Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:23

10 dan ortiq so‘xlik tuman IIBga so‘roqqa chaqirildi, kamida 2 nafariga kuch qo‘llangani iddao qilinmoqda


To‘laligicha Qirg‘iziston ichida joylashgan So‘x tumanida 80 mingdan ortiq aholi yashaydi.
To‘laligicha Qirg‘iziston ichida joylashgan So‘x tumanida 80 mingdan ortiq aholi yashaydi.

5 – 6 sentabr kunlari So‘x tumanining Novobod mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydigan 10 dan ortiq yigit tuman IIBga chaqirilib, so‘roq qilindi.

Yaqinlari va tanishlarining iddao qilishicha, chaqirtirilgan so‘xliklardan shu yilning 31 mayidagi chegarada bo‘lgan nizoda ishtirok etgan boshqa tumandoshlariga qarshi ko‘rsatma berish talab qilingan, kamida ikki nafariga nisbatan kuch qo‘llangan.

So‘x tumani mahalliy hokimiyat organlaridan biri mulozimining tasdiqlashicha, tuman markazidagi bu mahalla aholisi bilan shanba-yakshanba kunlari profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan, ammo ularga nisbatan kuch qo‘llanmagan.

So‘x tuman ichki ishlar bo‘limi (IIB) ham kuch qo‘llanganiga oid iddaoni qat’iyan rad etdi, ammo qo‘shimcha ma’lumot bermadi. Farg‘ona viloyati hokimining matbuot kotibi Muhammadjon Obidov ham qiynoq iddaolarini qat’iyan rad etdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati esa 31 may kungi hodisa bo‘yicha tergov borayotganini eslatib, hozircha boshqa ma’lumot berilmasligini bildirdi.

5 – 6 sentabr kunlari tuman markazidagi Novobod mahallasida yashaydigan 10 dan ortiq yigit tuman IIBga chaqirilgani to‘g‘risidagi ma’lumotni Ozodlik So‘x tumanida istiqomat qiladigan 33 yashar yigitdan oldi.

Bu so‘xlikning da’vo qilishicha, IIBga chaqirilganlardan, shu yilning 31 mayida Qirg‘iziston bilan chegara hududidagi “Chashma” bulog‘i ustidan chiqqan nizo haqida ko‘rsatma berish talab qilingan va so‘roq davomida kamida ikki nafari kaltaklangan.

Shu yilning 31 may kuni Farg‘ona viloyat, So‘x tuman, Chashma qishlog‘ining Qirg‘izistonning Botken viloyat, Kadamjay tuman, Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan Chashma bulog‘i bo‘yida ikki davlat fuqarolari o‘rtasida ommaviy janjal sodir bo‘lgandi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, janjalda ikki tarafdan mingdan oshiq odam, guvohlarga ko‘ra esa 4 mingga yaqin odam qatnashgan, tomonlar bir-birini toshbo‘ron qilgan, bir necha uyga o‘t qo‘yilgandi.

8 sentabr kuni Ozodlikka ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan so‘xlik, o‘tgan hafta oxirida tuman IIB ga chaqirilganlardan biri - 29 yashar novobodlikning qo‘shnisi ekanini aytdi.

Uning da’vo qilishicha, dushanba kuni qo‘shnisini jarohatdan bir oyog‘ini yerga bosolmaydigan ahvolda ko‘rgan.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu so‘xlikning aytishicha, qo‘shnisi shanba – 5 sentabr kuni tuman IIBning yerto‘lasida kaltaklanganini aytgan.

“Uchastkovoy melisa telefon qilib, bir ish bor sizga, deb chaqirgan. Bir do‘sti bilan borganida, uni ichkariga olib kirib ketgan. U yerda yana 10-15 ta novobodlik bolalar bo‘lgan. Tergovchilar urush bo‘lgan kuni bolnitsaning oldida janjalda videoga tushgansan, kimlarga tosh otding, deb so‘roq qilgan. Bu bola yo‘q men tosh otmadim, desa yerto‘laga olib tushib, urishgan”, deb da’vo qildi Ozodlik suhbatlashgan so‘xlik.

Ozodlik so‘roqqa chaqirilgan 29 yashar yigitning shaxsi va manziliga oid ma’lumotlarni oldi, bu yigitning o‘zi bilan ham bog‘landi, ammo u Ozodlikka ma’lumot berishdan qat’iyan bosh tortdi.

So‘x tumani markazida yashaydigan 45 yashar usta ham Ozodlikka shanba-yakshanba kunlari, “Novobod” mahallasida yashaydigan 10 dan ortiq yigit tuman IIBga chaqirilganini aytdi.

U ham bir necha yigit kaltaklanganini da’vo qildi:

“So‘roqqa chaqirilgan bolalarning hammasi 31 may kuni tuman kasalxonasi yonida bo‘lgan janjalda videoga tushib qolgan bolalar. Telefon qilishib, chaqirib, janjalda bo‘lgan boshqa yigitlarga qarshi ko‘rsatma berasizlar, deyishibdi. Bitta novobodlik 28 yashar bola o‘sha yerda hushidan ketib qolibdi. Lekin, so‘xliklar juda qo‘rqib qolgan, juda. Birovga bir dona ortiqcha gap gapirishga qo‘rqyapti”, dedi shaxsini oshkor qilmasligimizni so‘ragan so‘xlik Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

So‘x tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘ini vakillaridan biri 5-6 sentabr kuni mahalladagi yigitlar tuman IIBga chaqirtirilganini tasdiqladi.

Uning ta’kidlashcha, hozirda So‘x tumani IIB, Farg‘ona viloyati prokuraturasi so‘rovi bilan, shu yilning 31 mayida chegaradagi nizoga aralashgani aniqlangan yigitlarni chaqirib, profilaktika ishlarini olib bormoqda:

"Novobod mahallasi So‘xning markazida. O‘sha 31 may kuni oqshom markazdayam janjal bo‘lgan. Endi o‘sha janjalda baqir-chaqir qilib, yarim tungacha yurgan markazda yashaydigan yosh-yosh yigitlar. O‘shanda videoga tushib qolgan bolalarning shaxsi aniqlandi hozirga kelib. O‘shalar boshqa bunaqa janjallarga qatnashmasligi uchun profilaktika maqsadida suhbatga chaqirilyapti, xolos. Unaqa kaltaklash, ularga kuch qo‘llash haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, deya qiynoq iddaolarni rad qildi mahalliy boshqaruv organi vakili.

Tuman IIBning Ozodlik telefon qo‘ng‘irog‘iga javob bergan vakili, 5-6 sentabr kunlari profilaktika suhbatlari o‘tkazilgani haqidagi ma’lumotni na tasdiqladi va na inkor qildi, ammo kuch qo‘llanganiga oid iddaolarini rad qildi.

Bu vakil 31 may kungi hodisa va bu boradagi tergov surishtiruviga oid ma’lumotlarni tuman IIB rahbari Qosimjon Rahimberdiyevdan olish mumkinligini aytdi. Ammo, Q. Rahimberdiyevdan ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi - u telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Ozodlik Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasiga ham bog‘landi, Boshqarmaning o‘zini tanishtirmagan xodimi Chashma bulog‘i ustida chiqqan intsident bilan Farg‘ona viloyat prokuraturasi shug‘ullanayotgani, bu ish doirasida so‘roqqa chaqirilayotganlaru, ularga nisbatan kuch qo‘llanganiga oid iddaolar masalasida ham faqat prokuraturadan javob olish mumkinligini bildirdi.

Ozodlik Farg‘ona viloyati prokuraturasidan bu boradagi savollariga yana javob ololmadi.

Farg‘ona viloyati hokimining matbuot kotibi Muhammadjon Obidov esa Ozodlik so‘rovidan so‘ng, bu masalada So‘x tumani hokimi va IIB rahbari bilan gaplashgani va ular kuch qo‘llangani oid iddaolarni to‘liq rad qilganini aytdi:

“So‘x tumani katta rayon emas, IIB ham juda katta binoda emas, yerto‘lasi ham yo‘q. Binodagi tergov xonalariga videokamera o‘rnatilgan va 24 soat davomida videoga yozilib turibdi. 31 may kungi voqealarga daxldorlikda gumon qilinayotganlar va voqea guvohlari tuman IIB chaqirilib, ulardan tushuntirish xatlari olinyapti, guvohlik ko‘rsatmalari olinyapti. Bu narsalar hammasi qonun doirasida amalga oshirilyapti. Shuning uchun, podvaliga olib tushib urishdi, degan iddao mutlaqo haqiqatga mos emas”, dedi M. Obidov.

Shuningdek, Ozodlik savollariga Telegram tarmog‘i orqali javob bergan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov, 31 may kuni chegarada bo‘lgan hodisa bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari davom etayotganini eslatdi va 30 avgust kuni berilgan bayonotni yo‘lladi. Matbuot kotibi, hozircha qo‘shimcha tafsilotlar berilmasligini bildirdi.

Xususan, So‘x tumanidagi Novobod mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydigan 10 dan ortiq so‘xlikdan bir nechasiga tuman IIB yerto‘lasida kuch qo‘llanganiga oid iddaolar inobatga olinadimi va bu iddaolar yuzasidan keyinchalik qo‘shimcha ma’lumot beriladimi – bu savollar Bosh prokuratura tomonidan hozircha ochiq qoldirildi.

Shu yilning 31 may kuni Farg‘ona viloyat, So‘x tuman, Chashma qishlog‘ining qo‘shni Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan Chashma bulog‘i bo‘yida ikki davlat fuqarolari o‘rtasida ommaviy janjal sodir bo‘lgan.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, janjalda ikki tarafdan mingdan oshiq odam, guvohlarga ko‘ra esa 4 mingga yaqin odam qatnashgan, tomonlar bir-birini toshbo‘ron qilgan, bir necha uyga o‘t qo‘yilgan.

O‘zbekiston tomoni bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, So‘x tumani shifoxonasiga o‘q yegan va jarohatlangan 187 o‘zbekistonlik keltirilgan, bularning 3 nafari ov miltig‘idan yaralangan.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra esa, jami 25 qirg‘izistonlik jarohatlangan, ulardan 4 nafari og‘ir jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Ana shu voqelardan 3 oy o‘tib, 22 avgust kunidan chegaradagi intsidentga aloqadorlikda gumon qilinganlarni hibsga olish harakatlari boshlandi.

25 avgustga kuni Bosh prokuratura, sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan, shu yilning 1 iyunida (chegarada nizo bo‘lgan kunning ertasiga – tahr.) Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, 3 oylik tergovdan so‘ng 6 shaxsga nisbatan JKning 219 va 244-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, ularga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Xususan, fuqaro Xaydarjon Boboxaydarov (bloger) jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, JPKning 226-moddasi tartibida ushlangan va 2 sentabr kuni qo‘yib yuborilgan.

So‘xliklar va bu tumandagi vaziyatni kuzatayotgan huquq faollaridan kelgan norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra esa, 6 kishi hibsda qolmoqda, yana 2 kishi 10 kunlik hibsdan so‘ng ozod qilingan, yana o‘ndan ortiq odam tuman IIB yoki Farg‘ona viloyati prokuraturasiga so‘roqqa qatnamoqda.

Hisbga olinganlar va jinoyat ishi doirasida tergovga tortilganlarning yaqinlari, qo‘lga olinish chog‘ida so‘xliklarga kuch qo‘llangani, xususan, boshiga qora qop kiydirilganini da’vo qilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG