Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:34

Chilonzorlik bolani kaltaklab, qamagan IIV xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi boshlandi


IIB xodimi Diyor Boltayev
IIB xodimi Diyor Boltayev

Toshkent shahar, Chilonzor tuman IIB 22 -sentabr kuni tuman IIB xodimi Diyor Boltayevning voyaga yetmagan bolani kaltaklab, xususiy avtomashinasiga o‘zboshimcha qamagani holati yuzasidan xizmat tekshiruvini boshladi.

Bu haqda o‘zini Chilonzor 2-IIB boshlig‘i, podpolkovnik Dilshod Azimovning yordamchisi deb tanishtirgan zobit Ozodlikka ma’lum qildi.

O‘zbekiston Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili¸ bolalar ombudsmeni Aliya Yunusova Ozodlik muxbiri bilan 22 - sentabr kungi suhbatda IIV xodimi kaltaklagan bola masalasi “jiddiy nazoratga olinganligini” bildirdi.

Nima bo‘lgan edi?

Ozodlik voqea guvohi bo‘lgan bloger va faollar bilan suhbat asnosida hodisaga aniqlik kiritdi.

Toshkentlik blogerning Ozodlikka aytishicha¸ 19 - sentabr oqshomida Chilonzor 6 mavzesida "qattiq dodlayotgan" bolaning ovozi eshitiladi.

Voqeaga yaqin joyda bo‘lgan ikki bloger IIVga qo‘ng‘iroq qilish bilan birga, butun jarayonni videotasvirga oladi.

Videotasvirda bolani sudrab, Buxoro viloyatiga oid davlat raqamidagi Matiz avtomashinasiga qamab qo‘ygani aks etgan.

Bola “meni qutqaringlar” deya rus tilida faryod qiladi.

Voqea joyiga kelgan bloger ayolning xushmuoamala bilan mashina ichidagi bolani oynadan tinchlantirishga urinayotgani videoda aks etgan.

Bolani o‘z xususiy mashinasiga qamagan IIB xodimi blogerlarga xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, “men uchastkovoyman. Bu bola kechasi nima qilib yuribdi?” deydi.

Guvohnomada IIB xodimining ism-sharifi "Boltayev Diyor Ixtiyorovich" deb yozilgani ko‘rinadi.

Shundan keyin IIB xodimi o‘z mashinasiga o‘tirib, voqea joyini tark qiladi. Oxirgi daqiqada bloger ayol IIB xodimi mashinasi old eshigini ochib o‘tirib oladi. Mashina ortidan ikkinchi bloger yo‘lga tushadi.

Videoda Chilonzor 2 - IIB binosi ko‘rinadi. Blogerlar bolaning onasi Irina Klimenkoga qo‘ng‘iroq qilishadi. Biroz vaqt o‘tib, videotasvirda bolasini qutqarishga kelgan ona ko‘rinadi. U o‘z o‘g‘li 2007 - yilda tug‘ilgan Vladislav Avtonomovni bag‘riga bosib “kim seni urdi?” deb so‘raydi. Bola IIB xodimi Diyor Boltayevni ko‘rsatib¸ "shu kishi oyog‘imga va yuzimga urib, mashinasiga qamab qo‘ydi” deya shikoyat qiladi. Videoda ko‘ringan Diyor Boltayev “men urmadim” deya o‘zini oqlashga urinadi. Shundan keyin bolaning onasi va ikki nafar bloger IIB binosiga shikoyat qilish uchun kirishadi. Videokadrda ko‘ringan navbatchi zobit namoyishkorona darcha eshigini yopib qo‘yadi.

Kaltaklangan bola hikoyasi

Youtube tarmog‘iga 21 sentabr kuni yuklangan va bir kun ichida 30 mingga yaqin odam ko‘rgan videoda 13 yashar Vladislavning ham hikoyasi bor. Hikoyada bola “axlat tashab qaytayotganida IIB xodimi tarafidan ta’qib qilinganini” aytadi.

“Men musorka tarafidan kelayotgan edim. U meni ortimdan mashinada kelib, nima qilyapsan, deganga o‘xshash gap aytdi. Men qo‘rqib ketganimdan nima deyishni bilmadim. Qo‘rqib, podyezdimga kirib, bu mening uyim, dedim. U bo‘lsa, mashinadan tushib, menga tashlanib, yerga yiqitib sudradi. U meni mashinasiga tiqmoqchi edi, men xohlamadim. U oyoqlarimga tepdi. "Baqirma" deb yuzimga ura boshladi. Keyin bo‘ynimni qayirib, mashinasiga tiqib, qamab qo‘ydi”.

Ozodlik muxbiri videoga olgan bloger bilan suhbatlashdi. Ismi efirda oshkor qilinmasligini so‘ragan bloger o‘zi suratga olgan videolavhalar Chilonzor tuman IIB rahbariyati tarafidan o‘rganilayotganini bildirdi.

Ombudsmen tashvishda

O‘zbekiston Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili¸ bolalar ombudsmeni Aliya Yunusova Ozodlik muxbiri bilan 22 - sentabr kungi suhbatda “mavzu yuzasidan Toshkent shahar IIB boshlig‘i Aziz Toshpo‘latovning ko‘rsatmasi olinganligini”bildirdi:

“IIB xodimi tarafidan bolaning kaltaklanishi mumkin bo‘lmagan va o‘ta tashvishli holat. Ertalabdan nazoratga oldik. Toshkent shahar IIB boshlig‘i Aziz Toshpo‘latov bizga bu masalada axborot berdi. Uning ishontirishicha, bu qilmishni sodir qilganlar qattiq jazolanadi.”

Huquqshunos nima deydi?

O‘zbekistonlik huquqshunos Dilfuza Yusupova Ozodlik iltimosiga binoan, videorolikni ko‘rib chiqib, bir emas, bir qancha qonunbuzarlik yuz berganini aytdi.

“Birinchidan, IIB xodimi voyaga yetmagan bolani hech bir asossiz xususiy mashinasiga qamadi. Bu juda yanglish harakat. Ikkinchidan, voyaga etmagan bolani kaltaklash. Uchinchi savol - Buxoroda qayd qilingan xususiy avtomashinadan Toshkentda avtozak (qamoq-mashina) sifatida o‘zboshimcha foydalanish. Yana bir ko‘zimga tashlangan narsa, bu - bolani himoya qilishga kelgan blogerlarga tahdid qilish. Qonunbuzarliklarning kattagina buketi bu. Buni IIBning o‘z xizmat xavfsizligi emas, balki prokuratura tekshirishi kerak”, dedi huquqshunos.

XS
SM
MD
LG