Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:51

The Diplomat: Toshkent YeOIIga a’zo bo‘lish masalasini hanuz ko‘rib chiqmoqda


Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti - Sochi, 14 -may, 2018
Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti - Sochi, 14 -may, 2018

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Rossiyaning «Kommersant’» gazetasiga oktabr oyida bergan intervyusida O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) qo‘shilishi nima sababdan kechikayotgani haqidagi savolga javob berdi. Komilov O‘zbekiston hukumati a’zolik bilan bog‘liq xavflarni o‘rganib chiqayotganini aytdi.

- Shu bilan birga, ochig‘ini aytmoqchiman: biz bir necha yildan buyon Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga bevosita a’zo bo‘lib kelgan [mamlakat]larning ayrim tanqidlarini diqqat bilan ko‘rib chiqyapmiz. Ularning noroziligi, da’volari, tanqidlari nima bilan bog‘liq ekanini aniqlamoqchimiz, - dedi Komilov.

The Diplomat nashriga ko‘ra, Toshkent ko‘rib chiqayotgan tanqidlar iqtisodiy masalalar bilan bog‘liq. O‘zbekiston o‘z iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish uchun alohida imtiyozlar berilishini talab qilishni rejalashtirayotgani, ayni damda esa Toshkent aynan qaysi sohalar bo‘yicha muzokara olib borishni aniqlash ustida ishlayotganini xulosa qilish mumkin.

Intervyu davomida Komilov ayrim savollarga qaramay, O‘zbekiston YeOII taqdim etayotgan imkoniyatlardan foydalanishni istashini ta’kidladi. Vazir O‘zbekiston o‘z niyati jiddiy ekanini isbotlash yo‘lida allaqachon YeOIIda yuqori darajada ishtirok eta boshlaganini qo‘shimcha qildi. Darhaqiqat, 2020 yilning may oyida deputatlar O‘zbekistonning kuzatuvchi maqomi ma’qullanganidan buyon O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining ikki majlisida ishtirok etdi.

Sentabr oyida Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko O‘zbekistonning tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishi borasida qaror chiqarishga shoshilmayotganliklarini aytgan edi.

"O‘zbekistonni [YeOIIga qo‘shilish bo‘yicha] yakuniy qaror chiqarishga shoshilmayapmiz... Qachonki mamlakat zarur deb hisoblasa, tashkilotga a’zo bo‘lishi mumkin. YeOII haqiqatan ham iqtisodiy rivojlanish uchun katta imkoniyatlarni taqdim etishiga ishonamiz, - degan Rudenko.

O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi haqida gap ketganda, rasmiylar asosan, YeOIIga a’zolik bilan bog‘liq iqtisodiy imkoniyatlarga to‘xtalib keladi. Boshqacha qilib aytganda, bugunga qadar a’zolik bilan bog‘liq siyosiy masalalar haqida ko‘p gapirilgani yo‘q. Ammo Komilovning so‘nggi intervyusidan hukumatning yuqori tabaqalarida YeOIIga a’zolik bilan bog‘liq xavf-xatarlar ko‘rib chiqilayotganini xulosa qilish mumkin.

O‘rta darajadagi o‘zbek siyosatchilari a’zo bo‘lish jarayoni kechikayotganidan xunob bo‘layotganini aynan shu holat bilan izohlash mumkin. Oktabr oyida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Aktam Haitov YeOIIga a’zo bo‘lish haqida o‘z qarashlarini bayon qildi. Haitov tashkilotga a’zo bo‘lish mamlakatga ko‘plab foyda keltirishi haqida maqola yozdi.

Haitovning so‘zlariga ko‘ra, YeOII O‘zbekistonga yagona bozorga chiqish imkonini beradi, barqaror iqtisodiy rivojlanishga yetaklaydi, mamlakatda turmush darajasini yaxshilashga yo‘l ochadi.

«YeOIIning maqsadi — a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini yuksaltirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiyani rivojlantirishdan iborat», deb yozdi u o‘z maqolasida.

Bundan tashqari, Haitov hozirda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga YeOII hududida farmatsevtika sanoati va chakana savdo nuqtalarida ishlashga ruxsat berilmayotgani, mamlakat tashkilotga a’zo bo‘lgach, migrantlar nafaqat ushbu sohalarda ishlashlari, balki mehnat shartnomalari asosida Rossiyada muddatsiz qolishlari mumkin bo‘lishini urg‘uladi.

Shuningdek, Haitov o‘zbekistonliklar YeOII mamlakatlarida ishlashlari uchun hozirda olishlari shart bo‘lgan mehnat patenti bekor qilinsa, «migrantlar uchun jami to‘g‘ridan-to‘g‘ri foyda yiliga uch milliard AQSh dollarini tashkil qilishini» taxmin qildi.

U o‘z hisob-kitoblarini nimaga asoslaganiga oydinlik kiritmadi. Rasmiy O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 2020 - yilda YeOII tarafdorlari o‘tkazgan suhbat chog‘ida aytgan statistikaga tayangan bo‘lishi mumkin. O‘shanda Aripov Rossiyada ishlayotgan har bir o‘zbekistonlik muhojir ishlashga ruxsat olish uchun yiliga 1 000 dollar sarflayotganini aytgandi.

Haitovning fikricha, O‘zbekiston iqtisodida o‘zgarishlar mamlakat YeOIIga qo‘shilgandan keyin kuzatiladi. Bu qarashga ko‘ra, YeOII yanada raqobatbardosh iqtisodiyotga yetaklaydi, eksport hajmini oshiradi, migrantlar uchun yaxshi ish sharoitini yaratadi.

Komilovning bayonoti Toshkent YeOIIga a’zo bo‘lish fikridan voz kechganini anglatmaydi. The Diplomat nashri maqolasida e’tirof etilganidek, vazirning bayonoti Toshkent etti o‘lchab, bir kesish siyosatini olib borayotganini ko‘rsatadi.

YeOII hisob-kitoblariga ko‘ra, 2016 – 2019 - yillarda O‘zbekiston va tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlash hajmi 4,5 milliard dollardan 9,1 milliard dollarga oshgan. Bu holat O‘zbekiston a’zo bo‘lishiga yanada kuchliroq turtki beradi. Ayni damda esa Toshkent yakuniy hujjatlarni imzolashdan oldin qanday imtiyozlarni talab qilishni aniqlab olish ustida bosh qotirayotganini xulosa qilish mumkin.

XS
SM
MD
LG