Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:40

Qirg‘izistonda "Abu Saxiy" bilan hamkorlik qilgan “Raim million” korrupsiyada ayblanib qamoqqa olindi


Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari Raim Matraimov qo‘liga kishan urmoqda. 20 - oktabr, 2020 - yil.
Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari Raim Matraimov qo‘liga kishan urmoqda. 20 - oktabr, 2020 - yil.

20 - oktabrda Qirg‘iziston bojxonasidagi katta miqdordagi korrupsiya bilan bog‘liq jurnalistik surishtiruvlar bosh qahramoni – Bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Raim Matraimov qamoqqa olindi. Bu haqda Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati, Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani tadqiq qilish dasturi (OCCRP) hamda Bishkekdagi Kloop axborot sayti 2019 - yildan beri hamkorlikda o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvlar natijasida Raim Matraimov bir qator korrupsion sxemalar, jumladan,"Abu Saxiy" kargo shirkatiga aloqador korrupsion sxemalar orqali noqonuniy boyiganligi iddao qilib kelinayotgan edi.

Bu jurnalistik surishtiruvlar ortidan qirg‘iz jamiyati Raim Matraimovga nisbatan tergov o‘tkazishni Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekovdan talab qilib keldi.

Biroq 4 - oktabrda o‘tgan parlament saylovlari ortidan boshlanib ketgan norozilik to‘lqini oqibatida iste’fo berishga majbur bo‘lgan Sooronbay Jeenbekov Raim Matraimovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun faktlar etarli emasligini aytib kelgan.

Sooronbay Jeenbekov Qirg‘iziston prezidenti lavozimidan 16 - oktabrda rasman iste’fo berganidan to‘rt kun o‘tgach, qirg‘iz jamiyatida “Raim million” taxallusi bilan mashhur bo‘lgan Raim Matraimov qamoqqa olindi.

4 - oktabrda o‘tgan parlament saylovlari ortidan boshlanib ketgan norozilik namoyishlari va Sooronbay Jeenbekovning prezidentlik lavozimidan iste’fo berishi ortidan, Ozodlik manbalari "Abu Saxiy" shirkatining Qirg‘iziston janubidagi biznesi va yuk tashuvchi terminallari faoliyati savol ostida qolganini aytmoqdalar.

Norozilik to‘lqiniga prezident Sooronbay Jeenbekovning ukasi yetakchiligidagi “Birimdik” va Raimbek Matraimov oilasiga mansub “Mekenim Qirg‘izstan” partiyalarining saylovda g‘alaba qozongani e’lon qilingani sabab bo‘lgan.


"Abu Saxiy"ning Qorasuvdagi terminallari qirg‘izistonlik haydovchilar tomonidan “blok” qilindi

Qirg‘izistonda 4 - oktabrda boshlangan norozilik namoyishlari fonida O‘shdagi xalqaro yuk tashuvchi yuzdan ortiq haydovchi 8 - oktabr kuni "Abu Saxiy"ning Qorasuv tuman Qashqar qishlog‘idagi terminaliga yig‘ildi.

"Abu Saxiy" terminaliga yig‘ilgan haydovchilar oldida nutq so‘zlagan “Haydovchi” birlashmasi raisi Nadir Toktorov:

“O‘n yildan beri bular bizning nonimizni tortib oldi, yuk tashishni monopoliyaga aylantirishdi. Bularga qarshilik qilib necha marotaba hukumatga murojaat qildik. Endi talabimiz: bu shirkatning avtomashinalari davlat ixtiyoriga o‘tkazilsin. Qirg‘izistondan yuk tashiganlar mamlakatimizdan millionlab pullarni o‘g‘irlab ketishdi. So‘nggi yetti-sakkiz yilda bularni Matraimov oilasi himoya qildi”,-deb aytgan.

Yuk tashish biznesiga aloqador manbaning Ozodlikka aytishicha (xavfsizlik yuzasidan o‘z ismi oshkor qilinmasligini iltimos qildi) o‘sha kuni uni Qorasuv tuman militsiyasiga chaqirishgan.

-O‘shanda hali "Raim million" qamoqqa olinmagan edi. Meni militsiyaga chaqirishib, “Millatlararo nizo chiqib ketmasin, obro‘-e’tiboringiz bor, haydovchilar orasida tushuntirish o‘tkazing”, - deb iltimos qilishdi. Go‘yoki, "Abu Saxiy" O‘zbekistonning firmasi bo‘lgani uchun millatlararo nizo chiqib ketishi mumkin ekan. Militsiyaning menga aytishicha, Qirg‘iziston fuqarolari "Abu Saxiy" yuk tashuvchi mashinalarini bosib olishga harakat qilgan va militsiya Milliy xavfsizlik qo‘mitasi bilan bu harakatlarning oldini olgan,- dedi manba.

Uning ta’kidlashicha, Raim Matraimovning qamoqqa olinishi to‘g‘risidagi xabar tarqalishi ortidan "Abu Saxiy"ning O‘sh viloyatidagi terminallaridagi vaziyat keskin o‘zgargan. Ya’ni, O‘sh viloyatidagi terminallarda "Abu Saxiy" ga qarashli yuk tashuvchi mashinalar deyarli qolmagan.

Ammo bu ma’lumotni Ozodlikning mobil muxbiri qisman rad qildi:

-Men "Abu Saxiy"ning Qorasuv shahridagi terminalini borib ko‘rdim. Avvallari bu yerga yuk tashuvchi mashinalar sig‘may ketar edi. 20 - oktabr holatiga ko‘ra, guvoh bo‘lganim, bu yerda birorta mashina yo‘q. "Abu Saxiy"ning Qashqar qishloqdagi terminalida ham birorta mashina yo‘q. U yer ham bo‘m-bo‘sh. "Abu Saxiy"ning O‘zbekiston bilan chegaradagi “Do‘stlik” terminalida ikki-uch mashina turibdi. Men bilan suhbatlashgan yuk tashuvchilar buni haligacha "Abu Saxiy" yuk mashinalari chegaradan navbatsiz o‘tkzailayotgani bilan izohlashdi. So‘nggi voqelardan so‘ng bu yerdan "Abu Saxiy"ning hamma mashinalari chiqarib ketilgan.

"Abu Saxiy" rahbariyatidan shirkat Qirg‘izistonda yuzaga kelgan muammolar masalasida munosabat olish imkoniyati bo‘lmadi. Mazkur shirkat rahbari sifatida Xitoyda tug‘ilgan etnik uyg‘ur¸ Qozog‘iston vatandoshi Habibulla Abduqodir nomi aytilgan.

Manba: "Abu Saxiy" "Raim million"ning erkatoyi bo‘lgan"

Ozodlikka o‘z ismi oshkor qilinishi istamagan yana bir mustaqil manbaning aytishicha, "Abu Saxiy" yuk tashuvchilari Raim Matraimov “homiyligi ostida” Xitoydan Toshkentgacha hech qanday to‘siqlarsiz yetib borgan. Bu manba Xitoydan Qirg‘izistonga yuk olib keluvchi shirkatlardan biriga aloqador.

- Masalan, bizning yuk tashuvchi mashinalarimiz bojxonada diqqat bilan tekshiriladi. Bojxona terminaliga olib kirilgan har bir mashina uchun, boj to‘lovlarini hisobga olmaganda, bir soatdan uch soatgacha bo‘lgan muddatga o‘rtacha 40-50 dollardan haq to‘laymiz. "Abu Saxiy"ning mashinalari esa umuman tekshirilmaydi, ularni GAI ham to‘smaydi. Ular O‘zbekiston chegarasidan ham navbatsiz o‘tkaziladi va Toshkentgacha yetib boradi. Bu jarayonda esa millionlab boj to‘lovlari o‘g‘irlanadi. Bu masalani endi, bojxona xodimlaridan so‘rash kerak,- dedi manba.

Ayni paytda Ozodlikning hukumat doiralaridagi ishonchli manbalari "Abu Saxiy" shirkatining Raim Matraimov bilan munosabatlari “nozik masala o‘laroq ko‘rilayotgani va bu shirkatning korrupsiyaga aloqadorligi to‘g‘risidagi iddaolar”ni tasdiqlash tergovning ishi ekanini ta’kidlamoqdalar.

Ozodlikning huquq-tartibot tizimidagi manbalari “tergov siri sifatida” hozircha ma’lumotlar ochiqlanmasligini bildirdilar.

"Abu Saxiy" masalasi qirg‘iz deputati tomonidan ko‘tarilgan

Qirg‘iziston parlamenti deputati Aybek Altinbekov 12 - may kuni o‘tgan Byudjet va moliya qo‘mitasi yig‘ilishida Xitoy bilan chegaradagi “Ergashtom” bojxonasidan faqat O‘zbekistonga qarashli "Abu Saxiy" shirkatining yuklari olib o‘tilayotganini, qirg‘iz tadbirkorlariga esa yuk olib o‘tishga to‘sqinlik qilinayotganini aytgandi.

“Tadbirkorlar bizning yuklarni o‘tkazishmayotganidan shikoyat qilishmoqda. Bugungi kunda faqat "Abu Saxiy "firmasining yuklari o‘tayotgan ekan”, -degan edi deputat.

Qirg‘iziston bojxona xizmati rahbari Altinbek Torutayev o‘shanda deputatning bu bayonotini tasdiqlamagan va ayni paytda inkor ham qilmagan.

"Masalan, kecha “Ergashtom” bojxonasidan 9 yuk mashinasi o‘tdi. Ulardan beshtasi Qirg‘izistonga tegishli, qolgan to‘rttasi tranzit yuk”, -degan edi Torutayev.

Biroq u bu yuklar qaysi shirkat tomonidan olib o‘tilganini ochiqlamagan.

"Abu Saxiy" shirkati 2019 - yilda Qirg‘iziston bojxona sohasidagi korrupsiyaga oid jurnalistik surishtiruvlarning asosiy qahramonlaridan biri bo‘lgan.

Bir yil avval Qirg‘iziston hukumati bu shirkatdan insonparvarlik yordamini qabul qilib olgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgandi. Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan.

Qirg‘izistonda Bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari “Raim million” qamaldi

20 - oktabrida Qirg‘iziston bojxonasidagi katta miqdordagi korrupsiya bilan bog‘liq jurnalistik surishturuvlar bosh qahramoni – Bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Raim Matraimov qamoqqa olindi. Bu haqda Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qo‘mita ma’lumotida ta’kidlanishicha, Raim Matraimov 2016 - yilda bojxona xizmati tizimida korrupsiyaviy sxemani joriy etganlikda gumonlanmoqda.

Raimbek Matraimov o‘tgan yili Ozodlik qirg‘iz xizmati, OCCRP va Kloop o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvning asosiy figuranti bo‘lgan.

O‘tgan yili Istanbulda yashayotgan uyg‘ur millatiga mansub tadbirkor Ayerken Saymaiti Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati, OCCRP va Kloop o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvning asosiy manbasi bo‘lgan edi.

U Qirg‘izistondagi faoliyati davomida bojxona xizmatidagi korrupsiya va kamida 700 million dollarni noqonuniy olib chiqib ketgani to‘g‘risida ma’lumot bergan.

Jurnalistik surishtiruvda “korrupsiyalashgan amaldor” qatorida Qirg‘iziston bojxona xizmati raisining o‘sha paytdagi o‘rinbosari Raimbek Matraimov nomi aytilgan.

Ayerken Saymaiti o‘z ko‘rsatmalarida Raimbek Matraimov , jumladan, bevosita Abu Saxiy bilan bog‘liq ekanini bildirgan edi.

Mazkur ko‘rsatmalarni bergan Ayerken Saymaiti 2019 - yilning 10 - noyabrida Istanbulda noma’lum shaxslar tomonidan otib ketilgandi.

Qirg‘iziston parlamenti 2020 - yilning 18 - iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Istanbulda o‘ldirib ketilgan xitoylik Ayerken Saymaiti shaxsi bilan bog‘liq ma’lumotlarni tekshirish uchun tuzilgan deputatlar komissiyasi xulosasini ma’qullagan.

O‘shanda parlament “mamlakatdan olib chiqib ketilgan 932 mln dollarning Qirg‘izistonga aloqasi yo‘q, chunki bu mablag‘ O‘zbekistondagi “Abu Saxiy” bozorida ishlagan xorijlik va qirg‘izistonlik xususiy tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan”, deya xulosaga kelgan.

O‘limidan avval Istanbulda yashab turgan Ayerken Saymaiti Ozodlikning qirg‘iz xizmati, OCCRP va Kloop o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvning asosiy manbasi bo‘lgan edi. U Qirg‘izistondagi faoliyati davomida bojxona xizmatidagi korrupsiya va kamida 700 million dollarni noqonuniy olib chiqib ketgani to‘g‘risida ma’lumot bergan.

Mazkur jurnalistik surishtiruv ortidan Qirg‘izistonda korrupsiyaga qarshi ko‘p ming kishilik namoyishlar bo‘lib o‘tgan.

XS
SM
MD
LG