Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:03

YeI tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrel: YeI Lukashenkoni tan olmaydi


Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko

Yevropa Ittifoqi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni mamlakatning legitim prezidenti, deb tan olmaydi. Bu haqda 15 sentabr kuni YeI tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrel bildirdi.

Borrel Yevropa parlamenti oldida qilgan chiqishida Belarusda 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylov firibgarlikka asoslangan, deb bayonot berdi.

Saylovda Belarusni 26 yildan beri boshqarib kelayotgan avtoritar yetakchi Lukashenko 80 foiz ovoz to‘plab, g‘olib chiqqani e’lon qilingan.

Svetlana Tixanovskaya yetakchiligidagi Belarus muxolifati Lukashenkoni saylov natijalarini soxtalashtirishda ayblamoqda.

Saylov natijalari e’lon qilinganidan beri mamlakatda norozilik namoyishlari tinchimayapti.

Belarus rasmiylari tinch namoyishlarda qatnashgan minglab kishini hibsga oldi, muxolifatning deyarli barcha yetakchilarini mamlakatni tark etishga majburladi yoki qo‘lga oldi.

Mamlakat rasmiylarining bu harakatlarini YeI va AQSh qoralab keladi.

«Vaziyatni tushunib turibmiz. 9 avgust kuni o‘tkazilgan saylovni qalbaki deb hisoblaymiz», dedi Borrel.

«Biz Lukashenkoni Belarusning legitim prezidenti o‘laroq tan olmaymiz», deya qo‘shimcha qildi YeI diplomati.

Borrel bugunga qadar mamlakatda 7 500 dan oshiq namoyishchi qo‘lga olinganini, 500 dan ortiq qiynoqqa tutish holati qayd etilganini ta’kidladi.

27 mamlakatni birlashtiruvchi YeI saylov natijalari soxtalashtirilishiga hamda tinch namoyishchilarga qarshi ko‘rilgan keskin choralarga aloqador shaxslarga qarshi sanksiya joriy qilishni rejalashtirmoqda.

Ammo YeI diplomatlari Belarusga qarshi sanksiyalarga Kipr to‘sqinlik qilayotganini ma’lum qilishdi. Kipr Belarusga sanksiya joriy qilishdan oldin O‘rta yer dengizida tabiiy gaz qazib olish masalasida Turkiya bilan kelib chiqqan kelishmovchilikni hal qilishni talab qilmoqda.

Borrel a’zo mamlakatlarni keyingi haftada Bryussel shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitgacha Belarus rasmiylariga qarshi sanksiyalarni ma’qullashga chorladi.

XS
SM
MD
LG