Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 14:57

Qirg‘iziston muxolifati parlament saylovi natijalarini tan olishdan bosh tortdi (VIDEO)


Qirg‘izistonda saylovchilar 4 - oktabr kuni parlamentga nomzodlar uchun ovoz berdi.
Qirg‘izistonda saylovchilar 4 - oktabr kuni parlamentga nomzodlar uchun ovoz berdi.

Qirg‘izistondagi “Imon nuri”, “Reforma”, “Bir bo‘l”, “Ata Meken”, “Respublika”, “Zamondosh” va boshqa qator muxolifat partiyalari 4 - oktabrda o‘tgan parlament saylovi natijalarini tan olmasliklarini ma’lum qildi.

Kim yutdi?

4 - oktabrda o‘tgan parlament saylovida amaldagi prezidentning ukasi Asilbek Jeenbekov nomzodi ko‘rsatilgan “Birimdik” va korrupsiyaga aralashgani aytiladigan Raimbek Matraimov oilasiga mansub “Mekenim Qirg‘izstan” partiyalarining har biri 24 foizdan ko‘proq ovoz oldi.

Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni esa “Qirg‘izstan” va “Butun Qirg‘izstan” partiyalari egalladi. Mazkur to‘rt partiya 120 deputatdan iborat bo‘lgan Qirg‘iziston yangi parlamentini shakllantiradi.

Mazkur partiyalar ichida faqat "Butun Qirg‘izstan" o‘zini muxolifat partiyasi sifatida taqdim etgan.

Qirg‘iziston qonunlariga muvofiq saylovchilarning 7 foizdan ko‘proq ovozini olgan partiyalar g‘olib hisoblanadi. Parlament saylovida 16ta siyosiy partiya ishtirok etdi.

Muxolifat bayonoti

Saylov uchastkalari yopilib, natijalar e’lon qilinishi bilanoq Bishkek va Talas shaharlarida muxolifat tarafdorlari norozilik namoyishlariga yig‘ila boshladi. Bir necha soatdan so‘ng norozilar tarqalib ketdi. Muxolifat 5 - oktabrda norozilik namoyishlari davom etishini bildirdi.

“Ata Meken” partiyasi liderlari 4 - oktabrda o‘tgan saylovni “Qirg‘iziston tarixidagi eng iflos saylov” sifatida sharhladi. Partiyaning iddao qilishicha, kuzatuvchilar mamlakatdagi barcha saylov uchastkalarida ommaviy ravishda qonunbuzarliklar bo‘lganini qayd etganlar.

“Ata Meken” partiyasi Markaziy saylov komissiyasidan O‘sh viloyatining ayrim tumanlaridagi ovoz berish natijalarini bekor qilishni talab etmoqda.

Muxolifat saylov uchastkalariga mikroavtobuslarda ko‘plab odamlar olib yurilganini va ularning har biri bir nechta saylov uchastkasida ovoz berganlarini qayd etganini ham bildirmoqda.

Qirg‘izistonda saylovchilar qanday ovoz beradi?

Qirg‘izistonda ovoz berishning dastlabki natijalari saylov komissiyalari a’zolari tomonidan qo‘lda sanalmaydi.

Saylovchi byulletenni elektron ovoz berish qutisiga tashlaydi. Quti avtomatik ravishda qancha byulleten tashlanganini va qaysi partiyaga ovoz berilganini hisoblab boradi.

Saylov uchastkalari yopilganidan so‘ng, elektron quti qaysi partiyaga qancha ovoz berilganini chek qog‘ozi sifatida chiqarib beradi.

Shuning uchun ham elektron qutiga bir odam bittadan ko‘p byulleten tashlay olmaydi va partiyalarga berilgan ovozlarni ham soxtalashtirish imkoniyati mavjud emas.

Yakuniy natijani Markaziy saylov komissiyasi byulletenlar qo‘lda sanab chiqilganidan so‘ng e’lon qiladi. Qo‘lda sanalgan yakuniy natija dastlabki elektron natijaga jiddiy ta’sir ko‘rsata olmaydi.

Unda muxolifat ovoz berish natijalarini nega tan olmayapti?

Ayni paytda Qirg‘izistonda saylovoldi targ‘iboti jarayoni paytida saylovchilar ovozini sotib olish holatlari mavjudligi tan olinadi.

Mazkur saylovda ham muxolifat hukumat partiyalari ovozlarni sotib olganini, ma’muriy resurslarni qo‘llaganini va buning ortidan bir odam bir nechta saylov uchastkasida ovoz bergani kuzatilganini iddao qilmoqda.

Ammo saylovda g‘olib bo‘lgan partiyalar muxolifatning bu iddaolarini inkor etmoqda.

4 - oktabrda o‘tgan saylovda 3,5 milliondan ko‘proq saylovchining 56,5 foizi ovoz bergan.

XS
SM
MD
LG