Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:51

1991 yildan beri Toshkentda ishlayotgan amerikalik investor shahar hokimidan tovon undira olmayapti


Toshkent. Metroning yangi liniyasini qurish ko‘plab inshootlarni buzish evaziga amalga oshirildi.
Toshkent. Metroning yangi liniyasini qurish ko‘plab inshootlarni buzish evaziga amalga oshirildi.

So‘nggi besh kundan buyon hech qanday o‘zgarish yuz bergani yo‘q. Toshkent shahri rasmiylari Prezident farmonlarini ham, Vazirlar Mahkamasi qarorlarini ham e’tiborga olmayapti.

“So‘nggi besh kun” der ekan, ishi 2018 yili to‘xtab qolgan Altromark xorijiy shirkati rahbari korxonasi bilan bog‘liq 2,5 yildan buyon yechilmayotgan muammolar to‘g‘risidagi maqola chiqqanidan buyon o‘tgan vaqtni nazarda tutmoqda.

Altromark rahbari Toshkent shahar hokimligi bilan hanuzgacha tovon to‘lashga doir kelishuv tuzilmaganni bildirdi.

Nuz.uz 26 avgustda bosgan maqola Altromark bilan bog‘liq shu saytda yoritilgan uchinchi materialdir, biroq Toshkent rasmiylari shu paytgacha bu chiqishlarga hech qanday munosabat bildirgan emas.

Toshkent shahar, Yashnobod tumanida 1991 yili ochilib, ishi 2018 yili to‘xtab qolgan Altromark mas’uliyati cheklangan jamiyat -xorijiy korxona (MChJ XK) direktori Sergey Aleksandrov korxonasi muammolari mohiyati to‘g‘risida 31 avgustda Ozodlikka bunday dedi:

“Ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan, qariyb 2 mln dollar ustav kapitali bor, mamlakat bozorida 1991 yildan buyon mavjud xorijiy investor ikki yarim yildan buyon ishsiz. Toshkent metrosi qurilishi uchun korxonamizni buzadigan bo‘lishdi. Tovon to‘laymiz ¸deyishdi. Va’daga ishondik. Zavodimizni buzishdi. Oxir-oqibat tovon puliyam to‘liq to‘lanmadi. Zavod ham yo‘q”.

Altromark korxonasi haqda va korxona bilan Toshkent shahar hokimligi o‘rtasida 2,5 yildan buyon hal bo‘lmay kelayotgan muammolar to‘g‘risida nuz.uz sayti quyidagi videosyujetida hikoya qilgan.

Altromarkdan nogironlar aravasi, gaz hisoblagich, hayinchalak, ovoz kuchaytirgich, maxsus mashina va boshqalar...

Direktor Sergey Aleksandrovning aytishicha, 1991 yili O‘zbekistonda ish boshlagan Altromark korxonasi o‘tgan yillar davomida jami 50 000 ta nogironlar aravasi ishlab chiqargan, ulardan 800 tasi nogironligi bor bolalar va kattalarga bepul berilgan.

1996 yili Altromark hukumat topshirig‘iga binoan gaz va suv hisoblagichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan va shu kungacha 300 000 ta hisoblagich ishlab chiqarilgan. Aleksandrovning aytishicha, bu asboblar nosoz chiqqani to‘g‘risida bitta ham shikoyat tushmagan.

Altromark ishlab chiqaradigan mahsulotlar nogironlar aravasiyu hisoblagichlargina emas, korxonaning boshqa turdagi mahsulotlari bilan uning rasmiy saytida tanishishingiz mumkin.

Altromark buziladigan bo‘ldi

Toshkent metrosining yangi liniyasi quriladigan bo‘ldi va shu sababli qurilish hududda bo‘lgan boshqa inshootlar qatori 2018 ning fevralida Altromark ham buziladigan bo‘ldi.

Bundan Altromark vahimaga tushgani yo‘q. “Chunki mamlakat qonunlariga binoan buziladigan inshootlarimiz uchun tovon to‘lanishiga ishonardik” deydi Sergey Aleksandrov.

U yana O‘zbekiston prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini eslatdi. Farmonga binoan:

"yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat beriladi".

Altromark qancha tovonga umid qilgan?

Sergey Aleksandrovning aytishicha, korxonaga qarashli mulk buzilayotgan paytda bir hisob bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib boshqa hisob:

Altromarkning ta’sischilari va rahbariyati buzilgan ishlab chiqarish inshootlari uchun 2,994 mln. dollar hamda korxona uchinchi yil bekor turgani uchun 1,655 mln. dollar to‘lanishi, korxonaning 2,9 gektarli yer uchastkasining olib qo‘yilgan taqriban 1,4 gektari o‘rniga yer uchastkasi berilishi, korxona tasarrufida qolgan yer uchastkasining chegarasini aniqlash uchun qizil chiziq tortib berilishi lozim, deb hisoblaydi.

Altromarkning snosga tushgan mulki baholandi

Nuz.uz saytining yozishicha, tovon to‘lash uchun Altromarkning snosga tushgan mulkini baholash lozim edi va Toshkent rasmiylari mulkdorga bu ishni Hisob va biznes baholash MChJda qilishni tavsiya qilgan.

Hisob va biznes baholash Altromarkning snosga tushgan inshootlarini 23 mlrd (taqriban 2 mln 300 ming dollar) so‘mga baholagan.

Altromark rahbariyati bunday bahoni kam deb qabul qilmagan.

Toshkent rahbarlarining Altromark rahbariyatiga va’dasi

2019 ning 15 noyabrida Toshkent shahar, Yashnobod tuman hokimi X. Tillashayxov Altromark direktori S. Aleksandrov bilan uchrashuvda olib qo‘yilayotgan yer evaziga yer berishni, ko‘rilgan zararni qoplashni, qolgan territoriya qizil chizig‘ini tortib berishni va’da qiladi. Biroq bu kelishuv og‘zaki bo‘lgan va u yuqoridagi videoda aks etgan.

Sergey Aleksandrovning 31 avgustda Ozodlikka bildirishicha, Tillashayxov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan 2 soat o‘tib, u Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan ham uchrashgan va shahar hokimidan ham ikki soat oldin tuman hokimidan eshitgani va’dani eshitgan.

Hokimiyatga o‘zi tanlagan Hisob va biznes baholashning hisobi yoqmadi

Hisob va biznes baholash korxonasi chiqarib bergan bahoni oz deb Altromark rahbariyati yoqtirmagan bo‘lsa, hokimiyat ko‘p deb yoqtirmadi.

Masalani chuqur o‘rgangan nuz.uzning yozishicha, hokimlik mulozimlaridan biri (nuz.uz uning aynan kim ekanligini bilishini yozdi) Hisob va biznes baholashga bahoni kamaytirishni buyuradi. Hisob va biznes baholash bahoni ikki marta o‘zgartiradi. “Boz ustiga o‘sha mulozim (ismi bizga yaxshi ma’lum) berilishi kerak bo‘lgan to‘lovga oid dastlabki bahoni kamroqqa – 18 mlrd so‘m qilib o‘zgartirgan” deb yozdi sayt.

Kelishuv imzolanmay 18 mlrd so‘m to‘landi

Toshkent shahar hokimi J. Ortiqxo‘jayev 2019 yil, 21 noyabrda Altromarkka tovon sifatida 18 mlrd so‘m ajratish to‘g‘risida qaror chiqaradi. Olib qo‘yilgan yer evaziga yer ajratilmaydi. Boy berilgan foydani qoplash to‘g‘risida ham hech narsa deyilmagan.

Ortiqxo‘jayevning qarori chiqqan kunning ertasiga Yashnobod tuman hokimi Tillashayxov ham Altromark yuzasidan o‘z qarorini chiqaradi. Qarorda 18 mlrd so‘m to‘lansin, bu haqda Altromark bilan kelishuv tuzilsin, deyilgan.

Biroq Sergey Aleksandrovning aytishicha, hech qanday kelishuv tuzilmagan, pul esa, tushirib berilgan.

Baloga qolgan Hisob va biznes baholash

18 mlrd so‘mni Altromarkka to‘lab berganidan so‘ng ko‘p o‘tmay, hokimlik “ko‘p to‘lab qo‘yganini” tushunib qoladi va Hisob va biznes baholashning yangi bahosi paydo bo‘ladi. Bu gal Altromarkka to‘lanadigan pul 16,678 mlrd. so‘mni tashkil qiladi va Sergey Aleksandrovning aytishicha, hokimlik oradagi farq - 1,34 mlrd. so‘mni Hisob va biznes baholashdan undirmoqchi, bu haqda sud qarori ham mavjud.

Altromarkning shu kundagi ahvoli

Korxona 2018 ning fevralidan buyon ishlamayapti. 150 kishi ishlab kelgan korxonada ish joylari yo‘qotilgan. Zamonaviy texnologiyalar bekor turibdi. Olib qo‘yilgan yer evaziga yer berilmagani uchun yangi mahsulot ishlab chiqarish noma’lum muddatga kechiktirilgan.

Maqolani tayyorlash jarayonida na shahar hokimligi, na Yashnobod tuman hokimligi va na Hisob va biznes baholash telefonlarini birov ko‘tardi.

Altromark muassislari kengashi raisi N. Malyuganing Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga ochiq xatini 2019 ning 16 iyulida, yana o‘sha muallifning Prezident Mirziyoyevga yozgan xatini 2019 ning 22 oktabrida e’lon qilgan nuz.uz sayti har uchala material yuzasidan Toshkent shahar hokimligiga ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlarni jamlab bayramdan so‘ng – 3 sentabrda murojaat qilajagini Ozodlikka bildirdi.

Nuz.uz Altromarkka doir 26 avgustdagi maqolasini mana bunday fikr bilan yakunlagan:

“Altromark MChJ XK bilan bog‘liq voqea jahonning barcha mamlakatlarida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi xodimlaridan mamlakatdagi investitsiyaviy muhitning sog‘lomligi, korrupsiyaga qarshi kurashilayotgani hamda Qonunning ruhiga ham, harfiga ham amal qilinayotganini eshitayotgan chet elliklarga saboqdir”.

XS
SM
MD
LG