti taklifi bilan 4 oylik o‘qish uchun Bishkekka kelgan. Koronavirus pandemiyasi sababli chegaralar yopilgani uchun qaytib ketolmagan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG