Mamlakatning turli hududlaridan Ozodlikka murojaat qilgan tadbirkorlar paxta uchun pul yig‘ish davom etayotganidan shikoyat qilishmoqda.
Tadbirkorlarga ko‘ra, ularga 800 mingdan 2 million so‘mgacha “paxta solig‘i” solingan.
Pul yig‘ilayotganini tasdiqlagan mulozimlar buni "ko‘pga kelgan to‘y", deya izohlaydi.
Savdogarlar uchun "paxta solig‘i"
Namangandagi "Qurilish materiallari bozori" tadbirkorlari paxtaga odam yollash uchun 800 ming so‘mdan pul yig‘ilayotgani haqida Ozodlikka ikkinchi bor xabar yo‘llashdi.
“Namagan shahrida joylashgan ixtisoslashtirilgan qurilish materiallari bozori (Shamshiboy bozori) rahbariyati 20 - sentabrdan boshlab paxta uchun pul yig‘ishni boshladi. Har bir savdogardan 800 ming so‘mdan majburan yig‘ilyapti. Prezidentimizning BMTda paxta terimida majburiylik yo‘qligini aytganidan so‘ng biz bu holat bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildik. Shikoyatimiz SizdanTelegram kanalida ham chiqdi. Biroq hech qanday natija bo‘lmadi”, deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan namanganlik tadbirkor.
Toshkentdagi sobiq “Ippodrom”, hozirgi “Chilonzor buyum savdo kompleksi” tadbirkorlaridan ham ayni mazmundagi shikoyat keldi.
“Do‘konning katta-kichikligiga qarab, 1 milliondan 2 million so‘mgacha pul berish kerak ekan. Pul berishni xohlamaganlar o‘zi paxtaga chiqsin, deyishdi. Bu pulga o‘rnimizga mardikor yollab, paxtaga jo‘natishar emish”, dedi toshkentlik savdogar yigit.
Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan "Chinni bozori" tadbirkorlaridan Ozodlikka kelgan maktubda ham paxta uchun pul yig‘ilayotgani yozilgan:
“Bozor ma’muriyati vakillari paxta mavsumi uchun tadbirkorlardan noqonuniy ravishda 1500000 so‘mdan pul talab qilmoqda. Bozor hududida 400 dan ortiq do‘kon mavjud. Har bir do‘kondan shuncha pul yig‘ilsa, juda katta summa chiqadi. Pul bermagan do‘konlar esa “qora ro‘yxat”ga tushib, soliq inspektorlari tomonidan tekshirilar ekan. OAVda paxta terimi uchun majburiy pul yig‘ish mumkin emasligi aytilmoqda, ammo Chinni bozori ma’muriyati aksincha yo‘l tutmoqda. Tadbirkorlar 6 oy davomida ishsiz uyda o‘tirdi. Endi bozorlarga ruxsat berilib ish boshlanganda bu muammo yetmay turgan edi”.
Jizzaxdagi "Qo‘shchinor bozori" tadbirkorlari ham paxtaga odam yollash uchun 2 million so‘mdan talab qilinayotganidan norozi bo‘lib, 23 - sentabrda Ozodlikka shikoyat qilgandi:
"22 - sentabr kuni tush payti Jizzax shahridagi Qo‘shchinor (Chuqur) bozorida soliq va hokimiyat hodimlari ishtirokida paxta bo‘yicha yig‘ilish qildi. Har bir tadbirkorga “Paxtaga o‘zing chiq yoki odam boshiga 2 million so‘mdan ber”, deyishdi. Biz do‘konda 2 kishi ishlaymiz, endi 4 million so‘m berishga majburmiz”.
1 - oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatlashgan bozor tadbirkorlaridan biri so‘nggi bir hafta ichida bozordagi deyarli barcha tadbirkor paxta uchun talab qilingan pulni yig‘ib berganini aytdi.
Bozor mulozimlaridan biri paxta uchun pul yig‘ish topshirilganini tasdiqladi, biroq buni izohlashni istamadi.
Chinni bozor mulozimi esa, tadbirkorlardan pul yig‘ilganini shunday izohladi:
“Savdogarlar bu pulni bozor rahbariyati cho‘ntagiga olyapti, deb o‘ylayapti. Bizga topshirildi, biz bajardik. Bilamiz, karantin payti savdogarlar ishlamagani uchun qiynalib qolishdi. Lekin ko‘pga kelgan to‘y, kim qiynalmayapti hozir?”.
“Toshbozorsavdo” assotsiatsiyasining Ozodlik bog‘langan mulozimi esa nima uchun bozor tadbirkorlaridan paxta uchun pul yig‘ilayotgani haqidagi savolimizga “Telefonda bunaqa savollarga javob bermayman”, deya go‘shakni qo‘yish bilan cheklandi.
Paxta-2020: Majburiy mehnat yo‘q!?
Joriy yilning 8 - sentabr kuni bu yilgi paxta mavsumida ta’lim, sog‘liqni saqlash tashkilotlari va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlari, o‘quvchilar hamda talabalarni paxta terimiga jalb qilinmasligi e’lon qilindi. Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori bilan hokimliklar bunga mas’ul qilib tayinlandi.
Ayni paytda Ozodlikka paxta mavsumi boshlanganidan buyon mamlakatning turli viloyatlaridan majburiy mehnatga oid shikoyatlar kelishi to‘xtamayapti.
Jumladan, kosonlik inspektor yigit YPX xodimlari ham paxtaga haydalganidan shikoyat qildi:
“O‘zing chiqmasang, o‘rningga odam topgin, deyishdi. Har bir YPX isnpektori 1 nafardan hasharchi topib, o‘rniga yuborishi kerak. Biz oilamizni boqaylikmi, o‘rnimizga qo‘ygan hasharchiga pul beraylikmi? Rosa ezib yuborishdi xodimlarni lekin”.
15 - sentabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi va bank xodimlari ham paxta terimiga majburan yuborilgani xabar qilingan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 - sentabr kuni BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatda bolalar mehnati va majburiy mehnat to‘liq barham berilganini ta’kidladi.
Mirziyoyevning BMT minbaridagi nutqidan bir kun o‘tib, Jizzax viloyatidagi tashkilotlarning xodimlari yoppasiga paxta terimiga chiqarildi.
Joriy yildagi paxta terimi bilan bog‘liq manzarani Ozodlikning PaxtaGram sahifasi orqali kuzatishingiz mumkin.