Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:14

AI O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni tanqid qildi


O‘zbekistonda rasmiylar ijtimoiy tarmoqlardagi norozilik ifodasi ustidan nazoratni kuchaytirishgan. Bu haqda Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkilotining kuni kecha yoyinlangan yillik hisobotida aytilgan.

Tarmoqda tanqidiy materiallar joylashtirgani uchun, iddao etilishicha, soxta va siyosiy sabablarga ko‘ra kamida 10 nafar bloger sudlandi”, deyilgan hisobotda.

“Jahondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat” deb nomlangan hisobotning O‘zbekistonga oid qismida o‘tgan yili qoraqalpog‘istonlik faollar ustidan o‘tkazilgan sud va Nukus voqealarida ularga nisbatan huquq-tartibotchilar tomonidan haddan ziyod kuch qo‘llanilganiga alohida bob ajratilgan.

Huquqbonlar Qoraqalpog‘istondagi norozilik ayovsiz bostirilganidan keyin xavfsizlik kuchlarining faqat uch nafar xodimigina javobgarlikka tortilganini qayd etishgan.

“Qoraqalpog‘istondagi qiynoq ayblovlari doxil zo‘ravonlik holatlarini o‘rganish uchun 2022-yil iyulida tuzilgan parlament komissiyasi yil oxiriga kelib ham o‘z xulosalari to‘g‘risidagi hisobotni yoyinlamadi”, deb ta’kidlangan hisobotda.

O‘zbekiston konstitutsiyasiga Qoraqalpog‘iston suverenitetiga oid moddani olib tashlashni ham o‘z ichiga olgan tuzatishlar kiritish loyihasi tufayli 2022-yil 1-iyulida Nukusda norozilik chiqishlari boshlangan edi. Ertasi kuni Qoraqalpog‘iston poytaxtiga yetib borgan prezident Mirziyoyev, agar qoraqalpoq xalqi norozi bo‘lsa, Konstitutsiyadagi respublika muxtoriyatiga doir moddalarni almashtirmaslikka va’da bergan. Oradan bir necha kun o‘tgach, O‘zbekiston parlamenti Konstitutsiyaning yangi loyihasida Qoraqalpog‘iston suverenitetiga oid moddani saqlab qolish haqida qaror qabul qilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklar chog‘ida kamida 18 kishi qurbon bo‘lgan. Norozilik chiqishlari paytida 38 nafar huquq-tartibotchi doxil 243 kishi tan jarohati olgani, norozilardan 516 nafari qo‘lga olingani aytilgan. Tartibsizliklardagi asosiy aybdor deb ko‘rilgan Dauletmurat Tajimuratov 16 yilga qamalgan.

Hisobotda keltirilishicha, O‘zbekiston qamoqxonalarida jinoyatchilikda gumonlangan shaxslarga nisbatan qiynoqlar hali ham keng ko‘lamda qo‘llanmoqda, bu ishni amalga oshirgan mas’ullar esa jazosiz qolyapti.

"Xalqaro Amnistiya" tashkiloti hisobotida O‘zbekistondagi gender zo‘ravonligi, jinsiy ozchiliklar huquqlari, mehnatkashlar huquqlari, atrof-muhitning sog‘lomligi bo‘yicha haq-huquqlar va boshqa muammolarga ham to‘xtalingan.

Hisobot mualliflari inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekistondan tashqari Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston kabi postsovet o‘lkalarida ham tobora yomonlashib borayotganiga e’tibor qaratishgan. Bular qiynoq va g‘ayriinsoniy munosabat, so‘z va matbuot erkinligini cheklash, jinsiy zo‘ravonlikka ko‘z yumish, jinsiy tenglikka yo‘l bermaslik, siyosiy huquqlarni chegaralab qo‘yish, mustaqil partiyalar tuzishga ruxsat bermaslik, fuqarolarning tinch yo‘l bilan yig‘ilishiga qarshilik qilish va namoyishlarni taqiqlash, xorijdagi tanqidchilarni vatanga zo‘rlab qaytarish yoki ularni hamkor hukumatlar yordamida qamoqqa olish, chet eldan grant yoki maosh olganlarni xorijiy agent yoki vakil deb tamg‘alash, dindorlarga nisbatan bosim va tazyiq, xalqaro qonunlarni buzish, asossiz va adolatsiz sudlov, bolalar huquqlarni oyoqosti qilish, migrantlarni qabul qilmaslik yoki kamsitish, aholi salomatligi va atrof-muhit sog‘lomligiga befarqlik kabilarda aks etgan.

Huquqbonlarga ko‘ra, 2023-yilga kelib dunyodagi demokratiya darajasi 1980-yillardagi holatga qaytgan. Hisobotda ayniqsa Ukraina va G‘azo sektorida inson huquqlariga rioya qilinishi bilan bog‘liq vaziyat o‘ta ayanchli ekani urg‘ulangan.

XS
SM
MD
LG