Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:23

OzodDayjest: Senat “xalq hokimlarni saylashga tayyor emas” degan fikri e’tiroz uyg‘otdi


Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva.

Senat raisining “xalq hokimlarni saylashga tayyor emas” degan fikri e’tiroz uyg‘otdi. “Raqobat yo‘qligi sababli “O‘zbekiston havo yo‘llari” rivojlanishga intilmayapti”.32 yoshli fuqaro: “IIB xodimlari ko‘z o‘ngida pichoqlandim, ular tomoshabin bo‘lib turdi”, deb iddao qildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Senat raisi: “Hokimlarni saylash tizimiga o‘tishga hali tayyor emasmiz”

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva hokimlarning saylanishi borasidagi bahslar yuzasidan fikr bildirdi (www.kun.uz, 6 - oktabr).

“Hokimlar saylovi bo‘lishi kerak. Albatta, demokratik davlatlarning hammasida mana shunday jarayon, saylov orqali mahalliy ijro organlari saylanadi. Bizda ham shu jarayonga qadamlar qo‘yilyapti. Kuni kecha ham videoselektorda davlatimiz rahbari buni yana bir bor ta’kidlab o‘tdi. Lekin qachon bo‘ladi, degan savolingizga men hozir aniq javob berolmayman. Bizda hammasi bosqichma-bosqich bo‘lyapti. Biz o‘zimiz hali hokimlar sayloviga tayyor emasmiz” degan T.Norboyeva.

Senat raisi hokimlarning senator bo‘lishi borasida jamoatchilikda e’tirozlar ko‘p ekani xususida ham to‘xtalib, mahalliy ijro organlari bilan vakillik organlarini ham ajralishi kerakligini ta’kidlagan.

Uning aytishicha, deputatlar ijro organida ishlamasligi, ijro organida ishlaydiganlar senator bo‘lmasligi kerak.

T.Norboyevaning aholi hokimlarni saylashga tayyor emas degan fikri ijtimoiy tarmoqda e’tiroz uyg‘otdi.

“Mening aqlim yetmagan narsa shundaki, yangi O‘zbekistonni qurayotgan va bir qator islohotlarni amalga oshirayotgan prezidentni saylagan xalq — nahotki, bitta tumanchaning hokimchasini saylashga tayyor emas?! Davlatning ikkinchi shaxsi – Senat raisi T.Norboyevani o‘tgan yili deputatlikka saylagan xalq – nahot bitta hokimni saylashga tayyor bo‘lmasa?!” deb yozdi Telegramdagi “Mufasa” kanali muallifi.

Hokimlar bevosita xalq tomonidan saylanishi haqidagi fikr ilk bor 2016 - yilda kun tartibiga chiqqan. 2020 - yil may oyida “Mening fikrim” portaliga joylashtirilgan hokimlarni xalq tomonidan saylash amaliyotini joriy etish haqidagi petitsiya 10 mingdan ortiq ovoz yiqqan.

Garchi ushbu elektron jamoaviy murojaat Oliy Majlis palatalari yoki xalq deputatlari mahalliy kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lsa-da, ushbu petitsiyaning keyingi taqdiri ma’lum emas.

Parlament: “Raqobat yo‘qligi sababli “O‘zbekiston havo yo‘llari” rivojlanishga intilmayapti”

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasida Oliy Majlis Senati qo‘mitasining videokonferentsaloqa tarzidagi sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi (www.gazeta.uz, 6 - oktabr).

Majlisda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning Uzbekistan Airways, Uzbekistan Airports, “O‘zbekiston temir yo‘llari” hamda “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan ijro etilishi holati muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, ichki bozorda raqobatning mavjud emasligi sababli “O‘zbekiston havo yo‘llari” xizmatlar sifatini oshirish va moslashuvchan tarif siyosatini qo‘llashdan manfaatdor emas.

2010 - yildan beri aviakompaniya parvozlar sonini atigi 15 foizga oshirdi.

Samolyotlarning ozligi esa kompaniyaning yangi yo‘nalishlarni joriy etish, parvozlarni ko‘paytirish va samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini cheklaydi.

Parvozlar toifasini tanlashning murakkab tizimi ham iste’molchilar tomonidan salbiy tasavvurlar shakllanishiga olib kelmoqda.

Shuningdek, Uzbekistan Airways yuk tashishni rivojlantirishga qo‘shimcha daromad manbai sifatida qaramayotir.

Ko‘rsatilayotgan xizmatlarning atigi 0,03 foizi yuk tashishga to‘g‘ri keladi. Bu 35 foizlik jahon standartlaridan ancha past va mavjud salohiyatdan etarli darajada foydalanilmayotganini tasdiqlaydi.

32 yoshli fuqaro: “IIB xodimlari ko‘z o‘ngida pichoqlandim, ular tomoshabin bo‘lib turdi”

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 32 yoshli fuqaro to‘rt nafar IIB xodimining ko‘z o‘ngida pichoqlandi (www.daryo.uz, 7 - oktabr).

Voqea 2020 - yil 4 - oktabr kuni Chiroqchi tumani “Jar” qishloq fuqarolar yig‘inida sodir bo‘lgan.

Spirtli ichimliklar do‘koni egasi bo‘lgan ayol jabrlanuvchi Dilshod Marqayevni do‘konga kirib gaplashib olishga taklif etgan.

Yigit spirtli ichimlik sotiladigan do‘konga kirmasligini aytgan. Shunda ayol uni haqorat qilib, yuziga urgan. Bu orada ayolning o‘g‘li va uning uch nafar tanishi Dilshod Marqayev bilan “gaplashib olish uchun” kelgan.

Shu tariqa u to‘rt nafar IIB xodimi guvohligida beli va dumbasidan pichoqlangan.

“IIB xodimlari voqealarni faqat tomosha qilish bilan kifoyalandi” degan D.Marqayev.

Atrofda odamlar to‘plana boshlagach, IIB xodimlari bemorni xizmat mashinasida tuman shifoxonasiga olib borgan va tez orada g‘oyib bo‘lishgan. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori Berdimurod Yangiboyev bemorning ahvolini o‘rta holatda deb baholagan.

Jabrlanuvchi Dilshod Marqayev uning hayotiga qasd qilmoqchi bo‘lganlar ishi o‘rganilmayotgani, IIB xodimlari aybdorlarga sherik bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Viloyat IIB matbuot xizmati voqea haqida tez orada batafsil ma’lumot berilishini bildirgan.

XS
SM
MD
LG