O‘zbekistonda umumta’lim maktablarini 14 sentabrdan ochishga hozirlik borayotgan ayni kunlarda Toshkent va viloyatlardagi ayrim o‘qituvchilar sinfxonalarga o‘z hisobidan antiseptika va ko‘chma qo‘l yuvish jihozlari o‘rnatishga majbur bo‘layotganini aytmoqda.
29 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv yiliga tayyorgarlik bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida sinfxonalarni sanitar talablarga muvofiq birlamchi vositalar bilan ta’minlash hokimliklar zimmasiga yuklangan edi.
Ozodlik gaplashgan o‘qituvchilar maktab rahbarlari antiseptika, termometr va ko‘chma qo‘l yuvish jihozlarini o‘z hisobidan sotib olishga majburlayotganini bildirdi.
1 sentabr kuni Xalq ta’limi vazirligi¸ qolaversa murojaat bo‘lgan viloyat va shahar hokimliklaridan bu borada biror izoh olish imkoni bo‘lmadi.
Toshkent viloyati ma’muriy markazi Nurafshon shahridagi 4-maktab o‘qituvchisi Ozodlik bilan suhbatda sinfxonani yangi o‘quv yiliga tayyorlash uchun o‘z hisobidan yarim million so‘m sarflashga majbur bo‘lganini aytadi:
- Prezident hokimlarga buyruq berdi, lekin hammasini o‘zimiz qilyapmiz. 300 ming so‘mga umivalnik qo‘ydik¸ har bir sinfda bo‘lishi kerak ekan. Antiseptikaning yarim litri 20 ming so‘m. Bittasi uch kunga yetadi. U yog‘iga pulini kim to‘laydi, bilmaymiz. Vlajniy salfetkalar ham qilib qo‘ydik. Direktordan so‘rasak, "hokimlikka aytganning foydasi yo‘q, o‘zlaring ilojini qilaverasizlar ekan", dedi. Qilmasak har kuni SESdan kelib tekshiryapti, gap tegadi. Ota-onalardan pul yig‘aylik, desak bunga ruxsat yo‘q, - deydi ishdan haydalish ehtimoli bois shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan nurafshonlik muallim.
Nurafshondagi bu vaziyat¸ Ozodlikka kelayotgan boshqa xabarlarga qaraganda¸ O‘zbekistonning boshqa hududlari va poytaxtida ham kuzatilyapti.
Toshkentning Shayxontohur tumanidagi 192-son maktabda o‘qituvchilarga o‘z hisobidan isitma o‘lchagich - termometr sotib olish buyurilgan.
Bu haqda Ozodlikka ismi oshkor etilmasligini so‘rab xabar qilgan maktab o‘qituvchisi buning jiddiy e’tirozga sabab bo‘layotganini bildirdi.
- Maktabimizda sinf rahbarlarining har biriga o‘z hisobidan isitma o‘lchagich, bolaning peshonasiga qaratsa tana haroratini o‘lchaydigan pistoletli termometr sotib olish aytildi. Bundan tashqari antiseptik vositalari ham majburiy deb yuklatildi. Majlisda maktab rahbarimiz yuqoridan shunday buyruq bo‘ldi, deb aytdi. Bunga o‘qituvchilar norozilik bildirishyapti. Bu termometr 450 ming so‘m turarkan. Hozirgi sharoitda bizlarga og‘irlik qiladi.
Andijon, Farg‘ona va Jizzax viloyatlaridagi ayrim maktablarda ham sinfxonalarni sanitariya vositalari bilan ta’minlash o‘qituvchilar va ota-onalar hisobidan qilinmoqda.
Andijon viloyati, Izboskan tumanidagi maktablardan birining direktori tuman hokimligidan yordam bo‘lmayotgani sabab har bir maktab o‘z imkoniyatidan kelib chiqib yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.
- Har bir bolaning sog‘ligi birinchi navbatda muhim. Shuning uchun yuqoridan talab qo‘yilyapti, biz shu talablarni bajarishimiz kerak. Har bir sinfda sanitariya nuqtalari bo‘lsin, sinfda o‘quvchilar soni 15 tadan oshmasin, oshsa ikkinchi smenani ochinglar, deyilyapti. Bu katta xarajat talab etadi. Hozir hammasini o‘z hisobimizdan, mahalladagi homiylar hisobidan qilyapmiz. Lekin, oldimizda mashaqqatli o‘quv yili turibdi va har doim homiylardan yordam so‘rolmaymiz, - dedi maktab direktori.
29 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv yiliga tayyorgarlik bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlariga maktablarni sanitar talablarga muvofiq, birlamchi vositalar bilan to‘liq ta’minlash vazifasi qo‘yilgan edi.
Sanitariya xizmati markazlariga esa 5 sentabrga qadar o‘z hududidagi maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorlik holatini o‘rganish topshirilgan edi.
25 avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktablarga issiq o‘lchaydigan uskuna - pirometr va antiseptik vositalar markazlashgan holatda berilishini aytgan edi.
Prezident tomonidan hokimlar zimmasiga yuklangan ta’minot ishlarining o‘qituvchi zimmasiga yuklangani haqidagi xabarlarga hokimliklar va Xalq ta’limi vazirligidan izoh olish imkoni bo‘lmadi.
O‘zbekiston Mustaqillik kuni rasman bayram qilinayotgani munosabati bilan telefon raqamlariga kun davomida hech kim javob bermadi¸ Telegram orqali yuborilgan savollar ham javobsiz qoldi.
Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mulozimi sinfxonalarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash o‘qituvchilar hisobidan qilinayotgani haqida ma’lumotga ega emasligini aytdi.
- Agar shunaqa xolat bo‘layotgan bo‘lsa o‘qituvchilar bizga aytishsin, o‘rganib chiqamiz. O‘qituvchilar antiseptikani o‘z hisobidan olishsin, degan ko‘rsama bizdan berilmagan, - dedi boshqarma mulozimi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda pandemiya sharoitida ta’lim muassasalarida 2020-2021 o‘quv yilini tashkil etishda amalga oshiriladigan tadbirlar to‘g‘risida qo‘shma qaror loyihasini ishlab chiqqan.
Vazirlikning bildirishicha, qaror BMTning bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) tavsiyalari asosida yaratilgan.
Qarorda maktab rahbarlariga qo‘llarni muntazam ravishda yuvish jadvalini tuzish, qo‘l yuvish joylarini hozirlash hamda ularni sovun va suv, shuningdek, ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi vazifalar yuklandi.
Bundan tashqari maktab tasarrufidagi o‘quv va maishiy binolarga kirib-chiqishda dezinfeksiya vositalarini joylashtirish, sinfxonalar sharoitini o‘quvchilar orasida masofa saqlanishiga moslab qayta ko‘rib chiqish, maktablarda “ertalabki filtrlar” va “izolyatsiya” xonalari tashkil etish ham nazarda tutildi.
Avgust oyining o‘rtalarida YuNISEF O‘zbekiston hukumatini maktablarni qayta ochilishidan oldin suv bilan ta’minlash, sanitariya va gigiyena sharoitlarini yaxshilashga chaqirgan edi.
Tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rasmiy saytida e’lon qilingan hisobotda ta’kidlanishicha, mamlakatdagi maktablarning 13 foizida o‘quvchilar qo‘llarini sovun va suv bilan yuvish uchun zarur sharoitga ega bo‘lmagan.