Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:27

Test sinovlari: O‘zbekiston OTMlariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni nega keskin kamayib ketdi?


2021 - yilda O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga 948 ming abituriyentdan ariza kelib tushgan
2021 - yilda O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga 948 ming abituriyentdan ariza kelib tushgan

Bu yil O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun 948 ming abituriyent hujjat topshirdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan yarim milliondan ziyodroqqa kam.

Soha mutaxassislari 2021/2022 - o‘quv yilida o‘qishga kirayotgan yoshlar sonining kamligini turli sabablar bilan izohlamoqda.

Abituriyentlar soni 535 mingga kam

Davlat test markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021/2022 - o‘quv yili uchun O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga 948 ming 211 nafar abituriyentdan ariza kelib tushgan.

Bu 2020 - yilga nisbatan 36,1 foizga yoki 535 mingga kam: o‘tgan yili O‘zbekistonda abituriyentlar soni 1,484 mln tashkil etgan edi. Ma’lumot uchun- 2019 - yilda 1 million 66 ming 925 nafar abituriyent OTMlarga hujjat topshirgan.

Oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlarida o‘qish uchun topshirilgan arizalarning umumiy sonidan 479 627 (o‘tgan yili – 798 608 odam bo‘lgan), sirtqi bo‘limlarga – 435 995 (648 733) va kechkiga – 32 589 (36 744) kishi hujjat topshirgan.

O‘qitish tillari bo‘yicha talabnomalar quyidagicha taqsimlandi: o‘zbek (804660), rus (109232), qoraqalpoq (31462) va boshqa tillar (2857).

2021-2022 - o‘quv yili uchun talabalar qabul qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlari bakalavriat uchun 157,7 mingdan ortiq, magistratura uchun 12,9 ming.

Abituriyentlar soni nega kamayib ketdi?

Ayrim mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, imtihonlardagi fanlarning ko‘payishi tufayli bu yil oliy ma’lumot olishni istaganlar soni kamaygan. Boshqalar bu holatni koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat, "yoshlarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishining so‘nishi" va aholi daromadi kamaygani variantlarini ham ilgari surmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan oliy ta’lim muassasasi xodimlaridan birining fikricha, raqamlardagi bunday farq, eng avvalo bundan ikki yil oldin ta’lim tizimida olib borilgan islohotlarga bog‘liq.

U 2019-2020 - o‘quv yilida O‘zbekistonda barcha kasb-hunar kollejlariga qabul e’lon qilinmagani va 11 - sinflar komplektatsiyasi masalasi keyingi yilda o‘qishga topshirganlar sonini keskin oshirib yuborganini gapirdi.

- Mening fikrimcha, hujjat topshirganlar sonining keskin oshishi, birinchidan, 2019 - yilda kollejlarning yopilishi hisobiga bo‘ldi. 2019 - yili 11 - sinfni birinchi bitiruvchilari chiqdi. Ularning kam sonli ekanligining sababi – o‘quvchilar litsey va kollejlarga o‘tib ketgan. 2020 - yili kollej va litseylarning 3-bosqich bitiruvchilariga qo‘shilib, o‘qishi 1 yilga qisqartirilgan, ya’ni 2 bosqich talabalari ham qo‘liga shahodatnomani olgan. Natijada, 2020 - yili 11 - sinfni 2019 - yilga nisbatan ancha ko‘p o‘quvchi bitirgan va ular abituriyentlar sonini keskin oshirgan.

Ikkinchidan, sirtqi va kechki ta’lim ochilishi talabgorlar sonini keskin ko‘paytirdi. Karimov davrida yopilgan sirtqi ta’lim tizimiga, ayniqsa ishlab chiqarishda bo‘lgan yoki kunduzgi bo‘limlarda o‘qish imkoniga ega bo‘lmaganlar ommaviy ravishda hujjat topshirdi. Vaholanki, demografiyada jiddiy o‘zgarish bo‘lmagan, tug‘ilish ham har yilgidek. Men boshqa sababni ko‘rmayapman, - dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan mutaxassis.

Suhbatdosh 2020 - yili OTMga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirganlar soni 2019 - yilga nisbatan 39 foizga ko‘p bo‘lganini eslatdi.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi mutasaddisi esa, yuqoridagi savolga javoban, bu holatning yuzaga kelishiga qator sabablar borligini taxmin qildi. U 2020 - yilda O‘zbekiston oliy uquv yurtlariga talab pandemiya paytida mamlakatni tark eta olmaganlar hisobiga oshdi, deydi:

- Kovid bilan bog‘liq cheklovlar tufayli, ayniqsa Rossiya, Turkiya va Qozog‘istondan kelib qolgan juda ko‘p sobiq muhojir yoshlar O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirib ko‘rgan. Bu yili ishsiz o‘tirib qolgan yoshlar yana mehnat muhojirligiga ketdi.

O‘zbekistonda o‘tgan yili ko‘plab oliy o‘quv yurtlari o‘z filiallarini ochdi. Xato qilmasam, ularning soni bu yil 9tadan oshdi. Ko‘pchilik abituriyentlar 2020 - yili avj olgan pandemiya vaqtida ham Xo‘jand, O‘sh, Chimkent, yana bir qismi Rossiya OTMlariga hujjatlarini topshira oldi.

Ozodlik suhbatlashgan Oybek ismli o‘zbekistonlik muhojir o‘g‘li Belgoroddagi davlat universitetiga o‘qishga kirganidan xursandligini yashirmadi.

U o‘g‘li ikki yil O‘zbekiston oliygohlariga hujjat topshirib, o‘qishga qabul qilinmaganidan keyin minglab boshqa hafsalasi pir bo‘lgan yigit-qizlar kabi “baxtini xorijda sinab ko‘rgani”ni ma’lum qildi.

- O‘zbekistonda konkurs juda katta. Masalan, Rossiyaning ko‘plab oliy o‘quv yurtlariga talaba yetishmayapti va ular markaziy osiyoliklar evaziga kurslarni to‘ldiryapti ekan. Mening o‘g‘lim shular qatorida Rossiya davlati granti hisobiga Belgorod texnologiya universitetida tahsil oladi. Eng muhimi, u o‘z o‘qishiga o‘zi ishlab pul topishi mumkin. Ko‘plab tanishlarimning Rossiyaga ishga ketgan farzandlari o‘qishga kirib olgan, - dedi Oybek.

Ozodlik suhbatlashgan Rossiyadagi qator oliy o‘quv yurtlaridagi qabul komissiyasi vakillari 2021 - yilda markaziy osiyolik, ayniqsa o‘zbekistonlik abituriyentlar soni keskin ko‘payganini aytishmoqda.

"Milliy kadrlar" xorijda tahsil olmoqchi

Krasnodardagi Kuban davlat universitetining xorijlik talabalar bilan ishlash bo‘limi rahbari Yelena Semko bu yil o‘qishga topshirgan xorijliklar soni 500 kishiga oshganini bildirdi.

"Rossotrudnichestvo"ning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Mixail Vojdayev keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya oliygohlarida 35 mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda va bu raqam yaqin kelajakda ikki barobarga ko‘payishi mumkin.

Oxirgi ikki yil ichida respublikadagi birgina Rossiya oliy o‘quv yurtlari filiallari soni 4 tadan 11 taga ko‘paygan. Toshkentda RUDN universiteti vakolatxonasi ham ochilgan.

Prezidentning 2019 - yil 6 - sentabrdagi farmoni bilan 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan yangi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalari: kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladigan bo‘lgan.

Shu maqsadda prezident Islom Karimov davrida tashkil etilgan 1214 kasb-hunar kollejidan 340 tasi kasb-hunar maktablariga aylantirilgan.

O‘zbekistonda 1997 - yil avgustida qabul qilingan qarorga muvofiq, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari "milliy kadrlar"ga tenglashtirilgan edi.

2016 - yil dekabrida prezident Mirziyoyev Karimov davrida qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan olgan. 2017 - yildan boshlab Mirziyoyev taklifi bilan 11 yillik ta’lim qayta tiklangandi.

XS
SM
MD
LG