Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:22

Yaponiyani "sardoba"lari toshqinidan "Parfenon" saqlaydi


Parfenon yunon me’morligi san’atining ulkan yodgorligi bo‘lib, o‘zining ulkan ustunlari bilan tanilgan.
Parfenon yunon me’morligi san’atining ulkan yodgorligi bo‘lib, o‘zining ulkan ustunlari bilan tanilgan.

Yaponiya poytaxti Tokio shahrini va uning atrofidagi aholi punktlarini suv toshqinidan saqlash uchun qurilgan ulkan infratuzilma «Yaponiyaning yerosti Parfenoni» deb ataladi.

Asosiy qismi Saytama prefekturasidagi Kasukabe shahrida joylashgan inshoot dunyodagi eng yirik toshqinlarga qarshi infratuzilma bo‘lib, u jala va dovul mavsumlarida Tokioni va uning atrofidagi hududlarni suv bosishidan saqlaydi.

Yer ustida toshqinlarga qarshi inshoot borligi haqida deyarli hech nima darak bermaydi. Ammo ayrim hududlarda inshoot Nyu-Yorkdagi balandligi 93 metrli Ozodlik haykali butunlay sig‘adigan darajada chuqurdir.

Har biri 500 tonna bo‘lgan ulkan kolonnalar asosiy rezervuarni ushlab turadi. Inshoot «Yaponiyaning yerosti Parfenoni» deb atalashi sababi ham shunda – Parfenon yunon me’morligi san’atining ulkan yodgorligi bo‘lib, o‘zining ulkan ustunlari bilan tanilgan.

Rezervuar esa ikki futbol stadioniga teng beton inshootdir.

Inshoot yetakchisi Nobuyuki Akiyama AFP agentligiga bergan intervyusida:

«Bu yerda kuchli yomg‘ir, tayfun, hatto kundalik yog‘ingarchilik tufayli uylarni va ko‘chalarni suv bosishi mumkin», - dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rezervuar tufayli suvdan ziyon ko‘rishi mumkin bo‘lgan uylar soni 90 foizga ozaygan.

Tokioning o‘zida 10 dan oshiq yerosti rezervuari va uch toshqin kanali bo‘lib, shaharni toshqinlardan himoya qilish uchun yangi inshootlar qurilmoqda.

Yaponiya g‘arbidagi Osaka shahrida esa Kasukabedagiga o‘xshash rezervuar qurilmoqda. Loyihaning qiymati 3,5 milliard dollar bo‘lib, u 2044 yilgacha qurib bitiriladi.

Ammo mutaxassislar shaharni suv balosidan himoya qilish uchun bundan ham ko‘proq chora ko‘rish kerakligini aytishmoqda, chunki global isish tufayli to‘fonlar soni oshib bormoqda.

Keyingi yillarda Yaponiyada jala va dovul mavsumlari katta ziyon keltirdi. Joriy yilning iyulida toshqinlar va yer ko‘chishi tufayli mamlakat g‘arbida 80 dan oshiq odam nobud bo‘ldi. O‘tgan yilda esa mamlakat sharqida tayfun 100 ga yaqin odam umriga zomin bo‘ldi.

Yaponiya meteorologik agentligiga ko‘ra, Tokioga har yili tahdid soladigan dovullar soni so‘nggi 40 yil ichida 1,5 barobarga ko‘paygan.

Kasukabe rezervuari 6,3 km tunnel tizimiga ulangan bo‘lib, inshoot Edo daryosiga soniyasiga 25 metr basseynni to‘ldirish uchun yetarli suvni chiqaradi.

2006 yilda qurilgan inshoot 2,2 milliard dollarga tushgan. Inshoot bir yilda o‘rtacha yetti marta ishga tushadi.

Kasukabe inshooti ishlatilmayotgan paytida uni kirib ko‘rish mumkin. Bundan maqsad tabiiy ofatlar va ularning oldini olish haqida aholiga ma’lumot berishdir.

XS
SM
MD
LG