Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 16:13

Tahlil: Afg‘onistondagi “Islomiy davlat” naqadar xavfli?


Amerikaliklar Kobul aeroporti tashqarisida sodir etilgan xudkushlik hujumida “Islomiy davlat” ekstremistik guruhining Afg‘onistondagi tarmog‘ini ayblamoqda. “Islomiy davlat – Xuroson” nomi bilan tanilgan guruh bundan olti yil oldin mamlakat sharqida tuzilgan. Guruh tez orada dunyodagi eng xavfli terror tahdidlaridan biriga aylandi.

AQSh boshchiligidagi koalitsiya ko‘p yillar davomida guruhni nishonga olgan bo‘lishiga qaramay, u butunlay yo‘q bo‘lmadi va Afg‘onistondan AQSh va NATO qo‘shinlari olib chiqib ketilayotgan bir paytda yirik hujumni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.

Prezident Jo Bayden payshanba kuni amalga oshirilgan hujumda “Islomiy davlat – Xuroson” guruhini aybladi. Portlashni amerikalik harbiy xizmatchilar nazorati ostidagi aeroport darvozasi yaqinidagi olomon ichiga kirib borgan xudkush hujumchi amalga oshirgan.

“Islomiy davlat – Xuroson” o‘ta halokatli hujumlarni amalga oshirib nom chiqargan. Quyida guruh Kobuldan xorijliklarni va tahdid ostidagi afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilish amaliyotida hamda AQSh harakatlariga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida “Associated Press” agentligi nashr etgan maqola tarjimasi bilan tanishishingiz mumkin.

“Islomiy davlat – Xuroson” guruhi haqida

“Islomiy davlat” guruhining Markaziy Osiyodagi bo‘linmasi guruhning asosiy jangchilari 2014 - yilning yozida Suriya va Iroqni bosib olib, o‘zlariga xos xalifalikni tashkil etganidan bir necha oy o‘tgach paydo bo‘lgan edi. Suriya va Iroqda guruhni siqib chiqarish uchun mahalliy va xalqaro qo‘shinlar besh yil kurashdi.

Afg‘onistondagi bo‘lim nomi O‘rta asrlarda Afg‘oniston, Eron va Markaziy Osiyoning ko‘p qismini qamrab olgan tarixiy Xuroson viloyati nomidan olingan.

Guruh “IShIDX” yoki “IShID – X” nomi bilan ham tanilgan. IShID esa, o‘z navbatida, “Iroq va Shom islomiy davlati” atamasi qisqartmasidir.

“Islomiy davlat – Xuroson” jangarilari kimlar?

Guruh boshida Pokistondagi harbiy amaliyotlar ortidan Afg‘onistondan boshpana topgan bir necha yuz pokistonlik Tolibon jangarilari turgan. Yillar davomida ularning safiga boshqa hamfikr ekstremistlar, jumladan, Tolibonni oshiqcha mo‘’tadil va tinch deb bilgan toliblar qo‘shilgan.

So‘nggi yillarda Tolibon AQSh bilan tinchlik muzokaralarini olib borar ekan, norozi toliblar yanada ekstremistik g‘oyalarga ega “Islomiy davlat” guruhiga o‘tdi, natijada guruh kengaydi. Ko‘pchilikning Tolibon AQSh bilan muzokara olib borayotganidan hafsalasi pir bo‘ldi, chunki ular Tolibon harbiy g‘alabaga erishish yo‘lida, degan xulosaga kelgan edilar.

Guruh, shuningdek, “O‘zbekiston islomiy harakati” a’zolari, Eronning sunniylar yashaydigan yagona viloyatidan kelgan jangchilar hamda Xitoyning shimoli-sharqidagi uyg‘urlar tuzgan “Turkiston Islom partiyasi” a’zolarini o‘ziga jalb qildi.

“Islomiy davlat” guruhining zo‘ravon va o‘ta mafkuraviy qarashlari, jumladan, Islom olamini birlashtirib, xalifalik tuzish va’dalari ko‘pchilikni o‘ziga tortdi.

Nima uchun ushbu guruh o‘ta xavfli?

Asosan Afg‘oniston ichida faoliyat yuritib kelayotgan Tolibondan farqli o‘laroq, Afg‘oniston va Pokistondagi “Islomiy davlat” guruhi asosiy guruhning butun dunyo bo‘ylab g‘ayrimusulmonlarga qarshi jihod qilish chaqirig‘ini qabul qilgan.

Xalqaro va strategik tadqiqotlar markazi (The Center for International and Strategic Studies) “Islomiy davlat” jangarilari Afg‘oniston va Pokistonda tinch aholiga, jumladan, ozchilik shia musulmonlariga qarshi uyushtirgan o‘nlab hujumni qayd etgan. Shuningdek, 2017 - yilning yanvaridan buyon jangarilar Afg‘oniston, Pokiston va AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari bilan yuzlab marta to‘qnashgan. Guruh hali AQSh hududida hujum uyushtirmagan bo‘lsa-da, Vashington jangari guruh AQSh hamda uning Janubiy va Markaziy Osiyodagi ittifoqchilari uchun doimiy tahdid deb hisoblaydi.

Ularning Tolibon bilan munosabatlari qanday?

“Islomiy davlat” va Tolibon bir-biriga dushman. Razvedka xodimlari “al-Qoida” jangchilari Tolibon safiga qo‘shilgan, deb hisoblaydi. Tolibon esa, o‘z navbatida, Afg‘onistonda “Islomiy davlat” guruhiga qarshi yirik, muvofiqlashtirilgan hujumlarni uyushtirib keladi. Tolibon jangarilari AQSh va AQSh dastaklagan Afg‘oniston hukumati kuchlari bilan hamkorlikda Afg‘onistonning shimoli-sharqiy hududlarida “Islomiy davlat” jangarilariga qarshi kurashgan holatlar ham bo‘lgan.

AQSh Mudofaa vazirligi xodimi “Associated Press” agentligiga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan bergan intervьyusida Tramp ma’muriyati Tolibon bilan 2020 - yilgi kelishuvni qisman “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurashda kuch birlashtirish maqsadida taklif qilganini aytdi. Tramp ma’muriyati “Islomiy davlat” guruhini Amerika uchun jiddiy xavf deb bilgan.

Guruh hozirgi kunda naqadar xavfli?

Hatto AQSh Afg‘onistonda “Islomiy davlat” guruhini kuzatish va unga zarba berish uchun jangovar qo‘shinlar, samolyotlar va qurolli dronlarga ega bo‘lgan paytda ham “Islomiy davlat” AQShga qarshi hujum qilishda davom etdi. Uest-Poynt akademiyasi qoshidagi Terrorizmga qarshi kurash markazi (Combating Terrorism Center) uchun hozirlangan hisobotda jangarilar bu hujumlarni amalga oshirish uchun minglab a’zosini qurbon qilgani aytildi.

AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketgani uchun mamlakat hududida zarba berish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda. Shuningdek, bundan nari Vashingtonning “Islomiy davlat” guruhini kuzatib borish qobiliyati zaiflashadi. Bayden ma’muriyati rasmiylari “Islomiy davlat” guruhi AQSh butun jahon bo‘ylab kurashayotgan ko‘plab terror tahdidlaridan faqat bittasi ekanini aytmoqda. Ular guruh soladigan tahdidni Fors ko‘rfazida yoki boshqa yerda joylashgan harbiy bazalardagi uchoqlar yordamida bartaraf eta olishlarini iddao qilishmoqda.

AQShni eng qattiq tashvishlantirayotgan masalalardan biri Afg‘onistonning Tolibon hukmronligi ostida G‘arbga hujum uyushtirishni rejalashtirayotgan ekstremistlar uchun tayanch nuqtasiga aylanish ehtimolidir.

Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan o‘tgan hafta CNN telekanaliga bergan intervyusida AQSh “bisotidagi barcha vositalar bilan” bu tahdidga qarshi chora ko‘rayotganini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG