Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:31

AKT vaziri tarmoqlar O‘zbekiston kuch tizimlari bilan hamkorlik qilishi kerakligini aytdi


O‘zbekistonda yuz minglab obunachilariga ega o‘zbek blogerlari ham YouTube, Facebook, TikTok, Instagram, Odnoklassniki, VKontakte va boshqa ijtimoiy tarmoqlar, Telegram, WhatsApp, IMO va boshqa messenjerlarda faoliyat olib boradi.
O‘zbekistonda yuz minglab obunachilariga ega o‘zbek blogerlari ham YouTube, Facebook, TikTok, Instagram, Odnoklassniki, VKontakte va boshqa ijtimoiy tarmoqlar, Telegram, WhatsApp, IMO va boshqa messenjerlarda faoliyat olib boradi.

O‘zbekiston hukumatining Telegram, Instagram, TikTok, YouTube, Facebook kabi xorijiy messenjer va tarmoqlarni mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan hamkorlik qilishga ko‘ndirish rejasini Internet sohasi mutaxassislari so‘z erkinligi ustidan nazoratni kuchaytirish urinishi sifatida baholamoqda. ​

O‘zbek rasmiylari bundan avval xorijiy tarmoqlarning cheklanishini foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini O‘zbekistondagi serverlarda saqlash talabi bilan izohlagandi.

O‘tgan yili AKT vazirligi tomonidan ilgari surilgan ushbu talabni hozirgacha birorta platforma bajarmagan. Buning ortidan O‘zbekistonda bir qancha ijtimoiy tarmoqlarga kirish cheklab qo‘yilgandi.

Endilikda o‘zbek tomoni xorijiy messenjer va tarmoqlar ma’lumot almashishda hamkorlik qilishi kerakligini aytmoqda.

O‘zbekiston AKT vaziri Sherzod Shermatov 9 - fevral kuni Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ularning asosiy talabi endilikda serverlarini O‘zbekistonga olib kelish emas, balki “huquqbuzarlikni vaqtida aniqlash” uchun ushbu platformalarning o‘zbek huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan hamkorligi ekanini aytdi.

AKT vaziri Sherzod Shermatov Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan. Toshkent, 29 - may, 2020.
AKT vaziri Sherzod Shermatov Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan. Toshkent, 29 - may, 2020.

Shermatovning ta’kidlashicha, “qo‘shni davlatlardagi so‘nggi voqealar” bu kabi hamkorlik zaruratini yanada kuchaytirgan.

“Masalan, terroristik guruhlarni o‘zaro koordinatsiya qilish faoliyati bo‘lsayu, huquqni muhofaza qiluvchi organ uni topolmasa. Bu nima degan gap? Sababi o‘sha kripto qilingan ijtimoiy tarmoqda bunga imkoniyat bo‘lmasa. Yoki O‘zbekiston juda ko‘p millat va din vakillari yashaydigan davlat. Bu yerda millatlararo nizo qo‘zg‘atish juda oson. Mana, Qozog‘istondagi voqealar misol.

Ertaga xuddi shunga o‘xshagan to‘polon yoki boshqa narsa qilishi mumkin. Bizni huquqni muhofaza qiladigan organlarimiz uni egasini topib chora ko‘radigan darajada bo‘lishi kerak”, - dedi Shermatov.

O‘zbekistonda 2021 - yil 16 - apreldan kuchga kirgan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, xorijiy internet platformalariga o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari saqlanadigan serverlarni mamlakatga olib kelish talabi qo‘yilgandi.

Ammo Twitter va Facebook kabi Amerikaning IT-gigantlari foydalanuvchilar ma’lumotlarini O‘zbekistonga ko‘chirish talabini e’tiborsiz qoldirgan.

Facebook shirkati rahbari Mark Sukerberg inson huquqlari poymol etiluvchi mamlakatlarda data-markazlar ochmasligini aytgan.

AKT vaziri Sherzod Shermatov xorijiy platformalar bilan hamkorlik qanday shartlarga asoslanishini aytmadi.

Lekin uning so‘zlaridan gap tarmoq foydalanuvchilari ma’lumotlari bilan almashish haqida borayotganini anglash mumkin.

“Sizning huquqingizni kimdir buzdimi, siz huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qilganda ular o‘sha firibgarni topishi kerak, lekin hozir topolmayapti. Topish uchun ular bilan [xorijiy ijtimoiy tarmoqlar] o‘zaro munosabat yo‘lga qo‘yilishi kerak. Buning uchun u tomondan ham gaplashilishi kerak. Hozir, masala shu “gaplashish” va bir fikrga kelish haqida ketyapti”, - deydi Shermatov.

AKT vaziri xorijiy tarmoqlar bilan hamkorlik o‘zbekistonlik foydalanuvchilar kiberxavfsizligi nuqtai nazaridan muhimligini ta’kidlagan.

O‘zbekistonda, ayniqsa yoshlar orasida Telegram, Instagram, TikTok, YouTube tarmoqlari o‘ta ommabop.

Ijtimoiy tarmoqlar matbuot davlat tomonidan qattiq nazorat qilinadigan O‘zbekistonda fuqarolar uchun ijtimoiy-siyosiy muammolarni erkin muhokama qiladigan minbar ham bo‘lib qolmoqda.

Mutaxassislar nima deydi?

Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan o‘zbekistonlik Internet sohasi mutaxassisi xorijiy tarmoqlar o‘zbek tomonining asl maqsadi erkin fikr bildiruvchilarni aniqlash va jazolash ekanini bilgan holda hukumat bilan hamkorlikka bormaydi, deb ishonishini aytadi.

“Vazirimiz tarmoqlar bilan hamkorlik zaruratini foydalanuvchilarning xavfsizlini ta’minlash, ularni firibgarlardan himoyalash istagi bilan izohlayapti. Men hech qachon tarmoqda foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda qandaydir muammolar bilan sudlashganiga ko‘zim tushmagan. Vazir buni qayerdan oldi?

Agar vazirimiz xorijiy ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy ma’lumotlardan shunchalik xavotirda bo‘lsa, u holda milliy tarmoq va tizimlarda ma’lumotlar qanday himoyalanganligi haqida ham o‘rnak ko‘rsatishi kerak.

Aynan xorijiy tarmoqlarda o‘zbek foydalanuvchilar o‘z fikrini aniq bildiradi, xavfsiz bo‘lganligi uchun. Bundan kelib chiqadiki, ularning maqsadi shu erkin fikr bildiruvchilarni aniqlash va jazolash. Lekin Facebook va boshqa tarmoqlar foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlari bilan almashish darajasida hamkorlik qiladi, deb o‘ylamayman”, - deydi toshkentlik mutaxassis.

O‘zbekistonda yuz minglab obunachilariga ega o‘zbek blogerlari ham YouTube, Facebook, TikTok, Instagram, Odnoklassniki, VKontakte va boshqa ijtimoiy tarmoqlar, Telegram, WhatsApp, IMO va boshqa messenjerlarda faoliyat olib boradi.

Ularning ko‘pchiligi xavfsizlik sabablari bois anonim tarzda faoliyat yuritadi.

3 - fevral kuni xorazmlik bloger Sobirjon Boboniyozov tarmoqlarda O‘zbekistonning joriy prezidenti Shavkat Mirziyoyev va avvalgi prezidenti Islom Karimovni haqorat qilishda aybdor deb topilib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

O‘zbekistonlik bloger Otabek Ahliddinov o‘zbek rasmiy idoralari bilan tarmoqlar foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini bo‘lishish ularni ta’qib qilish bilan barobar ekanini aytadi.

“Serverlari chet elda bo‘lgan tarmoqlar hech qachon bunga yo‘l qo‘ymaydi. Chunki O‘zbekistondek davlatda qaysidir foydalanuvchi haqida ma’lumot berish uni ochiq fikrni aytgani uchun ushlab berishdek gap”, - deydi Ahliddinov.

Farg‘onalik bloger Dima Qayum fikricha esa, o‘zbek hukumatining xorijiy tarmoqlardan hamkorlik talab qilishini so‘z erkinligini bo‘g‘ishga urinish, deyish noto‘g‘ri.

“Hozir tarmoqlarda shantaj qilishlar ko‘payib ketgan. Trolling ko‘p. Shundan jabr ko‘rayotganlar bor. Boshqa nom ostida mag‘zava ag‘darib o‘tirish so‘z erkinligi emas. O‘zbekistonda so‘z erkinligi bor. Birinchi oilaga sal ehtiyotkorlik boru, lekin vazirlar, hokimlarga qarshi bemalol bo‘lyapti. Masalan, men hozir qilayotgan ishimni besh-olti yil oldin qilsam “Jasliq”da o‘tirgan bo‘lardim”, - deydi Dima Qayum.

O‘zbekiston qonunchiligiga binoan, operator, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlash paytida, ularni yig‘ish, tizimlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi hududida jismoniy joylashgan texnik vositalar bazalarida saqlashni ta’minlashi shart.

G‘arblik ekspertlar O‘zbekiston hukumati tarmoqlar va umuman internetni nazorat qilishda Rossiya va Xitoydan nusxa ko‘chirayotganini aytishadi.

XS
SM
MD
LG