Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:37

Alisher Qodirov LGBT shaxslarni yoppasiga mamlakatdan chiqarib yuborishni taklif qildi


Milliy tiklanish partiyasi rahbari Alisher Qodirov
Milliy tiklanish partiyasi rahbari Alisher Qodirov

“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari, Oliy Majlis deputati Alisher Qodirov gey, lesbiyan va transgender shaxslarni fuqarolikdan mahrum qilishni hamda ularni mamlakatdan chiqarib yuborishni taklif qildi. Bu haqda “Eurasianet” nashri yozmoqda.

Qodirov 7 - iyun kuni “Alter Ego” YouTube kanaliga bergan intervyusida LGBT shaxslarni fuqarolikdan mahrum qilish boshqa mamlakatlarni ularni boshpana bilan ta’minlashga majbur qilishini aytdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu taklifni yozganimda, 100 ga yaqin LGBT shaxs men bilan bog‘lanib, fikrimga qo‘shilishlarini aytishdi. Ular O‘zbekistonni LGBT odamlarga bo‘lgan munosabati uchun qoralaydigan davlatlardan viza ololmayotganini aytishdi”, dedi Qodirov.

O‘zbekiston hukumati xalqaro huquq tashkilotlarining Jinoyat kodeksidan bir jinsli munosabatlarni jazolaydigan moddani olib tashlash haqidagi chaqiriqlariga e’tibor bermay keladi.

2020 - yil mart oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasida Toshkent vakili bunday qilish “jamoatchilikning keskin qarshiligiga” duch kelishini ta’kidladi.

Rasmiy O‘zbekistonda “lesbiyan, gomoseksual, biseksual, transgender va interseks hamjamiyat a’zolarini ish bilan ta’minlash yoki ularga sog‘liqni saqlash xizmatlarini ko‘rsatishni cheklaydigan qonunlar yo‘qligini" aytib, O‘zbekistonning bu masaladagi pozitsiyasini himoya qildi.

“Bunday turmush tarzi islomda ma’qullanmasligi va o‘zbek ma’naviyatiga mos kelmasligiga qaramasdan, ushbu jamoaga mansub shaxslarga nisbatan radikal choralar ko‘rilmagan”, dedi u.

Ammo bunday da’volar inson huquqlari guruhlari xulosalariga ziddir. “Human Rights Watch” tashkiloti mart oyida e’lon qilgan hisobotda intervyular va videomateriallar tahlili gey erkaklarga nisbatan jismoniy va ruhiy qo‘rqitish kampaniyasi olib borayotganini ko‘rsatayotgani aytildi.

Guruhga intervyu bergan shaxslar “gey bo‘lganliklari uchun politsiya va nodavlat taraflar tomonida o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar, tahdidlar, tovlamachilik, psixologik bosim va jismoniy hujumlarga duch kelayotganliklarini” ta’kidlagan.

Mart oyida sodir bo‘lgan voqealar bunga yaqqol misol bo‘ldi.

28 - mart kuni “Allohu Akbar” deb hayqirayotgan o‘nlab odam Toshkentdagi Amir Temur xiyoboniga yig‘ilib, go‘yo LGBT yig‘ilishi ishtirokchilarini ta’qib qildi. Aslida tadbir K-Pop va yapon anime komikslarining yosh muxlislari uchrashuvi edi. Bunga qaramay, ba’zi yoshlar hujumga uchradi.

Aynan o‘sha kuni kechroq Jinoyat kodeksining ayni jinsli shaxslar o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risida bandini bekor qilishga chorlagani uchun keskin nafratga yo‘liqqan bloger Miraziz Bozorov uyi oldida qattiq do‘pposlandi. Hujumchilar hanuz topilgani yo‘q, lekin Bozorovning o‘ziga bir nechta ayblov, jumladan, tuhmat ayblovi qo‘yildi.

Qodirov bergan intervyusi davomida o‘zini hotamtoy odam o‘laroq ko‘rsatishga urindi. Deputat O‘zbekiston rivojlanayotgan bo‘lsa-da, mamlakatda odamlarning LGBT shaxslarga munosabati “1000 yildan keyin ham” o‘zgarmasligini aytdi.

“LGBT odamlar zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi, ammo men buni qo‘llab-quvvatlamayman. Men buni provokatsiya deb bilaman. Biz bu muammoni hal qilishimiz kerak va men taklif qilayotgan yechim xalqaro amaliyotdir. Deportatsiya bilan shug‘ullanadigan 26 mamlakat mavjud. Eron va Saudiya Arabistonida ular o‘lim jazosi qo‘llaniladi”, dedi u.

Qodirov geylar, lesbiyanlar va transgenderlarni fuqarolikdan mahrum qilish va keyinchalik ularni deportatsiya qilish bo‘yicha aynan qaysi mamlakatlar rasmiy siyosat yuritayotganini aniq aytmadi. Shuningdek, u o‘z taklifi amalda qanday ishlashi mumkinligini ham tushuntirmadi.

46 yoshli Qodirov 2019 - yilning may oyidan buyon “Milliy tiklanish” partiyasini boshqarib keladi. “Eurasianet” maqolasida siyosatchi bugunga qadar o‘zining oshkora shovinistik chiqishlari bilan tanilgani e’tirof etildi.

“Milliy tiklanish” O‘zbekistonda faoliyat yuritishiga ruxsat berilgan besh partiyaning biri bo‘lib, parlamentning quyi palatasida o‘rinlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinda. Ammo bu partiya qaror chiqarish jarayoniga ta’sir ko‘rsata oladi, degani emas.

“Eurasianet” maqolasida e’tirof etilganidek, O‘zbekistonning qonun chiqaruvchi organi demokratik protseduralarga taqlid qilishdan boshqa narsa bilan shug‘ullanmaydi va haqiqiy siyosat ishlab chiqishda hech qanday tashabbus ko‘rsatmay keladi.

XS
SM
MD
LG