Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:57

Hujumga uchragan Allaqulovning o‘zi “mayda bezorilik”da ayblanmoqda. Hujum qilganlar uni sudga berdi (VIDEO)


‌“Haqiqat‌ ‌va‌ ‌Taraqqiyot”‌ ‌partiyasi‌ ‌yetakchisi, professor‌ ‌Xidirnazar‌ ‌Allaqulov‌.
‌“Haqiqat‌ ‌va‌ ‌Taraqqiyot”‌ ‌partiyasi‌ ‌yetakchisi, professor‌ ‌Xidirnazar‌ ‌Allaqulov‌.

O‘zbekistonda‌ ‌yangi‌ ‌ta’sis‌ ‌etilgan‌ ‌“Haqiqat‌ ‌va‌ ‌Taraqqiyot”‌ ‌partiyasi‌ ‌yetakchisi, professor‌ ‌Xidirnazar‌ ‌Allaqulov‌ “mayda bezorilik”da ayblanmoqda.

20 - aprel kuni Yunusobod tuman ma’muriy ishlar sudida boshlanishi rejalangan sud majlisi bir kunga kechiktirildi.

31 - mart kuni Allaqulov uyiga bosqin uyushtirganlar uning o‘zini “mayda bezorilik”da ayblab, sudga murojaat qilgan.

Allaqulovga ko‘ra, ayni paytda ushbu bosqin borasida uning IIBga bergan arizasi javobsiz qolmoqda.

Termiz universitetining sobiq rektori, professor Xidirnazar Allaqulov yetakchiligidagi “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi ta’sis qurultoyi shu yilning 8 - martida bo‘lib o‘tgan. Unda professor Allaqulov partiya raisi etib saylangan.

Ҳужумга учраган Аллақуловнинг ўзи “майда безорилик”да айбланмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:29 0:00

20 - aprel kuni poytaxtning Yunusobod tuman ma’muriy ishlar sudida o‘tishi belgilangan Xidirnazar Allaqulov ishi bo‘yicha sudning dastlabki majlisi qoldirildi.

Allaqulovning Ozodlikka aytishicha, sud bir kunga kechiktirilgan:

“Bugun sud boshlanmadi. Soat 16:00ga chaqirishgandi. Borsam, ertaga qoldirildi, deyishdi. Ertaga soat 16:00da boshlanarkan”.

Allaqulovga ko‘ra, 31 - mart oqshomida uyi yo‘lagida unga bosqin uyushtirganlar uning o‘zini sudga bergan.

“O‘sha kuni uyim oldida 20ga yaqin shaxs menga hujum qilib, 40 minut davomida baqir-chaqir qilib, meni haqoratlagan edi. Endi ularning o‘zi meni sudga beribdi”,- deydi Allaqulov.

X. Allaqulovga ko‘ra, o‘sha kuni noma’lum shaxslar professordan siyosiy faoliyatini to‘xtatish, Yunusobod 17 - mavzeda partiya uchun ijaraga olingan idorani bo‘shatib qo‘yishni talab qilgandi.

Аллақулов уйи йўлагида босқинга учради - ундан партия ижарага олган идорани бўшатиб қўйиш сўралди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:36 0:00

Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi ya’ni “mayda bezorilik” bo‘yicha ayblov ilgari surilgan.

“Men ularni haqorat qilgan emishman. Lekin o‘sha kungi holat boshidan oxirigacha videoga olingan. Men bu videoni IIBga berganman”, deydi Allaqulov.

Professorning aytishicha, 31 - mart kungi bosqin bo‘yicha uning o‘zi ham IIBga ariza bergan, biroq arizasi javobsiz qolgan.

183-moddaga ko‘ra, jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi xatti-harakatlar “mayda bezorilik”ka kiradi.

Bosimlar

“Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasi faollari o‘zlariga nisbatan bosimlar to‘xtamayotganidan shikoyat qilmoqda.

13 - aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda namanganlik 24 yashar talaba Abdurahmon Ikromov ushbu partiyaga imzolarni aldab yiqqani iddao qilingan va buning uchun mahalladoshlari sazoyi qilayotgani aks etgan video tarqaldi.

Ikromov, Ozodlik bilan qisqa muloqotda mahalladoshlarini aldab imzo yiqqaniga oid ayblovlarni to‘liq rad etdi, ammo bosim ostida shunday ko‘rsatma berib, kechirim so‘rashga majburlanganini aytdi.

Аллақулов партиясига имзо йиққан талаба сазойи қилинди. Фаолларга “босим давом этмоқда”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:58 0:00

Yangi partiyaga tarafdor boshqa faollar ham mahalliy hokimiyat va huquq-tartibot idoralari bu partiyaga imzo yig‘ish harakatini qattiq nazorat qilayotgani, tarafdorlarni voz kechtirishga urinayotganini aytmoqda.

Partiya faoli Muhammadamin Ermatovga ko‘ra, faollar ro‘yxatdan o‘tish uchun Adliya vazirligiga hujjat topshirgani ortidan Namangan, Samarqand, Xorazm va Navoiy viloyatlaridan imzo chekkan va yiqqanlarga bosim boshlangan.

HTSDPning Samarqanddagi faoli Mahmud Davronovga ko‘ra, partiya uchun hayrixohlarni qo‘rqitish uchun “ko‘cha odamlari”dan ham foydalanilmoqda:

- Bizda partiyaga hayrixoh bir tadbirkor yigit bor. Shu yigitning do‘konini soliqdan kelib, reviziya qilishdi. O‘zi planda bo‘lmagan, ro‘yxatda bo‘lmagan bu proverka. Keyin “ko‘chaning bolalari” kelib uni qo‘rqitgan. ”Sizlar geylar bilan bog‘liqsizlar”, deb qo‘rqitgan. Ular ko‘chaning bolalari, melisaning emas. Shu ikkita holatdan keyin bu tadbirkor yigit do‘konini yopishga majbur bo‘ldi. Masalan, o‘zim partiyaning imzo to‘plash bo‘yicha yig‘ilishiga bormoqchi bo‘lgandim. Borayotgan mashinamdan chiqarib, o‘zining nomersiz mashinasiga kuch bilan kiritib, melisaga olib borishdi. 5 soatdan keyin qo‘yib yuborishdi. Keyin xotinimni chaqirib, qo‘rqitgan. “Eringiz bilan gaplashing, bu ishi yaxshilik bilan tugamaydi” degan.

Davronov tilga olgan tadbirkor yigit “ko‘cha odamlari” uning oldiga kelganini Ozodlikka tasdiqladi, biroq tafsilotlarini gapirishni istamadi.

Ўзбек муҳожири: Аллақулов партияси учун имзо кампаниясига қўшилганлар "25-30 мингга етди"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:55 0:00

Saylovoldi harakatlari

7 - aprel kuni “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasining bir guruh faolari Adliya vazirligiga ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan imzolarni topshirish uchun borishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Xidirnazar Allaqulov vazirlik vakiliga 20 mingga yaqin imzo to‘plab kelganini aytar ekan "amalda shunday imzolar asosida biror bir partiya yo‘q O‘zbekistonda, shunday imzo to‘planganini isbotlab bera olasizmi?", deydi.

5 - aprel kuni O‘zbekistonning 30 yillik mustaqillik tarixida prezident saylovlarida ishtirok etgan yagona muxolifat partiyasi- "Erk" oktabr oyidagi saylovlarda prezidentlikka nomzodini ilgari surish rejasini e’lon qildi.

"Qariyb 30 yildir tazyiq va ta’qiblar ostida faoliyatini davom ettirib kelayotgan va 1991 - yil O‘zbekiston Adliya Vazirligidan qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan mamlakat tarixidagi ilk mustaqil partiya – O‘zbekiston “Erk” Demokratik Partiyasi ham yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini ilgari surishga qaror qildi", deyiladi 5 - aprel kuni partiyaning uzerk.org veb-saytida e’lon qilingan bayonotda.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi rasmiylari kelayotgan prezident saylovlarida xalqaro tashkilotlarning "maqbul" tavsiyalari tadbiq etilishini aytishgan, ammo bu tavsiyalarga muxolifat partiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish kiradimi, yo‘qmi, ma’lum emas.

Ayni paytda mamlakatda oddiy ishchilardan tortib davlat xizmatchilarigacha 2016 - yilgi prezidentlik saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini ilgari surgan “O‘zLiDeP”ga a’zo bo‘lishga majburlanayotgani haqida xabarlar kelmoqda. Mirziyoyevning yana ushbu partiyadan nomzodi ilgari surilishi taxmin qilinmoqda.

O‘zbekiston parlamentidagi mavjud beshta partiyaning hammasi hukumatparast partiyalardir. Mamlakatda qaror topgan siyosiy an’anaga ko‘ra, aynan shu partiyalarning rahbarlari prezident saylovlarida amaldagi prezidentga "raqib" bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG