Joriy yilning oktabr oyida Respublika tovar-xomashyo birjasiga kuniga 400 tonna karbamid o‘g‘iti sotuvga qo‘yildi. O‘tgan yilning shu davrida kuniga 800 tonna karbamid sotuvga qo‘yilgan. Ozodlikda mavjud hujjatlarga ko‘ra¸ dehqonlar uchun zarur karbamid o‘g‘iti narxi o‘tgan yildagidan ko‘ra ancha oshgan.
Fermer xo‘jaliklariga o‘g‘it yetkazib beradigan tadbirkorning Ozodlikka aytishicha¸ birjaga «O’zkimyosanoat» ataylab kam o‘g‘it chiqarib, sun’iy defitsit yaratgani bois narxlar oshgan”.
«O’zkimyosanoat»ninng mineral o‘g‘itlar bilan shug‘ullanadigan xodimi Ozodlik bilan suhbatda bu iddaoda keltirilgan raqamlarni tasdiqladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “o‘tgan yildagidan kam o‘g‘it birja sotuviga qo‘yilgani rost, ammo bu xaridor ehtiyoji kamaygani bilan bog‘liq”.
Ammo «O’zkimyosanoat» birjaga qo‘ygan mineral o‘g‘it mamlakat prezidentining 2019 - yil 8 - oktabrdagi PQ-4484-son qarori ilovasida belgilangan hajmdan deyarli yarmiga kam.
Ozodlik suhbatlashgan tadbirkorga ko‘ra¸ “sun’iy tanqislik hosil kilinishi natijasida 2020 - yilning sentabr oyida bir tonnasi 1.900.000 bo‘lgan karbamid¸ 5 - oktabrga kelib, 2.000.000 so‘mdan oshib ketgan”.
Respublika korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan karbamid mahsulotining “qisqa muddatda narxi oshgani” Ozodlik suhbatlashgan tadbirkor nazarida “fermerlarni kambag‘al¸ mulozimlarni esa benefitsiar” qilgan.
Qopchilar foyda ko‘rdi
Ozodlik Respublika tovar-xomashyo birjasida ishlaydigan broker bilan ham suhbatlashdi. Brokerning aytishicha¸ «O’zkimyosanoat» birjaga faqat qopga solingan karbamid mineral o‘g‘itini sotuvga chiqargan. Holbuki, Ozodlikda nusxasi mavjud preyskurantda “B” markali karbamid o‘g‘iti qopga solingan va egasi o‘z idishiga solib, ortib ketadigan shaklda sotilishi yozilgan.
“Oddiy bu. Qopdagisi qimmat turadi. Qoplanmagani esa arzon. Fermer yoki ulgurji savdogar qop biznesini ham boyitishi uchun faqat qopdagi o‘g‘it savdoga qo‘yilgan”, - deydi mutaxassis.
Ozodlik o‘g‘itlarni birjadan ulgurji sotib oladigan tojir bilan gaplashdi. Uning aytishicha, qoplangan o‘g‘it sotib olgan tadbirkor foyda qilmaydi.
“Avvallari ishlab chiqaruvchilar qopga solinmagan mahsulotni, bizga o‘xshagan ulgurji korxonalar esa, qoplangan mahsulotni xarid qilar edi. Hozir esa, ishlab chiqaruvchi ham ulgurji, savdo korxonalari ham qoplangan mahsulotni xarid qilishga majbur bo‘lmoqda. Buning ortidan narx ko‘tarildi. Natijada esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotining tannarxi oshishiga olib keladi. Yana oddiy dehqon qiynaladi”.
Rasmiy javob
Ozodlik o‘g‘it bozorida "sun’iy tanqislik" yaratilgani borasidagi iddaolar yuzasidan 5 - oktabr kuni «O’zkimyosanoat»ning uch nafar mulozimi bilan suhbatlashdi.
O‘g‘it sohasiga mutasaddi ekanligini aytgan mulozim, “sotuvga qo‘yilgan mineral o‘g‘it¸ xususan karamid hajmining kamaygani mavsumiy xarakterga ega” ekanligini ta’kidladi.
“Mavsumiy bu. Bozor iqtisodi tili bilan aytadigan bo‘lsak, mahsulotga ehtiyoj kamaygani uchun taklif ham ozaydi. Erta-indin sezon boshlansa, birjada yana mahsulot ko‘payadi”, - dedi u.
Ammo mulozim “Nega o‘g‘it sotish uchun oktabr oyiga belgilangan grafik prezident qarori ilovasida belgilangan hajmdan kam?“ degan savolni javobsiz qoldirdi.
Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida paxta¸ bug‘doy va mosh yetishtiruvchi fermerning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, oktabr-noyabr oylarida issiqxonachilar karbamid o‘g‘itining asosiy xaridori hisoblanadi.
Ozodlik ixtiyorida «O’zkimyosanoat» raisi tomonidan imzolangan birja savdosiga mineral o‘g‘it chiqarish grafigi bor.
Bu grafik-jadvalda yozilishicha¸ respublikada karbamid o‘g‘iti ishlab chiqaradigan "Maksam Chirchiq AJ" va "Farg‘onaazot AJ" uchun sentabr oyiga 7.600 tonna va oktabr oyi uchun 9.500 tonni mahsulotni birja savdosiga qo‘yish belgilangan.
O‘tgan yilning shu davridagi jadval bilan taqqoslansa, farq kattaligi ko‘rinadi.
Ushbu jadvalga asosan, 2019 - yil oktabr oyida 18.650 tonna karbamidni savdoga kuyish tasdiqlangan. Bu esa, 2020 - yilning shu davridagi hajmdan 9.150 tonna ko‘p demakdir.
O‘zbekistonda yiliga 42 ming tonna karbamid ishlab chiqariladi. Ekinlarning tez o‘sishini ta’minlaydigan va kimyoviy asorati bo‘lmagani bois talabgir karbomid o‘g‘itini oddiy dehqqonlar "mochevina" deb atashadi.
O‘g‘it ishlab chiqarish va savdoga qo‘yishni O‘zbekiston Bosh vazirining Agrar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Shuxrat G‘aniyev nazorat qiladi.
G‘aniyev 2004—2007 yillarda «O’zkimyosanoat» raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Farg‘ona viloyatining ziddiyatli hokimi bo‘lgan Shuhrat G‘aniyev o‘tgan oy oxirida hukumatda qishloq xo‘jalik kompleksi uchun mas’ul lavozimga tayinlangan edi.