19 - noyabr kuni Toshkentda, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakat prezidentning 30 - oktabrdagi farmonidan kelib chiqadigan vazifalar muhokama qilindi.
Prezident imzolagan farmon muqaddimasida “sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotga aylantirish zarur ekanligi” ta’kidlangan.
Farmonga binoan bundan buyon vazirlik, idora, korxona, tashkilot, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari va xodimlarining semizlik darajasi nazorat qilinadi.
Prezident imzolagan hujjatda davlat amaldorining vazni bilan korrupsiya o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida hech narsa deyilmagan. Biroq olimlar o‘tkazgan tadqiqotlarda bunday bog‘liqlik borligi aytiladi.
Davlat amaldorlarining vaznini nazorat qilish O‘zbekiston prezidenti 30 -oktabrda imzolagan “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlardan biri, xolos.
Farmonda, shuningdek:
davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va xodimlari, ularning oila a’zolarining ham jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlarini ta’minlash;
aholi o‘rtasida yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, «Workout» (mahalla va ko‘cha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilash;
har chorakda har bir tuman (shahar)da «Sog‘lom turmush tarzi rivojlangan mahalla» tanlovi tashkil etish kabi qator chora-tadbirlar belgilab qo‘yilgan.
Farmonning to‘liq matni bilan mana bu yerda tanishish mumkin.
Prezident farmonining semiz amaldorlarga tegishli qismi
Farmonning 14 - bandida bunday deyilgan:
14. Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduxakimov Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda 2021 - yil 1 - iyuldan boshlab:
vazirlik, idora, korxona, tashkilot, mahalliy davlat hokimiyati organlarida faoliyat olib borayotgan rahbar va xodimlarning antropometrik ko‘rsatkichlarini (semizlik darajasini, vazn indeksini), boshqa o‘tkir kasalliklarni keskin kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash baholash mezonlarini ishlab chiqib, reyting asosida tahlil qilish hamda natijalarni onlayn kuzatib borish tizimini joriy etsin.
Ozodlik farmonning aynan shu bandini sharhlab berishni vrach, iqtisodchi, IT mutaxassisi hamda O‘zbekiston prezidentining kadrlar bo‘yicha davlat maslahatchisi sobiq o‘rinbosaridan iltimos qildi.
Vrachlar farmonni olqishladi
Andijonlik vrach Otabek Ahliddinov Ozodlik bilan suhbatda prezident farmonini olqishlar ekan, xavotirlari ham yo‘q emasligini bildirdi:
"Bu farmon amaldorlar va xalqning sog‘lig‘ini o‘ylab qilingan harakat ekanligidan xursandman va umid kilamanki, ushbu farmon ijrosi bahonasida byudjetdan katta miqdorda pullar korrupsion sxemalar orqali o‘g‘irlanib ketmaydi".
Vrachning fikricha, "o‘zbekcha semizlik"ning "o‘zbekcha sabablari" bor:
"Semiz odam birdan ozib qolmaydi. Semizlikning sababi kasallik bo‘lishi mumkin. Mamlakat iqtisodiyoti ahvoli, ijtimoiy munosabatlar, xalq mentalitetining o‘ziga xos jihatlari ham ta’sir qilishini unutmaslik kerak. O‘zbeklar juda ko‘p non yeydi, buni ham birdan kamaytirib bo‘lmaydi".
Boshqa bir vrach Tursunboy Qobilov (ism o‘zgartirilgan-tahr.) ham prezident farmonini olqishlab, unda nazarda tutilgan choralar aholi salomatligi uchun "suv bilan havoday zarurligi"ni aytarkan, farmon qog‘ozda qolib ketmasligi kerakligini ta’kidladi.
Vrachning fikricha, ortiqcha vazn bilan bog‘liq kasalliklar haqida ko‘p gapirish mumkin. “Biroq, - dedi u, - o‘zbek amaldorlarida eng ko‘p uchraydigan kasalliklardan biri pankreatit – oshqozon osti bezi yallig‘lanishi hamda jinsiy quvvatsizlikdir”. Do‘xtirning aytishicha, amaldorlar bevaqt va ko‘p ovqatlanishdan semirib ketadi, pankreatitga chalinadi, semirgan odam, harakatsizlik qo‘shilib, jinsiy quvvatdan qoladi va bu holatlar amaldorning samarali ishlashiga to‘sqinlik qiladi.
IT mutaxassisi: Amaldor vaznini onlayn nazorat qilish - absurd g‘oya!
Prezident o‘z farmoni bilan semizlik darajasini onlayn kuzatib borish tizimini joriy etishni buyurgan. Xo‘sh, bu ish qanday amalga oshiriladi?
Bu savolni Informatsion texnologiyalar (IT) mutaxassisi To‘lqin Umaraliyevga berdik. Mutaxassis onlayn kuzatish mexanizmi haqida chuqurroq ma’lumot berilmagani uchun hozircha faqat taxmin qila olishini, lekin har kanday taxmin qilmasin, bu g‘oyaning absurdligi ko‘rinib turganini aytadi:
"Odamning fiziologik ko‘rsatkichlarini onlayn tarzda turli xil yo‘llar bilan uzoqdan turib monitoring qilsa bo‘ladi. Eng oddiysi -maxsus sayt yoki mobil dasturga raqamlarni foydalanuvchi o‘zi manual tarzda kiritib boradi. Yana bir yuli — kursatkichlar smart bilakuzuk orqali avtomatik ravishda mobil dasturga uzatilib, u yerdan markazlashtirilgan serverga yuboriladi. Lekin bunday bilakuzuklarning imkoniyati cheklangan, ular faqat kundalik harakatlanish, kaloriya sarflanishini kuzata oladi, semizlik va vazn indekslarini baribir manual kiritish kerak, yoki maxsus smart tarozilardan foydalanish kerak.
To‘lqin Umaraliyevning Ozodlikka aytishicha, uni qiziqtirayotgan eng asosiy savol — bunday nazorat kimga kerakligi-yu ko‘rsatkichlar to‘g‘riligini kim tekshirishidir.
"Odam o‘z salomatligi haqida avvalo o‘zi o‘ylanmasa, o‘zi kuyinmasa, har qanday onlayn monitoring ko‘rsatkichlarini soxtalashtirsa bo‘ladi, ayniqsa, agar ular manual kiritilsa. Agar oraga tekshiruvchi qo‘yilsa, bu yana korrupsiyaga olib kelish mumkin”, - dedi IT mutaxassisi.
Farmonda onlayn nazorat jarayonida vazn indeksi me’yoridan ortib ketgani aniqlangan amaldorlarga qanday sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida hech narsa deyilmagan.
Iqtisodchi olim: Semizlik - amaldorning korrupsiyaga botgani belgilaridan biri
Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Xidirnazar Allaqulovning Ozodlikka aytishicha, davlat amaldorining semizligi bilan korrupsiya o‘rtasida bog‘liqlik borligiga oid chet ellik iqtisodchilar bir necha tadqiqotlar o‘tkazgan.
“Amaldorlar, - deydi professor, - birinchidan, kam harakatli va o‘tirgan joyida buyruq berish bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Ikkinchidan, ayrim amaldorlar mansab vakolatidan g‘arazli shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanib, katta daromad topib, boylik to‘plagani sababli noto‘g‘ri ovqatlanishadi. Ular yeydigan ovqatlar, asosan, xolesteringa boy, o‘ta quvvatli go‘sht, go‘sht mahsulotlari hamda tansiq taomlardir. Amaldorlarning rasmiy maoshi ikki-uch millionning atrofida ekanligini inobatga olsak, yeyayotgan ovqatlari ular botgan korrupsiya botqog‘idan bir parcha loy ekanligini tushunish uchun katta aql bo‘lishi shart emas”.
Korrupsiya va semizlik o‘rtasida bog‘liqlik bor - tadqiqot
Professor Allaqulov tilga olgan ilmiy tadqiqotlardan biri to‘g‘risida joriy yil yozida eurasianet.org nashri xabar qilgan edi.
Fransiyadagi Monpelye universiteti professori Pavel Blavatskiy o‘tkazgan tadqiqot natijalariga qaraganda, sobiq sovet respublikalarida korruptsiya darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, siyosatchilarining semizlik darajasi ham shunchalik balanddir.
Olim Litva, Latviya i Estoniya, Gruziya kabi korrupsiya darajasi past bo‘lgan davlatlarda davlat amaldorlari vazn indeksi pastligi, Turkmaniston, Tojikiston, O‘zbekiston kabi mamlakatlarda "amaldorlar vazni indeksi mavjud korrupsiya darajasiga mutanosib" ekanligini aniqlagan.
Islom Karimov va "dumaloq vazirlar" haqida
Taniqli jurnalist Sharof Ubaydullayev 90- yillar boshida O‘zbekiston prezidentining Kadrlar bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Birinchi prezidentning amaldorlar vazni bilan ishi bo‘lmaganini eslab, Ubaydullayev bunday dedi:
"Hozir, mayli, ismlarini aytmay qo‘yaqolay, eng semiz, eng dumaloq vazirlar Karimovning eng yaxshi ko‘rgan odamlari bo‘lgan. Albatta, Karimov ularni semizligi uchun yaxshi ko‘rgan, demoqchi emasman. U kishiga amaldor semiz bo‘ladimi, oriq bo‘ladimi, daroz yoki pakana bo‘ladimi – muhimi sadoqatlimi-yo‘qmi – shu edi".
Sharof Ubaydullayev prezidentning sog‘lom turmush tarziga oid farmoni navbatdagi kampaniyabozlikka aylanib ketishidan xavotirda ekanini bildirdi:
"Mirziyoyevning farmonini amaldorlarning vaznini nazorat qilishga urinish, deb tushunmaslik kerak. Bu yerda gap madaniyat ustida, turmush tarzi ustida ketyapti. Shunisi yomonki, ba’zilar prezidentning umumiy fikrlariniyam qonunga aylantirib olishyapti. Prezident sog‘lom turmush tarzini tavsiya qilyapti, xolos. Farmondan kelib chiqib, vaznni amaldorning asosiy sifati, deb tushunib olmaslik kerak. Aks holda, barcha amallarga balerinalaru sportchilarni o‘tqazib qo‘yishga to‘g‘ri keladi".
Sharof Ubaydullayev sog‘lom turmush tarzi tushunchasining oddiy xalqqa taalluqli bir muhim jihatiga e’tibor qaratdi:
"Xalqning dasturxoniga bir qarash kerak. Sog‘lom turmush tarzini xalq o‘z hayotiga tadbiq qilishi uchun ancha narsalarni sotib olishi kerak, lekin bunga imkoniyati yo‘q. O‘zimizdagi ko‘katlaru sabzavotlarniyam dasturxonimizga to‘la- to‘kis qo‘yish imkoniyatimiz hali yo‘q. Ana, bozorda go‘sht narxi 100 ming so‘mga qarab ketyapti. Bu ahvolda qanday qilib sog‘lom turmush tarzi haqida gapirish mumkin, axir?!"