Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:35

Jizzaxda byudjet xodimlari va tadbirkorlar paxta terimiga majburlanmoqda


Ozodlikka mamlakatning turli hududlaridan majburiy mehnatga oid shikoyatlar kelishi to‘xtamayapti. (Illyustrativ surat)
Ozodlikka mamlakatning turli hududlaridan majburiy mehnatga oid shikoyatlar kelishi to‘xtamayapti. (Illyustrativ surat)

Prezident Mirziyoyev BMT minbaridan mamlakatda majburiy mehnat tugatilganini e’lon qilganidan bir kun o‘tib, Jizzax viloyatidagi tashkilotlarning 1030 nafar xodimi paxta terimiga chiqarildi.

24 - sentabr kuni Ozodlikka bog‘langan jizzaxlik ishchilarning iddaosiga ko‘ra, ular Arnasoy tumanidagi paxta dalasiga majburan jo‘natilgan.

Jizzaxlik tadbirkorlar esa, paxtaga odam yollash uchun 2 million so‘mdan talab qilinayotganidan shikoyat qilishdi.

Ishchi-xodimlar paxtaga majburlanmoqda

23 - sentabr kuni Jizzaxdagi tashkilotlar ishchilarini paxtaga yotog‘i bilan jo‘natish boshlandi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan Jizzaxdagi tashkilotlardan birining xodimiga ko‘ra, ulardan paxta terimiga borish talab qilinmoqda.

“Majburlash bo‘lyapti. Har bir tashkilot xodim soniga qarab, terimchi yollashi belgilangan. Xodim o‘zi chiqadi yoki o‘rniga hasharchi chiqarishi aytildi”, dedi xavfsizlik sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan jizzaxlik.

U Jizzax viloyat hokimligi kotibiyatining paxtaga terimchi chiqarish borasida Telegram orqali tashkilotlar boshliqlariga jo‘natgan xabarining skrinshotini Ozodlikka jo‘natdi. Biroq manba iltimosiga ko‘ra, ushbu skrinshot e’lon qilinmayapti.

Unda jumladan, shunday deyilgan:

“Hozir birinchi masala pahta masalasi. Viloyat hokimi qattiq topshiriq berdi ertaga hammani odami Arnasoy tumaniga borgan bulish kk. Bilaman oson ish emas, lekin bajarish kerak” (orfografiya saqlandi - tahr.)

Ozodlik qo‘lga kiritgan hujjatda Arnasoy tumaniga terimchi jo‘natishi lozim bo‘lgan 5 ta tashkilotning ro‘yxati bor.

Hujjatga ko‘ra, 5ta tashkilot jami 66 nafar terimchi jo‘natishi lozim:

Jizzax viloyat xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish boshqarmasi - 21 terimchi;

Jizzax viloyati investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi - 20 terimchi;

Jizzax viloyati davlat mulkini ijaraga berish markazi - 10 terimchi;

Jizzax monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi - 10 terimchi;

Jizzax kapital bozorini rivojlantirish boshqarmasi - 5 terimchi;

24 - sentabr kuni Ozodlik ro‘yxatdagi tashkilotlar bilan telefon orqali bog‘langanida, ularning barchasi Arnasoyga terimchi jo‘natganini tasdiqladi.

Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mulozimiga ko‘ra, terimga chiqishga biriktirilgan odamlar bor.

"Navbati bilan chiqishadi. Kecha bir qismi Arnasoyga ketdi. Bugun kechgacha talab qilingan 21 nafar terimchining hammasi Arnasoyda bo‘ladi”, - dedi mulozim.

Arnasoyga jo‘natilgan 5ta tashkilotning otryad rahbari - Jizzax viloyati investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshliq o‘rinbosari Sunnat Mirzaqobilov Ozodlik bog‘langan payti kasalxonaga kelgani va terimchilar bilan bog‘liq ma’lumotlar yodida emasligini aytish bilan cheklandi.

Ozodlikda Mirzaqobilovning tashkilotlar boshliqlari bilan Telegram yozishmasi skrinshoti bor.

“Ertaga 24 - sentabr kuni viloyat hokimi Arnasoyda shtab qiladi soat 22.00da. Masala bitta terim. Bugun hamma uz terimchilarini Arnasoyga joylashtirish kerak va ertaga terim buyicha shahsan rahbar hisobot beradi” (orfografiya saqlandi - tahr.) deyiladi Mirzaqobilovning 23 - sentabr kuni tashkilotlar boshliqlariga jo‘natgan xabarida.

Ozodlik 24 sentabrda Arnasoydagi paxta shtabi bilan bog‘landi. Shtab xodimiga ko‘ra, viloyatning turli tashkilotlaridan Arnasoyga jami 3000 terimchi kelishi rejalangan.

“Hozircha 1030 nafari keldi. Qolganlari ham kelib qolishi kerak. Ular fermerlarning uylariga, dala shiyponlariga joylashtirilmoqda”, - dedi ismi ochiqlanishini istamagan mulozim.

Tadbirkorlarga 2 million so‘mlik "paxta solig‘i"

Ayni paytda jizzaxlik tadbirkorlar paxtaga odam yollash uchun 2 million so‘mdan talab qilinayotganidan norozi bo‘lib, Ozodlikka shikoyat qilishdi.

"22 - sentabr kuni tush payti Jizzax shahridagi Qo‘shchinor (Chuqur) bozorida soliq va hokimiyat hodimlari ishtirokida paxta bo‘yicha yig‘ilish qildi. Har bir tadbirkorga “Paxtaga o‘zing chiq yoki odam boshiga 2 million so‘mdan ber”, deyishdi. Biz do‘konda 2 kishi ishlaymiz, endi 4 million so‘m berishga majburmiz”, - dedi anonim qolish istagini bildirgan jizzaxlik tadbirkor.

Ozodlik bozor ma’muriyati bilan bog‘lanish imkoniga ega bo‘lmadi.

Hokimlik: Jizzaxda majburiy mehnat yo‘q!

Jizzax viloyat hokimligining Ozodlik 24 - sentabr kuni bog‘langan mulozimi viloyatda hech kim paxta terimiga majburlanmayotganini ta’kidladi.

“Hamma o‘z xohishi bilan chiqyapti. Hech kimni majburlab dalaga haydamayapmiz. Jizzaxda umuman majburiy mehnat yo‘q. Bu haqda hokimlik saytimizda batafsil ma’lumot berilgan. Sizga boshqa narsa ayta olmayman. O‘sha maqolani o‘qing”, - dedi mulozim.

Hokimlik saytida 24 - sentabr kuni “Jizzaxda paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydi” sarlavhali maqola e’lon qilingan.

Maqolada aytilishicha, “Jizzax viloyatida joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish yuzasidan nazoratni ta’minlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhi faoliyat boshlagan”.

Joriy yilning 8 - sentabr kuni bu yilgi paxta mavsumida ta’lim, sog‘liqni saqlash tashkilotlari va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlari, o‘quvchilar hamda talabalarni paxta terimiga jalb qilinmasligi e’lon qilindi. Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori bilan hokimliklar bunga mas’ul qilib tayinlandi.

Ayni paytda Ozodlikka paxta mavsumi boshlanganidan buyon mamlakatning turli viloyatlaridan majburiy mehnatga oid shikoyatlar kelishi to‘xtamayapti.

Jumladan, 15 - sentabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi va bank xodimlari ham paxta terimiga majburan yuborilgani xabar qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoev 23 - sentabr kuni BMT Bosh assamleyasi 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatda bolalar mehnati va majburiy mehnat to‘liq barham berilganini ta’kidladi.

Joriy yildagi paxta terimi bilan bog‘liq manzarani Ozodlikning PaxtaGram sahifasi orqali kuzatishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG