Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:24

COVID-19: Rasmiy va norasmiy bemorlar - bepul “Remdesivir” hammaga ham yo‘q


Sog‘liqni saqlash vazirligi 7 - oktabr kuni O‘zbekistonda koronavirus bemorlari yetarli miqdorda bepul dori-darmonlar bilan ta’minlanayotgani haqida bayonot berdi.

Vazirlikka ko‘ra, shu kunlarda “Remdesivir” preparati 15 ming doza (2 yarim ming kishiga yetadi), “Favipiravir” preparati esa, 17 ming dona hajmda bemorlarga bepul yetkazib berilgan.

Ammo koronavirus bemorlarining yaqinlari va ularni davolayotgan shifokorlarga ko‘ra, bepul dori COVID-19 kasalligi tasdiqlangan va og‘ir bemorlargagina berilmoqda.

Ularning hisob-kitobicha, koronavirus bemorlarining uchdan biri bepul doriga imkonli, xolos.

COVID-19 bemorlarini davolashda eng samarali vosita bo‘lib qolaytgan “Remdesivir” preparati tanqisligi va yashirin tarzda qimmat narxlarda sotilayotgani haqida Ozodlik 6 - oktabr kuni yozgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda koronavirus bemorlarini davolash uchun zarur dori-darmonning 24 milliard so‘mlik zaxirasi shakllantirilganini aytgan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, shu kungacha poliklinikalar orqali 300 ming to‘plam dori qutisi aholiga tarqatish uchun ajratilgan.

Koronavirus bemorlarini davolashda keng qo‘llanilayotgan 2 muhim preparat - “Remdesivir” va “Favipiravir” dori vositalari ta’minoti esa, SSV bayonoti mazmuniga ko‘ra, prezident topshirig‘i asosida alohida nazoratga olingan.

“Hozirga qadar kasallikning dastlabki bosqichidagi bemorlar uchun 17 ming dona (17 ming nafar bemorga mo‘ljallangan) “Favipiravir” va og‘ir holatdagi bemorlar uchun 15 ming dona (2 500 nafar bemorga mo‘ljallangan) “Remdesivir” dori vositasi davolash muassasalariga bepul yetkazib berildi”, deyiladi bayonotda.

Ozodlikning surishtiruvi ushbu preparat dorixonalarda deyarli yo‘qligi, ammo "qo‘lda" 1 mln. 700 ming so‘mgacha (165 AQSh dollari) sotilayotganini o‘rtaga chiqargan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarda ayrim o‘zbekistonliklar dorini 3 million so‘mga sotib olganliklarini ham yozishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan sharh, 7 - oktabr, 2020
Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan sharh, 7 - oktabr, 2020
Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan sharh, 7 - oktabr, 2020
Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan sharh, 7 - oktabr, 2020

Toshkent Tibbiyot akademiyasi klinikasidagi koronavirus bemorlariga qarayotgan hamshiraning Ozodlikka aytishicha, bemorlarning asosiy qismi hanuz o‘z hisobidan davolanmoqda.

Uning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi aytgan bepul dori mamlakatdagi koronavirus bemorlari soniga nisbatan arzimas darajada.

“Bepul dori bor, yo‘q emas. Lekin hech kimga yetmaydi bu dori. 2 yarim ming kishiga “Remdesivir” degani – juda oz-da. Ayniqsa, og‘ir bemorlarga quyiladigan “Remdesivir” juda tanqis. Bepul dori faqat qizil zonalardagi reanimatsiyalarda yotgan o‘ta og‘ir kasallarga, unda ham, koronavirus tasdiqlangan bo‘lsa. U ham cheklangan, tugab qolsa, yaqinlari borib ,o‘zlari topib kelishi kerak”, - deydi toshkentlik hamshira.

Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi koronavirus bemorlari uchun qurilgan maxsus shifoxonada ishlagan shifokor ham bu yerda dori-darmon va davolanish bepul ekanini aytdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan sharh, 7 - oktabr, 2020
Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan sharh, 7 - oktabr, 2020

“O‘zi bizga bemorlar taqsimot markazlari va boshqa kasalxonalardan olib kelinadi, ro‘yxatga darrov kiritiladi, dorisiyam shu ro‘yxat bilan bo‘ladi. Yeyish-ichish, hammasi bepul. “Remdesivir”, “Favipiravir”, hamma dorilardan bor. Endi kasal ko‘p, ba’zida dorida uzilish bo‘lib qoladi, yaqinlari o‘zlari olib kelishyapti. Lekin qimmat dorilar dorixonalarda yo‘q, qo‘lga chiqib ketgani ochiq gap-ku hozir”, - deydi nomi oshkor etilishini istamagan shifokor.

Namangan shahridagi koronavirus markazlaridan birida ishlaydigan terapevt vrach so‘nggi bir necha hafta ichida dori-darmon va kislorod ballonlari ta’minoti nisbatan yaxshilanganini aytadi.

“Ochig‘i, keyingi ikki - uch hafta ichida ta’minot biroz yaxshilandi. Ammo bular og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlar. Koronavirus bemorlari ro‘yxatiga kirganlar. Lekin o‘rta, ancha-muncha o‘rta og‘ir bemorlarga ham qimmat ukollar yetmayapti, tabletkalar bor”, - deydi namanganlik shifokor.

Uning ta’kidlashicha, bemorlarning haqiqiy soni amalda bepul dori olishi mumkin bo‘lgan bemorlar sonidan "bir necha barobar ko‘p".

Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida koronavirus bemorlarini davolayotgan shifokorlar ham vaziyat o‘xshash ekanini aytishdi.

SSV tizimidagi manbaning Ozodlikka aytishicha, hozirda koronavirus bemorlariga, ularning ahvoliga qarab, 32 million so‘mdan 82 million so‘mgacha mablag‘ ajratilmoqda

"Bemorlarning real soni rasmiy raqamdan keskin farq qiladi. Shu sababli, rasmiy ro‘yxatga kirmagan bemorlar 200$ bo‘lsa ham olaman, deb izlab yurishibdi. SSVning rahbariyati o‘zi qurgan qopqonga tushib qoldi. Birinchidan, real kasallanishni yashirib, rahbariyatga yaxshi ko‘rinmoqchi bo‘lyapti. Ikkinchi tomondan esa, bemorlar rasmiy soni kam bo‘lgani uchun yetarli mablag‘ ajratilmayapti. Oqibatda, jabrini oddiy insonlar tortyapti".

SSV bergan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, 7 - oktabr soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 59 697 nafarga yetgan, 2 ming 745 nafar bemorni shifokorlar davolamoqda. Bularning qanchasi og‘ir yoki o‘ta og‘ir ahvolda ekani haqida ma’lumot berilmadi.

Ammo, O‘zbekistondagi mustaqil manbalar va mahalliy nashrlar koronavirusga chalingan bemorlar soni rasmiy raqamdan ancha yuqori ekanini aytib keladi.

7 - oktabr kuni bayonotida SSV O‘zbekistonning o‘zida “Remdesivir” preparatini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi va shu orqali ta’minot qisqa muddat ichida bir necha barobarga oshirilishi aytgan.

“Remdesivir” preparati ayni nomda dunyoning uch davlati AQSh, Hindiston va Pokistonda ishlab chiqarilmoqda.

Bu dori 2015 - yilda, AQShdagi Gilead Sciences kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va 2020 - yilning may oyida, dunyodagi COVID-19 pandemiyasini inobatga olgan holda, Hindiston va Pokistondagi 5 ta shirkatga ishlab chiqarish huquqi berilgan.

Hozircha, faqat shu shirkatlar, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti COVID-19 pandemiyasi to‘xtaganini e’lon qilgunicha, dunyoning 127 davlatida "Remdesivir" preparatini sotishi mumkin.

O‘zbekistonda bu dori qanday shartlarda va qanday nom bilan ishlab chiqarilishi hozircha noma’lum.

Vazirlikning rasmiy bayonotida tafsilotlar berilmagan.

SSV va O‘zbekiston Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi Ozodlikning bu boradagi savollarini javobsiz qoldirmoqda.

XS
SM
MD
LG