Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:02

"Amerika orzusi"da. Markaziy osiyolik migrantlar Meksika chegarasiga oqib kelmoqda


Meksika-AQSH chegarasidagi migrantlar. 10-may, 2023
Meksika-AQSH chegarasidagi migrantlar. 10-may, 2023

Tojikistonlik Saodat Jumaboyeva va uning uch kishilik oilasi joriy haftada AQSHda yangi va yaxshiroq hayot boshlash ilinjida uzoq sayohat boshlaydi. Sayohatning birinchi manzili - Istanbul.

Jumaboyevlar oilasi hamda yana besh odam – bir nafar tojikistonlik va to‘rt nafar qirg‘izistonlik bu sayohatga bir necha oy hozirlangan. Ular bir-birlari bilan Moskvada mehnat muhojirligida tanishishgan.

Ularning hech birida AQSH vizasi yo‘q, vizaga topshirish niyatlari ham yo‘q.

Buning o‘rniga, ular "Amerika orzusi"ga erishish uchun Meksika orqali AQSHga noqonuniy tarzda o‘tishga qaror qilishgan. Bu yo‘l bilan boshpana so‘rash markaziy osiyoliklar va rossiyaliklar orasida tobora ommalashib bormoqda.

“O‘tgan yili Rossiya pasportidan foydalanib, Meksikaga borgan ko‘plab qirg‘iz va o‘zbeklarni bilamiz. Ular allaqachon Amerikada. U yerda ishlab, pul topishyapi”, - dedi Jumaboyeva 17-may kuni Ozodlik bilan suhbatda.

“Biz ham omadimizni sinab ko‘ramiz”.

Jumaboyevlar sayohat tahlikali bo‘lishi mumkinligidan xavotirda emaslar. Ayrim guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Meksika orqali AQSHga o‘tmoqchi bo‘lganlar talon-toroj va hujumlar qurboni bo‘lishi, qamoqqa tushishi yoki hatto yo‘lda nobud bo‘lishi mumkin.

Ular, shuningdek, Meksika orqali AQSHga o‘tganlarni boshpana so‘rash huquqidan mahrum qilishi mumkin bo‘lgan yangi, qat’iyroq AQSH immigratsiya qonunlaridan qo‘rqmaydilar.

Joriy oyda kuchga kirgan yangi qoidalarga ko‘ra, agar muhojirlar mamlakatga kirishga urinishdan oldin boshpana so‘rab onlayn ariza topshirmagan bo‘lsalar yoki AQSHga yetib borishdan oldin boshqa mamlakatlardan boshpana so‘ramagan bo‘lsalar, chegaradan qaytarilishlari mumkin.

AQSHga noqonuniy o‘tganlar deportatsiya qilinishi va mamlakatdan besh yilga badarg‘a qilinishi mumkin.

Jumaboyevlar va ularning do‘stlari Rossiya pasportini olishgan. Rossiya vatandoshlari Meksikaga vizasiz kirish huquqiga ega. Guruh a’zolari aynan shu imkoniyatdan fodalanib, Meksikaga bormoqchilar.

Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilning boshidan buyon Meksika orqali AQSHga kirgan Rossiya vatandoshlari soni sezilarli darajada oshgan. Ko‘pchilik bu tendentsiyani Moskvaning Ukrainaga bosqini bilan bog‘lamoqda. Urush boshlanganidan keyin Rossiyani minglab odam tark etdi.

AQSH Bojxona va chegara himoyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-moliya yilida (2021- yilning 1-oktabridan boshlab) 36 271 nafar Rossiya vatandoshi AQSHning janubiy chegaralari orqali kirishga uringan bo‘lsa, avvalgi yilda bu ko‘rsatkich 13 240 ni tashkil qilgan.

2022 yil oktyabirdan 2023 yil martigacha 38 259 nafar rossiyalik Meksika orqali AQSH chegarasiga borgan.

AQSH hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, oktabrdan yanvargacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya vatandoshlarining boshpana so‘rab qilgan murojaatlarini ma’qullash holatlari ko‘paygan.

Nikaragua orqali kirish

Qirg‘iziston matbuoti xabarlariga ko‘ra, Meksikadan AQSHga o‘tgan qirg‘izistonliklarning aksariyati Rossiya pasportiga ham ega bo‘lgan.

Ammo ikkinchi pasporti bo‘lmaganlar Markaziy va Janubiy Amerika orqali yetib olish uchun boshqa yo‘llarni ko‘rib chiqishadi.

Ayrim Qozog‘iston vatandoshlari dastlab Braziliyaga qo‘nishadi, chunki qozog‘istonliklar Braziliyaga vizasiz borishi mumkin.

Qirg‘izistonliklar va o‘zbekistonliklar esa tobora ko‘proq Nikaraguaga, so‘ngra Meksikaga borishmoqda.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan qirg‘izistonlik shaxs may oyi boshida Istanbuldan Managuaga uchganida uchoqda 30 ga yaqin Qirg‘iziston vatandoshi bo‘lganini aytdi.

Bu qirg‘izistonliklar AQSHga yetib olish niyatida Nikaraguaga otlanishgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qirig‘izstonliklar Nikaraguadan Gonduras va Gvatemala orqali Meksika janubidagi Tapachula shahriga yetib olish uchun kontrabandachilarga pul to‘laganlar.

Ozodlik bilan suhbatlashgan shaxs Tapachula shahridagi olti qavatli mehmonxonada qolgani, u erda yashayotganlarning aksariyati Qirg‘iziston vatandoshlari ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, binodagi 120 ta xonaning 90 ga yaqinida qirg‘izistonliklar qolgan. Har bir xonada to‘rt-besh nafar odam yashayapti. Uning aytishicha, mehmonxonada o‘zbekistonliklar va boshqa markaziy osiyoliklar ham bor, ammo ularning soni ozroq.

Muhojirlarning aksariyati AQSHga otlanishdan oldin AQSHdan boshpana so‘rab onlayn ariza topshirishgan.

Rossiya hamon markaziy osiyolik muhojirlar eng ko‘p boradigan davlat bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda mintaqadagi besh sobiq sovet respublikasidan minglab odam qonuniy va noqonuniy yo‘llar bilan AQSHga yetib olgan.

“Boshpana so‘rovi”

Moskvada Jumaboyevlar o‘z mashinalarini sotib, ijaraga olgan uylaridan chiqishgan. Sayohatlarini moliyalashtirish uchun “ham naqd, ham kartada” pul olganlar.

O‘tgan yili Rossiyani tark etib, Chikagoga yetib olgan tanishlarining maslahatiga ko‘ra, Jumaboevlar agar hammasi rejadagidek ketsa, manzilga yetib olishlari uchun har bir kishiga taxminan 15 ming dollar kerak bo‘lishini taxmin qilishmoqda.

Jumaboyevlar va ularning sheriklari – hammasi 30 yoshdan oshgan shaxslar – qanday qilib rasman boshpana so‘rashlari haqida o‘ylab ko‘rishgan.

Tog‘li Badaxshon viloyatida ulg‘aygan tojikistonlik shaxs ta’qib ostida bo‘lgan etnik guruh vakili o‘laroq himoya so‘raydi.

“Uning ishi biznikidan ko‘ra kuchliroq”, - dedi Jumaboyeva.

“Erim bilan qirg‘iz do‘stlarimiz Rossiyadagi harbiy safarbarlikdan qochishyapti”.

Rossiya pasportiga ega markaziy osiyolik muhojirlar Ukrainadagi urushga chindan jo‘natilishi mumkin bo‘lsa-da, Jumaboyeva Amerikaga borishdan maqsad asosan “yaxshiroq iqtisodiy imkoniyatlar va yaxshi yashash” ekanligini tan oladi.

Ginekologiya bo‘yicha hamshiralikka o‘qigan Jumaboyeva Amerikada enaga yoki qariyalarga yordamchi bo‘lib ishlashni xohlaydi. Kelajakda tug‘ruqxonada yaxshi maoshli ish topishni orzu qiladi.

Eri veterinar, Moskvada taksi haydovchisi bo‘lib ishlagan. AQSHda yuk mashinasi haydashni xohlaydi. Ko‘plab markaziy osiyolik erkak muhojirlar aynan haydovchilik qilishadi.

Jumaboyeva ularni boshpana olish huquqidan mahrum qilishi mumkin bo‘lgan yangi immigratsiya qonunlari haqidagi savolga javoban shunday dedi:

“Bu Amerika gaykalarni yanada qattiqroq burashidan oldin u yerga yetib olishimiz kerak, degani”.

“Urush boshlanganidan keyin darhol tark etmaganimizdan afsusdaman”, - deydi u.

“Chikagodagi do‘stlarimiz tez orada borishimiz kerakligini aytishdi, chunki (AQSHning sobiq prezidenti Donald) Tramp keyingi saylovda g‘alaba qozonib, muhojirlar uchun Amerika eshiklarini butkul yopib qo‘yishi mumkin”.

XS
SM
MD
LG