Tolibon Afg‘onistonning deyarli barcha hududlari va poytaxt Kobulni egallashi ortidan ortidan minglab afg‘onlar mamlakatdan chiqib ketish harakatiga tushdi. Kuzatuvchilar katta sondagi qochqinlar oqimi O‘zbekiston chegarasi tomon yo‘naltirilganini qayd etmoqda.
Ammo O‘zbekiston hukumati qochqinlar soni va chegaradagi vaziyat yuzasidan to‘liq va tezkor ma’lumot bermayapti.
Ammo tahlilchilarga ko‘ra, chegaradagi qochqinlar oqimi rasmiy Toshkentni xavotirga solayotgani aniq.
Tolibon jangchilari Afg‘oniston shimolidagi tumanlarni birin-ketin egallab olishni boshlagan iyul oyida O‘zbekiston hukumat hay’ati Jenevaga tashrif buyurgan va BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi vakillari bilan muzokaralar olib borgan edi. Bir vaqtning o‘zida Termizdagi manbalar Afg‘oniston bilan chegarada ehtimoliy qochqinlar uchun chodirlar tikilayotganini tasdiqlagan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 14–15 - avgust kunlari Afg‘onistonning 22 ta harbiy samolyoti va 24 ta harbiy vertolyoti O‘zbekiston havo hududi chegarasidan noqonuniy o‘tgani, ularda jami 585 nafar qurollangan harbiy xizmatchi bo‘lganini xabar qilgan edi.
Yordam so‘rab O‘zbekiston hududiga o‘tgan qiruvchi uchoq uni kuzatib kelayotgan O‘zbekiston harbiy uchog‘i bilan havoda to‘qnashib ketgani, uchuvchilar katapulta orqali jon saqlab qolgani aytildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston hududiga afg‘onistonlik harbiylar bilan to‘la vertolyot qo‘ngani aks etgan video ham tarqaldi.
O‘zbek harbiylari tomonidan suratga olingani anglashgilgan videoda paxta dalasiga qo‘ngan ikkita vertolyotda afg‘onistonlik harbiylar, asosan uchuvchilar ekani ko‘rinadi. Ular O‘zbekistonga Tolibondan qochib o‘tganini aytishadi. Videoda o‘zbek harbiylari afg‘onlar qo‘lidagi qurollarni olib qo‘ygani va ikkita vertolyotni yaqin atrofdagi aerodromga uchirib borish harakatidaligi aks etgan. Hozircha O‘zbekiston tomoni bu vertolyotlar va undagi afg‘on harbiylari taqdirini ochiqlamadi.
15 - avgust oqshomida Telegram kanallarda tarqalgan videoda o‘nlab afg‘on harbiy texnikasining Termizdagi "Do‘stlik" ko‘prigida to‘planib turgani aks etgan.
O‘zbekiston rasmiylari 14 - avgust kuni O‘zbekiston davlat chegarasidan noqonuniy o‘tgan 84 nafar Afg‘oniston harbiy xizmatchisi taslim bo‘lgani, ularga tibbiy yordam va vaqtinchalik boshpana berganini tasdiqladi. Xabarda Tashqi ishlar vazirligi afg‘on fuqarolarini vataniga qaytarish hamda Termiz-Hayraton ko‘prigi hududidagi vaziyatni yumshatish uchun afg‘on tomoni bilan muzokaralar olib borayotgani aytilgan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 14-15 - avgust kunlari Afg‘oniston bilan chegarada ro‘y bergan voqealar haqidagi bayonoti yanglish berilganini ma’lum qildi.
Bosh prokuratura afg‘on harbiy havo kuchlari O‘zbekistonga o‘tgani haqida o‘zi tarqatgan xabarga raddiya berib, hozircha bu masalada izoh berilmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, rasmiy Toshkent Ashraf G‘ani, Abdurashid Do‘stum, Ato Muhammad Nur va boshqa Afg‘onistonning ayrim arboblari hamda etnik guruhlari rahbarlari O‘zbekiston hududida bo‘lib turgani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi.
“Termiz yaqinida 2 ming kishilik qochqinlar shaharchasi paydo bo‘ldi”
O‘zbek rasmiylari ma’lumot berishdan bosh tortayotgan bir paytda, Termizdagi manbalar O‘zbekiston hududiga afg‘on qochqinlari kiritilganinini tasdiqlamoqda. Ulardan biri o‘zbek marshal Abdulrashid Do‘stum hozirda Termizda ekanini aytdi.
- Do‘stum Termiz shahrida hozir. Chegaradan yana 2000 afg‘on odami kirdi va allaqachon shu yerga joylashtirildi. Ular uchun kargo markazi oldida, Ayritomda chodir shaharcha qurildi. Ularning hammasi grajdanskiy odamlar ekan – harbiylarni chegaradan o‘tkazgani yo‘q. Bilishimcha, O‘zbekistonga qochqinlarni kiritish masalasiga shaxsan Guterrish aralashgan. Hozircha izolyatsiyadagi bu odamlarga oziq-ovqatni O‘zbekiston yetkazib beradi, keyin xalqaro tashkilotlar qo‘shiladi, dedi Ozodlikning qochqinlar bilan bog‘liq vaziyatdan xabardor manbasi.
Oldinroq Ozodlik chegaradan 2 km masofada joylashgan Termiz tumanining Gulbahor qo‘rg‘onidagi 2 gektarcha maydonda qochqinlar uchun 10 ga yaqin katta-katta oq chodirlardan iborat chodir-shaharcha qurilgani to‘g‘risida xabar bergandi.
Afg‘onistondagi vaziyatni yaqindan kuzatayotgan Londondagi mustaqil jurnalist Shohida Yoqub hukumat o‘zbek-afg‘on chegarasidagi vaziyatga oydinlik kiritishi kerakligini aytadi:
- Chegarada nima bo‘layotganini bilmayapmiz. O‘zbek tarafidan ham ma’lumotlar yo‘q – bori mish-mishlar. Umid qilamizki, O‘zbekiston hukumati bu masalaga aniqlik kiritadi. Nima uchun O‘zbekiston qochqinlar bo‘yicha ma’lumotlarni yashirmoqda? Birinchidan, mabodo bu ma’lumotlar rasman tasdiqlansa va tarqab ketsa, yanayam ko‘proq afg‘onlar O‘zbekistonga borib, boshpana so‘rashi mumkin. Ikkinchidan, O‘zbekiston nozik vaziyatda bo‘lib, u qo‘shni davlatni ishg‘ol etgan toliblar bilan muzokaralar olib borishi kerak. Bu ham rasmiy Toshkentni ma’lumot bermasligiga undayotgan bo‘lishi mumkin, dedi kuzatuvchi.
Shohida Yoqub yuzaga kelgan inqirozda qochqinlar soni va umumiy vaziyatga oid biror ma’lumot aniqlash bo‘yicha qiyinchiliklar sabablariga ham to‘xtaldi:
- Afg‘onistonda qochqinlar inqirozi boshlandi, deb aytsak bo‘ladi, chunki mamlakat xaos holatida. Janubiy Afg‘onistonda yashayotganlar Pokistonga, g‘arbda yashovchilar Eronga, shimolda yashovchi o‘zbek, tojik va turkmanlar esa O‘zbekiston va Tojikistonga qochishga urinmoqda. Rasman chegaralar yopiq, ammo odamlar baribir chegaradan o‘tishga harakat qilyapti. Ayrim hollarda o‘zbek tarafi chegarani ularga ochyapti. Shimoliy Afg‘onistonda ishlagan jurnalistlar toliblardan Kobulga qochishgan. O‘zbekiston chegarasiga yaqin joylarda esa jurnalistlar yo‘q va shuning uchun ham ma’lumot olish qiyin.
G‘arb davlatlari afg‘on qochqinlarini olib chiqmoqda
Vashington AQSh va ittifoqchilarning Afg‘onistondagi vakillarini evakuatsiya qilish maqsadida Kobul aeroporti xavfsizligini ta’minlash uchun chora-tadbirlar ko‘rayotganini ma’lum qildi.
AQSh Davlat departamenti va Pentagon evakuatsiya 16 avgustda boshlanishi haqida bayonot berdi. Frantsiya, Britaniya va Germaniya ham o‘z vakillarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishini ma’lum qildi. Prezident Jo Bayden AQSh grajdanlari va Amerika harbiylari bilan hamkorlik qilgan minglab afg‘on yaqin kunlar ichida evakuatsiya qilinishini bildirdi.
Albaniya va Kosovo AQSh iltimosi bilan afg‘onistonlik qochqinlarni vaqtincha o‘z hududiga joylashtirishga rozi bo‘ldi. Rasman bildirilishicha, qochqinlar bu ikki davlatda AQShga viza berish jarayoni yakunlanguniga qadar bo‘lib turadi.
"Kommersant" nashri xabaricha, 20 mingdan ortiq odam AQShda qochqinlik so‘ragan. Oilalari bilan birgalikda qochqinlar soni 80 mingga yaqinlashishi mumkin.
Rasmiy Berlin o‘z diplomatlari bilan birgalikda Bundesver bilan hamkorlik qilgan afg‘onistonliklarni - ikki yarim mingga yaqin xodim va ularning 10 mingga yaqin oila a’zolarini olib chiqayotganini ma’lum qildi. Avvalroq Chexiya Respublikasi afg‘on harbiy tarjimonlarini va ularning oilalarini evakuatsiya qilishini bildirgan edi.
O‘z navbatida Tolibon Kobul hukumatiga ishlagan sobiq ma’murlar va amaldorlar uchun amnistiya e’lon qildi va davlat xizmatchilarini ish joylariga qaytishga chaqirdi.
Ayni damda Kobul aeroportida bir necha kundan beri mamlakatdan chiqib ketish ilinjida bo‘lgan minglab odamlarning sarson-sargardonligi aks etgan tasvirlar jahon ommaviy axborot vositalarining bosh mavzusiga aylandi.
Aeroportda sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarda odamlar ko‘pligini ko‘rish mumkin.
Qo‘shni Tojikiston Afg‘oniston armiyasining 143 nafar askarini Xatlon viloyati ma’muriy markazi Boxtar shahrida qabul qilganini rasman e’lon qildi. Tolibon harakatining Afg‘onistonning shimoliy viloyatlariga qilgan hujumlaridan keyin 1600 ga yaqin afg‘on, shu jumladan yuzlab harbiy xizmatchilar Tojikistonga qochib o‘tgan.
Oldinroq tojik rasmiylari Afg‘onistondan 100 mingga yaqin qochqinni qabul qilishi va joylashtirishi mumkinligini bildirgan.
Bloomberg nashri 2 - iyul kuni tarqatgan xabarga ko‘ra, prezident Jo Bayden ma’muriyati O‘zbekiston, shuningdek, Qozog‘iston va Tojikistonga AQSh harbiy kuchlari bilan hamkorlik qilgani uchun Tolibon qahriga uchrashi mumkin bo‘lgan 9 000 nafar afg‘onistonlikni vaqtincha o‘z hududiga kiritishni so‘ragan.
Ammo, 12 - iyul kuni prezident matubot kotibi Sherzod Asadov, AQSh hukumati tomonidan ham afg‘onistonlik askarlarni vaqtincha o‘zining hududida saqlab turish bo‘yicha O‘zbekistonga so‘rov yo‘llanmaganini bildirgandi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistonda boshlangan gumanitar inqirozdan 18 million odam jabr chekishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.