Qashqadaryo viloyat, Qarshi shahridagi 88ta xususiy uy -joy mulkdorlik shirkati(UJMSh) rahbarlari aholi roziligisiz boshqa xususiy kompaniyalarga qo‘shib yuborayotganidan shikoyat qilmoqda.
UJMSh rahbarlarining aytishlaricha, ular ishtirok etmagan va amalda o‘tkazilmagan majlis bayonnomasi tuzilib, soxta imzolar qo‘yilib, shahar hokimiga tasdiqqa olib kirilgan.
Shahar hokimi ham protokol soxtaligiga e’tibor bermay bu bayonnomani tasdiqlagan.
Qarshi shahar ekspert kriminilastika bo‘limi imzolar soxta ekanligini tasdiqladi.
Qarshi shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshlig‘i Isroil Mahmudov shirkatlar bilan "murosa yo‘lini qidirayotgani"ni aytdi.
Ozodlik suhbatlashgan Qarshi shahar uy-joy mulkdorlik shirkatlarining raislari ularga nisbatan bosim bo‘lishidan xavotir bildirib, ismlarini sir saqlashni so‘rashdi.
Mulkdorlardan bir og‘iz so‘ralmagan
Arzchilarning so‘zlariga ko‘ra, xususiy shirkatlar amaldagi qonunga zid ravishda, ularning roziligi olinmay boshqa shirkatlarga birlashtirishga harakat bo‘lmoqda:
“Vazirlar Mahkamasining qarorida og‘ir shirkatlar yopilib, boshqa shirkatlarga berilsin, deyilgan. Masalan, davlatdan kredit olib to‘lolmagan shirkatlar. Lekin biz so‘nggi uch yilda davlatdan bir so‘m ham kredit olmaganmiz, aholidan tushgan mablag‘ asosida ish olib borganmiz. Qashqadaryo viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Anvar Temirov qaysi shirkatni tugatish, qaysinisini qoldirishni bir o‘zi hal qilib tashlayapti. Aholidan biz taklif qilgan kompaniyaga qo‘shilasanmi, yo‘qmi, deb bir og‘iz so‘ramagan. O‘zlaricha soxta imzolar bilan bayonnoma tuzib, shahar hokimiga imzoga kiritgan. Hokim ham imzolar qalbakiligini qaydan bilsin, tasdiqlagan”, deydi uchinchi mikrorayondagi UJMSh raislaridan biri.
Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa UJMSh raisining aytishicha, mulkdorlarning huquqlari qo‘pol ravishda buzilgan:
“Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonunning 8-bobida “ko‘p kvartirali uyni boshqarish usuli ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishida belgilanadi", deb yozilgan. Ammo bizdan bunga rozilik olinmagan, xabarimiz ham bo‘lmagan, o‘zlari xohlagan boshqa shirkatga bizni qo‘shib yuborishyapti. Odamlardan sen o‘zingning shirkatingdan rozimisan, deb ham so‘ralmagan".
Soxta bayonnoma va soxta imzolar
Raisning aytishicha, mulkdorlar bexabar "go‘yo ular ishtirok etgan va shirkatlar tugatilishiga rozilik bergan majlis"ning soxta bayonnomasi tuzilgan:
"Qarshi shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi sobiq boshlig‘i Norcha Yo‘ldoshev hech bir yig‘ilish o‘tkazmasdan va shirkat raislari bilan xisoblashmasdan, aksincha yig‘ilish o‘tkazildi, deya soxta hujjatlar bilan yig‘ilish bayonini shakllantirib, shahar hokimi Normo‘min Xolboyevga kiritadi. Mazkur soxta yig‘ilish bayoniga asosan Qarshi shahar hokimi Normo‘min Xolboev 2020 - yilning 2 – dekabrdagi XQ 2231/12 - sonli qaroriga asosan Qarshi shahridagi 88 ta uy -joy mulkdorlik shirkatlarini tugatish hamda boshqaruv kompaniyalariga qo‘shib yuborish haqidagi qaror chiqaradi.”
Shundan uy-joy mulkdorlik shirkatlari raislari tinmay yuqori tashkilotlarga murojaat qiladi. Jumladan, joriy yilning 14 - yanvarida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Nazirjon Nazirovning qabuliga ham borishgan. Vazir o‘rinbosarini bu masalani qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi Qashqadaryo viloyati uy joy komunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasiga yo‘llagan topshirig‘i ijrosi bajarilmagan va ko‘rib ham chiqilmagan.
Qarshi shahar hokimining (XQ-2231/12-sonli) qaroridan norozi bo‘lgan bir necha shirkat raislari Qarshi shahar tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilishadi. Ammo 19 - mart kuni sud shahar hokimining qarorini haqiqiy emas deb ko‘rish haqidagi shikoyat arizasini qanoatlantirishni rad etadi.
Qarshi shahar IIO FMB(ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi) Ekspert-kriminilastika bo‘limi Qarshi shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi "tayyorlagan" majlis bayonnomasini ekspertizadan o‘tkazib, undagi imzolar soxta ekanligini aniqlagan.
Ekspert Eldorbek Bozorov xulosasida bayonnomada o‘n kishining imzosi o‘ziniki emasligi tasdiqlangan.
"Uzoqdagi quyruqdan yaqindagi o‘pka yaxshi!"
Qarshi shahrining Oqtepa mahallasida yashaydigan uy bekasi Xayriniso Quvvatova shirkatlarni tugatib katta shirkatlarga birlashtirish xizmat ko‘rsatish darajasini pasaytirishini aytadi:
“Xalqimizda bir maqol bor, uzoqdagi quyruqdan yaqindagi o‘pka yaxshi, deyishadi. Shirkatimizdan aholi yuz foiz rozi. Qachon bir yerda bir muammo bo‘lsa, kechasimi kunduzimi, darrov kelib hal qilishadi. O‘zi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatadigan shirkatlar kichik va ixcham bo‘lgani yaxshi. Katta shirkat bo‘lsa, biror xizmat sifati ham pasayadi, ulrag yetishish ham qiyin bo‘ladi. Agar bizdan so‘rashganida edi, biz o‘zimizniki ma’qul degan bo‘lar edik”.
"Qonuniy murosa yo‘lini izlayapmiz"
Qarshi shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshlig‘i Isroil Mahmudov Ozodlik bilan suhbatda, bu vazifada yanvar oyidan boshlab ishlayotganini aytar ekan, yuzaga kelgan vaziyatdan qonuniy murosa yo‘lini qidirayotganini aytdi:
“3-mikrorayonda o‘nta shirkat bor. O‘sha yerda yangi kompaniya tuzilgandi. O‘sha ikki-uch oy ishlaganidan so‘ng, shirkatlar biz o‘zimiz ishlaymiz, bizlardan so‘ramagan deb, norozi bo‘lyapti. U yangi kompaniya ham shundan keyin hokimga xat yozib, rad qilib ketdi. Keyin ularga aytdim, o‘zlaring majlis o‘tkazib ichlaringdan bitta yangi rahbar saylanglar dedim. Lekin 60 foizi men alohida bo‘laman deydi, shunaqa ishlar bo‘lyapti. Men ular bilan bu muammoni hal qilishning qonuniy murosa yo‘lini izlayapman”.
Isroil Mahmudovning aytishicha, shahardagi 88ta UJMShi 12ta xizmat ko‘rsatuvchi servis kompaniyalariga birlashtirilgan.
Ammo ismi sir qolishini so‘ragan UJMSh raislaridan birining aytishicha, bu birlashtirish ham adolatsiz bo‘lgan:
“Qanday birlashtirildi deng, bir so‘m ham kreditdan qarzi yo‘q, muvaffaqiyatli ishlayotgan shirkatlar kreditini yopolmagan, “qizil” deb belgilangan, Vazirlar mahkamasining qaroriga muvofiq tugatilishi lozim bo‘lgan shirkatga birlashtirildi. Ya’ni sodda qilib aytadigan bo‘lsak, beshga o‘qiydigan a’lochilarga ikkichilar bosh bo‘ldi!”
Qarshi shahar hokimligidan bu muammoga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.