Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:40

Qirg‘iziston: ovoz o‘g‘irlash, Rossiyaning ta’siri, moliyaviy jinoyat ayblovlari fonida parlament saylovi o‘tmoqda (VIDEO)


Saylov komissiyasi a’zolari saylov qutilarini hozirlamoqda, 2 - oktabr, 2020, Bishkek
Saylov komissiyasi a’zolari saylov qutilarini hozirlamoqda, 2 - oktabr, 2020, Bishkek

Bahsli saylovoldi kampaniyasidan so‘ng, 4 - oktabr kuni qirg‘izistonliklar parlament saylovida ovoz bermoqda.

Bu galgi saylov kompaniyasi ovozlarning o‘g‘irlanishi, Moskvaning o‘zi qo‘llagan siyosiy guruhlarga ta’siriga oid ayblovlar fonida kechdi.

120 o‘rinlik parlament - Jo‘g‘o‘rqu Kenesh uchun 16 ta siyosiy partiya vakillari kurashmoqda.

Bular orasida hukumat tarafdori bo‘lgan "Birimdik" va "Mekenim Qirg‘izistan" partiyalarining g‘alaba qozonishi kutilmoqda. Saylovda muxolif "Ata Meken" va "Respublika" partiyalari ham bor.

Qirg‘iziston MSK ma’lumotlariga ko‘ra, saylovchilar ro‘yxatiga 3,5 millionga yaqin odam kiritilgan. Ular 2 475 saylov uchastkasida ovoz bermoqdalar.

Ovoz berish uchastkalari ertalab soat 8 da ochildi, oqshom soat 8 da yopiladi.

Uchastkalarning 45 tasi xorij davlatida joylashgan.

Saylovni 43 davlat va 33 xalqaro tashkilotdan borgan 270 dan oshiq kuzatuvchi nazorat qilmoqda.

Quyida Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatining saylovlardan hozirlagan jonli dasturini tomosha qilishingiz mumkin:

Qirg‘iziston qonunlariga binoan, Qonunchilik palatasida bir partiya vakillari 65 nafardan ortiqni tashkil qilmasligi lozim.

Boshqa Markaziy Osiyo respublikalarida quyi palatadagi asosiy o‘rinlarni iqtidordagi partiya vakillari egallaydi.

«Demokratiya oroli»

1990 - yillar boshidan beri Qirg‘iziston Markaziy Osiyodagi «demokratiya oroli» o‘laroq ko‘rib kelinadi.

Qirg‘izistondagi saylovlar avtoritar qo‘shnilaridagi saylovlardan keskin farq qiladi.

Avvalgilari kabi, bu galgi saylov ham mojarolar fonida o‘tmoqda.

Saylov kampaniyasi davomida hamda televideniye orqali ko‘rsatilgan debatlarda prezident Sooronbay Jeenbekov va mamlakat hukumati vakillari nomiga keskin tanqidlar yangradi.

Kichikroq partiyalar, Jeenbekovga sodiq ekani aytiladigan «Birimdik» partiyasini o‘z nomzodlarini targ‘ib qilish uchun administrativ resurslardan foydalanishda aybladi. Partiya nomzodlari orasida prezidentning ukasi Asilbek Jeenbekov hamda joriy parlamentning bir necha a’zosi bor.

«Mekenim Qirg‘izistan» partiyasining esa badavlat Matraimovlar oilasiga aloqadorligi aytilmoqda. Matraimovlar sulolasining eng yirik vakili Qirg‘iziston bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Raimbek Matraimovdir.

O‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida, yirik miqdorda pul yuvishi haqidagi iddaolar bilan, Matraimovga qarshi norozilik aksiyalari bo‘lgan.

Shuningdek, saylov kampaniyasi davomida «Birimdik» partiyasi raisi Marat Amanqulovdan ham norozi bo‘lganlar aktsiyalar o‘tkazdi.

Qirg‘iziston Rossiyaga «qaytish» haqida o‘ylab ko‘rishi kerak, mazmunidagi bayonoti qayd etilgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi ortidan, unga nisbatan jiddiy e’tiroz uyg‘ongandi.

Tarmoqda keng ulashilgan videoda Amanqulov, Moskva yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi pirovardida bir mamlakatga aylanishi kerakligini ta’kidlagan.

27 - sentabr kuni yuzlab odam Bishkekda norozilik namoyishiga chiqib, rasmiylardan Amanqulov va uning partiyasini saylovdan chetlatishni talab qildi. Siyosatchining o‘zi esa aytgan gaplari kontekstdan yulib olinganini ta’kidladi.

Bishkekda bo‘lib o‘tgan norozilik aksiyasidan bir kun oldin prezident Jeenbekov Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Sochi shahrida uchrashdi.

Uchrashuvda Jeenbekov turli «kuchlar» ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar hamda strategik hamkorlikni izdan chiqarishga urinyapti, deb ta’kidladi.

«Biz ular muvaffaqiyatga erishishiga yo‘l qo‘ymaymiz, chunki Rossiya qo‘llovi biz uchun asosiy jihat, bu juda muhim», - dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Muhojirlar

Rossiyada qirg‘izistonlik yuz minglab muhojir ishlaydi.

COVID-19 pandemiyasi tufayli Rossiyada ko‘plab muhojir ishsiz qoldi, natijada Qirg‘izistonga yuborilayotgan mablag‘ ko‘lami ham qisqardi.

Qirg‘izistonning o‘zida esa ishsizlik ko‘lami oshdi.

Saylov arafasida O‘sh viloyati Aravon tumanida «Mekenim Qirg‘izistan» hamda «Birimdik» partiyalari tarafdorlari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv bo‘ldi.

20 - sentabr kuni bo‘lgan hodisa ortidan 12 odam kasalxonaga tushdi. Politsiya mushtlashuvda 100 ga yaqin odam ishtirok etganini bildirdi.

1 - oktabr kuni «Respublika» partiyasi O‘zgan tumanida o‘z faollaridan birini boshqa partiya tarafdori pichoqlab o‘ldirganini iddao qildi. Shuningdek, partiya Norin viloyatida yana bir a’zosi kaltaklangani, Chuy viloyatida esa saylov kampaniyasi rasmiysiga «bosim o‘tkazilganini» bildirdi.

«Respublika» partiyasi e’lon qilgan bildiruvda partiya a’zolari va tarafdorlari saylov davomida tinimsiz bosim va zo‘ravonliklarga uchragani aytiladi.

Bundan tashqari, bu saylov Qirg‘iziston rasmiylarining koronavirusga chalinish holatlari ko‘payishi haqidagi ogohlantiruvlari fonida bo‘lib o‘tmoqda.

Saylovoldi kampaniyasi davomida partiyalar sog‘liqni saqlash rasmiylari ogohlantirishlarini e’tiborga olmay, ko‘p sonli odam ishtirokida tadbirlar o‘tkazdi.

XS
SM
MD
LG