Toshkent shahar Sergeli tumanidagi qandolatchilik sexi egasi 43 yashar Rustamjon Nazarovning aytishicha, 1 - noyabr kuni uning korxonasi tabiiy gazdan uzib qo‘yilgan.
“Yuqoridan buyruq bor, deb akt qilib, gazimizni plombalab ketishdi. Gazdan qarzim yo‘q. Pandemiya paytida shundoq ham qiynalayotgandik. ”, - dedi qandolatchilik korxonasi egasi.
Sergeli tumani hokimligi mulozimi ijtimoiy obyektlarning gaz ta’minotidan uzilib qolishi oldini olish uchun o‘rta va kichik tadbirkorlar va metan quyish shoxobchalariga gaz yetkazib berish cheklanganligini bildirdi.
Sergeli tuman gaz ta’minoti idorasining Ozodlik bog‘langan xodimi nafaqat tadbirkorlar¸ balki tumandagi barcha ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan obyektlarning tabiiy gazdan uzilayotganini ma’lum qildi.
Sergelidagi qandolatchi Rustamjon esa, to bahor kelgunga qadar ishni to‘xtatib turishga majbur ekanligini aytadi.
«Gaz konforkalari bilan ishlaydi butun tizim. Elektrga o‘tkazishning imkoni yo‘q. Qolaversa, elektrga ham ishonch yo‘q. Gaz yana ulanguncha sabr qilib turamiz. Lekin bizga hujjat ko‘rsatmadi. Shundoq kelib, gaz buraydigan joyni plombalab ketishdi», - deydi tadbirkor.
Ozodlik mavzuni o‘rganish chog‘ida Xorazm viloyatidagi ohak ishlab chiqarish korxonasi rahbari Zarifboy bilan ham gaplashdi. Zarifboy gaz kesilgani bois, 40 dan ziyod ishchiga oylik to‘lanmaydigan ta’til berishga majbur bo‘lganligini aytdi.
Zarifboy va Rustamjonga o‘xshagan minglagan korxona egalarining gazdan uzilishiiga asos bo‘lgan hujjat nusxasi Ozodlikda bor.
O‘zbekiston Energetika vazirining joriy yil 20 - oktabrdagi 143 - son buyrug‘iga ko‘ra, 1 - noyabrdan boshlab ijtimoiy ahamiyatga ega barcha korxonalar gazdan uzib qo‘yilishi aytilgan. Buyruqqa binoan, qolipli non (buxanka) chiqaruvchi korxonalarga istisno sifatida gaz beriladi.
1 - noyabr kuni gazdan uzilgan korxona egalarining shikoyatlari ortidan Energetika vazirligi bayonot chiqardi.
Bayonotda «gaz ta’minot quvvatlarini oshirish maqsadida gaz ta’minoti korxonalari tomonidan mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha faol ish olib borilayotgani, bu esa iste’molni oshirish paytida tabiiy gazni teng taqsimlash imkoniyatiga ega emasligi» ma’lum qilingan.
Energetika vazirligi bayonotida «tabiiy gaz taqsimotini muvozanatlashtirish bo‘yicha maxsus vaqtinchalik choralar tufayli uylar, xonadonlar, maktablar, bolalar bog‘chalari va shifoxonalarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash imkoni»yaratilgani ta’kidlanadi.
Vazirlikka ko‘ra, "gazdan uzish korxonalar bilan shartnomada ko‘rsatilgan holat".
«Restoran, kafe uchun tabiiy gazdan foydalanishga doir cheklovlar tabiiy gaz sotib olish bo‘yicha shartnomalarda ko‘zda tutilgan zarur chora hisoblanadi», - deyiladi vazirlik baënotida.
Tezak - muqobil yoqilg‘i
Ozodlik suhbatlashgan Sergeli tumani hokimligi xodimi «Gazdan uzish ishlari birdan bo‘lmagani¸ tadbirkorlar orasida tushuntirish ishlari olib borilganligini» bildirdi.
«Gazi shu kunda uzib qo‘yilgan barcha tadbirkorlarga gazga bog‘lanib qolmay, muqobil yonilg‘i - ballonli suyultirilgan gaz, ko‘mir yoki o‘tinga o‘tish lozimligi tushuntirilgan», - deydi hokimlik vakili.
Toshkent shahar «Hududgaz poytaxt» gaz ta’minoti idorasi vakilining aytishicha¸«xo‘jalik yurituvchi subyektlarning amaldagi shartnomalarida kuz-qish davrida gaz yetkazib berishga cheklovlar kiritilishi ko‘zda tutilgan».
Mulozimga ko‘ra¸ tadbirkorlar "muqobil yonilg‘i manbalariga ega bo‘lishlari shart" .
“Uzmetronom” nashri muqobil yonilg‘i haqidagi talabni izohlab, “tappidan bo‘lgan tezak - uchinchi renesans timsolidir” deya kesatiq qildi. Maqolada bolalar bog‘chalarini isitish uchun bog‘cha opalar tezak yopayotgani yoziladi. Ayni nashr Turkmanistondan 3 milliard kubometr gaz import qilish haqidagi hukumat va’dalari qog‘ozda qolib ketganini tanqid qilgan.
Har qishda shu bo‘lar takror...
“O‘zbekneftgaz” davlat shirkati rasmiy saytida iddao qilinishicha, milliy holding shirkati “ishlab chiqarish quvvatlari” O‘zbekistonda yiliga 60-70 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olish" imkonini beradi va O‘zbekiston gaz qazib olish hajmi bo‘yicha jahonda 11-o‘rinni egallaydi.
O‘zbek gazining xorijdagi eng katta xaridori Xitoy hisoblanadi, yiliga O‘zbekiston Xitoyga 10 milliard kub metr gaz yetkazib beradi. O‘zbek gazining ikkinchi yirik xaridori Rossiyadir. Ammo pandemiya bois, bu ikki davlatga gaz sotish ko‘rsatkichlari kamaygan. Ayni paytda O‘zbekiston qish mavsumida qo‘shni Tojikiston va Qirg‘istonga gaz eksporti hajmini ko‘paytiradi.
Rasmiy xabarlarda O‘zbekistondagi ichki iste’molning yildan-yilga oshib¸ 50 milliard kub metrdan oshgani bildirilgandi.
Ayni paytda O‘zbekistonning tabiiy gazga nisbatan ichki ehtiyojiga oid aniq raqamlar jamoatchilikka e’lon qilinmaydi.
Keyingi 15 yildan ziyod vaqt davomida O‘zbekistonda, ayniqsa, qish mavsumida tabiiy gaz muammosi o‘tkirligi saqlanib qolmoqda. Yuzlab chekka qishloqlar keyingi 10 yil ichida gazdan butunlay uzib qo‘yildi.
Ozodlik radiosi 2019 - yilda O‘zbekistonning ba’zi xudularida metan quyish shoxobchalari va aholiga gaz yetkazib berishda muammolar yuzaga kelgani, buning ortidan odamlar norozilik bildirib, yo‘llarni to‘sib qo‘ygani haqida xabarlar bergan edi.