Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:55

Alsu Kurmashevaga matbuot erkinligi uchun mukofoti berildi


Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi tatar-boshqird xizmatining jurnalisti Alsu Kurmasheva mukofotlash marosimida, Nyu-York, 2024-yil 21-noyabri
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi tatar-boshqird xizmatining jurnalisti Alsu Kurmasheva mukofotlash marosimida, Nyu-York, 2024-yil 21-noyabri

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi tatar-boshqird xizmatining jurnalisti Alsu Kurmashevaga Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining matbuot erkinligi uchun xalqaro mukofoti taqdim etildi. Mukofotlash marosimi 21-noyabr kuni Nyu-Yorkda o‘tkazildi.

“Bugun men uchun bu mukofotni olish katta sharaf. Men uni Ozod Yevropa/Ozodlik radiosida ishlagan va hozirda ikkisi Belarus (Igor Losik va Andrey Kuznechik), biri Qrim (Vladislav Yesipenko), yana biri Ozarbayjon (Farid Mehralizoda) qamoqxonalaridan bo‘lgan hamkasblarim nomidan qabul qilaman. Qamoqxonadagi jurnalistlar shunchaki statistika emas, ular men kabi uylarida oilasi va farzandlari kutib o‘tirgan odamlardir, ular ozod qilinishi lozim”, deya bildirdi Alsu Kurmasheva minbardan turib.

U Rossiyadagi qamoqxonalarda ayni paytda 20 dan ziyod jurnalist saqlanayotganini ham eslatdi. Kurmasheva Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasiga o‘zining ozod qilinishiga sabab bo‘lgan barcha sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.

Alsu Kurmasheva Rossiya qamoqxonasida 288 kun o‘tkazgan. U Rossiya armiyasi to‘g‘risida feyk tarqatganlikda ayblangan.

Alsuning ta’qib qilinishiga Ozodlikning “Idel.Realii” tahririyati tomonidan yoyinlangan “Yo‘qolsin urush. Ukrainaga bostirib kirilishiga qarshi chiqqan 40 nafar rossiyalikning hikoyasi” (“Net voyne. 40 istoriy rossiyan, vistupayushix protiv vtorjeniya v Ukrainu”) kitobi sabab bo‘lgan. 19-iyul kuni Tatariston Oliy sudi jurnalist ayolni 6,5 yilga ozodlikka mahrum qilish haqida hukm chiqargan. Kurmasheva 1-avgust kuni AQSH va Rossiya o‘rtasida mahbus almashish doirasida ozodlikka chiqqan edi.

Matbuot erkinligi uchun mukofotni G‘azo sektorida faoliyat yurituvchi falastinlik jurnalist, prodyuser va tadqiqotchi ayol Shruk al-Ayla, gvatemalalik jurnalist ayol Kimi de Leon, Nigerdagi eng taniqli surishtiruvchi jurnalist ayol Samir Sabuga ham berilgan.

XS
SM
MD
LG