Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Alsu Kurmashevaning hibs muddati 5-avgustgacha uzaytirildi


Alsu Kurmasheva
Alsu Kurmasheva

Qozondagi Sovet tumani sudi Ozodlikning tatar-boshqird xizmati jurnalisti Alsu Kurmashevaning hibs muddatini 2024-yil 5-avgustigacha uzaytirish haqida qaror chiqardi. Bu haqda Ozodlikning Idel.Realii loyihasi xabar qildi.

Alsu Kurmasheva 228 kundan buyon tergov hibsxonasida qolmoqda.

Sud majlisiga Avstraliya va Chexiya elchixonalari vakillari kelishgan. Mahkama tergovchi iltimosiga ko‘ra yopiq tartibda o‘tkazilgan. Jurnalistlar va elchixona xodimlari sud zaliga sudya maslahat xonasiga chiqib ketganidan keyingina kiritilgan.

Sud qarori e’lon qilinishidan avval Alsu Kurmasheva jurnalistlarga bolalar tomonidan o‘ziga yo‘llangan rasmlarni ko‘rsatgan.

“Menga bir-birlarini tanimaydigan ota-onalar o‘z farzandlarining rasmlarini jo‘natishibdi. Men bu odamlarni tanimayman. Mana bu rasm Sankt-Peterburgdan bo‘lgan uch yashar qizaloqniki, bunisi esa amerikalik bolaning rasmi. Ota-onalar ulardan ozodlik, baxt, quvonch rasmini chizishni so‘rashgan va bolalar mana bunaqa ajoyib rasmlarni chizib berishgan. Bular, aftidan, men bu yilgi yozda ko‘rishim mumkin bo‘lgan yagona daraxt va maysalar bo‘lganini hisobga olgan holda, juda bebahodir va 1-iyun arafasida bular eng yaxshi narsalardir”, degan jurnalist ayol.

U o‘z farzandlarining ovozini so‘nggi marta 2023-yil oktyabrida eshitganini ham qo‘shimcha qilgan. Alsu Kurmashevaga qo‘ng‘iroq qilish taqiqlangan, xatlar ham ahyon-ahyonda kelib turadi.

Jurnalist ayolning eri va farzandlari Pragada istiqomat qiladi. Rossiya va AQSH fuqaroligiga ega bo‘lgan Kurmasheva hibsga olinishidan avval shu shaharda ishlar edi.

U Rossiyaga kasal onasidan xabar olish uchun o‘tgan yilning may oyida kelgan. Mahalliy rasmiylar dastavval uning mamlakatdan chiqib ketishiga to‘sqinlik qilishgan, oktyabr oyida esa hibsga olishgan.

Aprel oyi oxirlarida AQSH prezidenti Jo Bayden Vladimir Putinni Alsu Kurmasheva hamda Rossiyadagi tergov hibsxonasida tutib turilgan The Wall Street Journal nashri jurnalisti Evan Gershkovichni ozod qilishga chaqirgan. “Jurnalistikaning jinoyat emasligi mutlaqo aniq”, deya ta’kidlagan Bayden.

Shu yilning 25-aprelida Yevroparlament deputatlari Kurmasheva va Gershkovich doxil Rossiyada tutib turilgan siyosiy mahbuslarning barchasini “zudlik bilan va shartsiz ozod qilish”ga chaqiruvchi rezolyutsiyani ma’qullagan edi.

Alsuning qo‘lga olinishi avvalroq Kanada, Chexiya, Fransiya, Polsha va Shvetsiya

hukumatlari, shuningdek, YIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati oliy vakili, Yevropa parlamenti prezidenti, YXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili va BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari qoralab chiqishgan. Yevropa kengashining jurnalistika himoyasi va jurnalistlar xavfsizligiga ko‘maklashish platformasi Alsuni ozod qilish bo‘yicha o‘z chaqirig‘ini yoyinlagan.

Shu bilan birga, Amnesty International, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Freedom House, PЕN-Amerika, Chegara bilmas muxbirlar, Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi, Xalqaro matbuot instituti kabi xalqaro tashkilotlar ham Alsuning qo‘lga olinishini qoralab, uni zudlik bilan ozod qilishga chaqirishgan.

XS
SM
MD
LG