Bosh vazir o‘rinbosari Abduhakimov ishga velosipedda bordi. Adliya vaziri O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasidagi korrupsion mojaroni yodga oldi. Advokat prokurorni aybsizlik prezumpsiyasini buzishda aybladi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
Ishga velosipedda borgan bosh vazir o‘rinbosari velosiped yo‘laklarini ko‘paytirishga va’da berdi
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 22 - sentabr – xalqaro avtomobilsiz kun munosabati bilan ishga velosipedda bordi (www.kun.uz, 22 - sentabr).
Ushbu sanada dunyoning yirik shaharlarida piyoda va velosipedda harakatlanishga targ‘ib qiluvchi aksiyalar tashkil etiladi.
“Bugun ishga odatdagidan vaqtliroq yo‘lga chiqib, velosipedda bordim. Bu kishi kayfiyatiga katta ijobiy ta’sir qiladi” , - degan A.Abduhakimov.
Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yangi darajaga chiqishi haqida aytib o‘tgan.
“Albatta, bitta kamchilik yaqqol ko‘rinyapti: shahrimizning ko‘p joylarida hali velosiped yo‘laklari yo‘q. Ayni paytda maxsus ishchi guruh bu masalani ham qamrab olgan qaror loyihasini tayyorlayapti. Unga asosan, nafaqat Toshkent shahrida, balki butun respublikamizdagi yirik aholi punktlarida velosiped yo‘laklari, piyoda yurish va yugurish marshrutlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, stritboll (ko‘cha basketboli), street workout (mashg‘ulot maydonlari), mini futbol, badminton kabilarni butun respublikamiz bo‘yicha ommalashtirish, kerakli infrastrukturani yaratish choralari ko‘riladi”, - degan A.Abduhakimov.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirda Vazirlar Mahkamasida bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida ishchi guruh tashkil etilib, mamlakatda ommaviy sport va sog‘lom hayot tarzi targ‘ibotini kuchaytirish, bu yo‘nalishni davlat siyosati darajasiga olib chiqish borasida ishlar olib borilmoqda.
Hukumat a’zosining so‘zlariga ko‘ra, sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha ham qaror loyihasi ishlab chiqilyapti.
“Aholimiz orasida me’yoridan ortiq va betartib ovqatlanish odati keng yoyilgan. Afsuski, bu o‘z urf-odatlarimiz va milliy taomlarimiz bilan ham bog‘liq”, - degan u.
Advokat prokurorni aybsizlik prezumpsiyasini buzishda aybladi
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, oyog‘i yerga tekkizilmay qamoqqa olinishi jamoatchilik o‘rtasida qizg‘in muhokama etilmoqda (www.xabar.uz, 22 - sentabr).
“Eng qizig‘i, ayni jarayonda prokuratura o‘zining tushunarsiz xatti-harakatlari bilan olovga moy sepmoqda. Masalan, bosh shifokor hibsga olingani shov-shuv bo‘layotgan paytda Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimovning veb-saytlarning biriga bergan katta intervyusi shundog‘am tinmayotgan suvni battar loyqalatdi”.- deb yozadi Xabar.uz nashri.
Taniqli advokat Usmonxon Salohiddinov Chirchiq prokurorining qonun qarichiga to‘g‘ri kelmaydigan xatti-harakati yuzasidan keskin bayonot bergan.
“Prokuror janoblari mazkur intervyusida amaldagi jinoyat protsessual qonunchilik talablariga zid ravishda, hali tergovoldi harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov ma’lumotlarini oshkor qilishi o‘z-o‘zidan savol tug‘diradi: jinoyat ishi dastlabki bosqichda ekanini tan olgan prokuror ayblov sudda nafaqat tasdiqlanishi, balki dalillar rad etilishi ham mumkinligini bilmaydimi yoki bilaturib, qonunga zid tarzda bo‘lsa-da jamoat fikrini shakllantirishni, shu orqali sudga ta’sir o‘tkazishni maqsad qilganmi?” -deya savol qo‘yadi advokat.
Prokuror o‘z intervyusida ayblanuvchining bir bemor o‘limiga sabab bo‘lgan hamda 250 mln so‘m byudjet mablag‘ini o‘zlashtirgan jinoyatchi ekani haqida uzil-kesil hukm chiqarib, qonun talablari, aybsizlik prezumpsiyasi tamoyilini buzadi.
Advokatga ko‘ra, G.Yo‘ldoshevga nisbatan qamoqda saqlash turidagi ehtiyot chorasi qo‘llanganini ham yoqlab bo‘lmaydi. Olti farzandning onasi bo‘lgan shifokorga uy qamog‘i ehtiyot chorasi ham qo‘llanishi mumkin edi.
Eslatib o‘tamiz, G. Yo‘ldosheva bir oy muqaddam mahalliy nashrlarga pandemiya sharoitida u boshchilik qilgan kasalxonaga kerakli tibbiy uskunalar ajratilmayotgani, tibbiyot xodimlari mehnati munosib rag‘batlantirilmayotgani haqida so‘zlab bergan edi.
Adliya vaziri: Endi nafaqat jismoniy shaxslar, kompaniyalar ham jinoiy javobgarlikka tortiladi
O‘zbekistonda yuridik shaxslarning jinoiy javobgarligi institutini joriy etish rejalashtirilmoqda (www.gazeta.uz, 22 - sentabr).
Bu haqda adliya vaziri Ruslanbek Davletov ma’lum qilgan. Mamlakatda faqat jismoniy shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin, yuridik shaxslar (kompaniyalar) esa jinoyat subyekti emas va faqat ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
“O‘zbekistonda korporativ javobgarlik rivojlanmay qolgan. Hamma narsa ma’muriy javobgarlik, jinoiy javobgarlik – jismoniy shaxslar uchun. Shaxsga emas, kompaniyaga nisbatan korporativ javobgarlik rivojlanishi kerak. Shunda mas’uliyat bo‘ladi. Hattoki korrupsiya masalalarida ham jinoyat huquqida korporativ jinoiy javobgarlikni rivojlantirish kerak”, - degan R.Davletov.
Vazir bu borada O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasidagi korrupsion mojaroni misol qilib keltirgan.
“Mana, bizda Ucell va boshqa kompaniyalar bilan bo‘lgan ishlarda ko‘rdilaringiz-ku. Amerika nima qildi? Hammasini, kerak bo‘lsa, tizzasiga o‘tqazib qo‘ydi. Kompaniyalar milliardlab (dollar) jarima to‘ladi. Shuning uchun biz intellektual mulk sohasida ham korporativ javobgarlikni rivojlantirishimiz kerak”, - degan vazir.
Eslatib o‘tamiz, bir necha yil muqaddam AQSh regulyatorlari MTS aloqa operatori, Veon va Telia (avval – TeliaSonera, Ucell brendi) kompaniyalariga nisbatan korrupsiya bo‘yicha tergov boshlagan edi.
Amerika hukumatiga ko‘ra, xorij shirkatlari mamlakat telekommunikatsiya bozoriga kirish uchun “O‘zbekiston sobiq prezidentining oilasi bilan bog‘liq” tuzilmalarga pora bergan.
Keyinroq mazkur shirkatlar AQSh va Niderlandiya mas’ul idoralariga katta miqdorda jarima to‘ladi.