Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:09

Sooronbay Jeenbekov 16 - oktabrda yo‘l qo‘ygan xatolari uchun Qirg‘iziston xalqidan kechirim so‘radi va parlamentda rasman iste’fo berdi


Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov uch yil prezidentlik qildi.
Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov uch yil prezidentlik qildi.

Sooronbay Jeenbekov parlamentning 16 - oktabrda o‘tgan yig‘ilishida rasman prezidentlik lavozimidan iste’fo berdi va yo‘l qo‘ygan xatolari uchun Qirg‘iziston xalqidan kechirim so‘radi.


Yig‘ilishda parlament spikeri Kanat Isayev prezident vakolatini vaqtincha bajarishdan bosh tortgani ortidan deputatlar Bosh vazir Sadir Japarovni prezident vazifasini bajaruvchi sifatida sayladi.


Sadir Japarov o‘z faoliyati davomida hech kimga siyosiy bosim o‘tkazmaslikka va ta’qiblar bo‘lmasligiga va’da berdi.


16 oktabr kuni prezident Sooronbay Jeenbekov parlamentda iste’foga chiqqani to‘g‘risida bayonot berar ekan, so‘zi avvalida Qirg‘iziston fuqarolik jamiyati va media hamjamiyatiga tashakkur bildirdi:


-Men avval ham “Bizning fuqarolik jamiyati kuchli va ochiq”, deb aytib kelganman. Fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarining so‘nggi kunlardagi faoliyati Qirg‘iziston huquqiy davlat ekanini isbotlashga qaratildi. Mana shunday fuqarolik pozitsiyasi uchun barchaga minnatdorchilik bildiraman.


Sooronbay Jeenbekov shundan so‘ng uch yillik prezidentlik faoliyati davomida aloqalar sovuqlashgan qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni iliqlashtirishga muvaffaq bo‘lgani, korrupsiyaga qarshi kurash olib borganini alohida ta’kidladi va prezident sifatidagi ambitsiyasi Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini qurib bitkazish bo‘lganini aytdi. U yangi hukumatga bu loyihani davom ettirishni tavsiya qildi.


Sooronbay Jeenbekov so‘zida davom etar ekan:


-Men uchun mamlakatimiz yahlitligi, xalqimizning birdamligi, jamiyatning ahilligi barcha mansablardan ulug‘roqdir. Men uchun har bir vatandoshimizning salomatligi, har bir vatandoshimizning hayoti hamma narsadan qimmat. Shuning uchun prezidentlik lavozimidan iste’fo berishga qaror qildim,-deb aytdi.


Shundan so‘ng sobiq prezident yo‘l qo‘ygan xatolari uchun Qirg‘iziston xalqidan kechirim so‘radi:


-Ish bor joyda kamchilik ham bo‘lar ekan. Yo‘l qo‘ygan barcha kamchiliklarim uchun xalqimdan kechirim so‘rayman.


Sooronbay Jeenbekov nutqini deputatlar gulduros olqishlar bilan qabul qildilar va bir necha daqiqalardan so‘ng uni gulduros qarsaklar bilan zaldan kuzatib qo‘yshdi.


Yig‘ilishda parlament spikeri Kanat Isayev prezident vakolatini vaqtincha bajarishdan bosh tortgani ortidan deputatlar Bosh vazir Sadir Japarovni prezident vazifasini bajaruvchi sifatida sayladi.


Sadir Japarov parlamentda qilgan chiqishida o‘z faoliyati davomida hech kimga siyosiy bosim o‘tkazmaslikka va ta’qiblar bo‘lmasligiga va’da berdi.


Sadir Japarov 4 - oktabrda o‘tgan parlament saylovi ortidan boshlanib ketgan norozilik namoyishlari ortidan 5 - oktabr kuni Oq Uy va Milliy xavfsizlik xizmatini zabt etgan namoyishchilar tomonidan qamoqdan ozod etilgan edi.

U 2017 - yilning martida 11 yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Japarov 2013 yilning oktabrida Qoraqo‘l shahrida «Qumtor» oltin koniga qarshi namoyishlar davomida viloyat hokimini o‘g‘irlab ketib, asir olishda aybdor deb topilgan.


Oradan bir kun o‘tib Japarov 30 nafar deputat to‘plangan mehmonxonada bosh vazir lavozimiga nomzod o‘laroq ko‘rilayotgan edi.

Majlisda kvorum bo‘lmagani aniq – kvorum bo‘lishi uchun yig‘inda 61 deputat qatnashishi kerak. Japarovning bosh vazir etib tayinlanganini uning tarafdorlaridan boshqa hech kim tan olmadi.

10 - oktabr kuni Bishkek tashqarisidagi prezident rezidensiyasida yana bir parlament majlisi o‘tkazildi.

Kun tartibidagi asosiy masala - Japarovni bosh vazir etib tayinlash edi. Deputatlar bu tashabbusni qo‘lladilar.

Ammo 13 - oktabr kuni Japarov va uning tarafdorlari uchun vaziyat salbiy tomonga o‘zgardi. Prezident Jeenbekov deputatlarning Japarovni bosh vazir etib tayinlash qarorini rad etdi.

14 - oktabr kuni mamlakat parlamenti kvorum bilan yig‘ildi va Sadir Japarovni Bosh vazir lavozimiga sayladi.

4 - oktabrda o‘tgan parlament saylovida hukumatparast partiyalarning g‘alaba qozongani e’lon qilingani ortidan muxolifat tarafdorlari ommaviy norozilik namoyishlariga chiqishgan edi.

Vaziyat keskinlashgan kunlarda poytaxtni talonchilar va turli jinoyatchilardan asosan yoshlardan iborat “Xalq qo‘shini” himoya qildi.

XS
SM
MD
LG