Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 12:18

"Amirsoy"ga yondosh avtoturargoh quruvchilari ish tashladi. Ular maoshlari berilmaganidan norozi


Bo‘stonliq tumanida quruvchilari oylik berilmagani uchun 9 - apreldan beri ishga chiqmayotgan qurilish obyekti. 2021 - yil, 13 - aprel
Bo‘stonliq tumanida quruvchilari oylik berilmagani uchun 9 - apreldan beri ishga chiqmayotgan qurilish obyekti. 2021 - yil, 13 - aprel

Toshkent viloyat, Bo‘stonliq tumanidagi “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti yonida qurilayotgan avtoturargoh quruvchilari mart oyi uchun ish haqi to‘lanishini talab qilib, 9 - apreldan buyon ishga chiqmayapti.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan quruvchilarning aytishicha, 40 dan ortiq ishchining bir qismi ishni tashlab, o‘z viloyatlariga ketib qolgan, qolganlar ish haqi berilmaguncha ishga chiqmoqchi emas.

Ishchilarning bevosita rahbari 13 - aprel kuni Ozodlikka “ish haqi bugun beriladi” dedi. Biroq 14 - aprel, ertalab ishchilarning aytishicha, maoshlar berilmadi.

Glavgidrospetsstroy direktorining qurilish bo‘yicha 1- o‘rinbosari 14 - aprel kuni Ozodlikka "oylik bir-ikki kun ichida berilishini"aytdi.

Glavgidrospetsstroy MChJning (“Gidromaxsusqurilish” AJ bilan adashtirmaslik kerak) havo ochiq bo‘lgan kunlarda haftasiga 7 kun 9-10 soatdan ishlaganini aytgan ishchilari 9 - aprel, jumadan beri ishga chiqmayapti. Agar odatda ishlanadigan shanba-yakshanba ham qo‘shilsa, ishchilar bekor turganiga 14 - aprelda 6 kun bo‘ldi.

Asosan viloyatlardan kelgan ishchilar ishlayotgan obyekt, ularning aytishicha, “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortining yonida, u bilan bir devor joylashgan. Ishchilar avvaliga “stoyanka”, keyin “6 qavatli binoning stoyanka bo‘ladigan birinchi qavati” deb atagan bu qurilish obyektining 2019 - yil dekabrida foydalanishga topshirilgan kurortga aloqasi bor-yo‘qligi noma’lum.

Ishchilarning aytishicha, 6 kundan buyon ular ish beruvchilaridan haqlarini talab qilyapti. Ular jo‘natgan videolardan birida ishchilarning ish boshqaruvchilardan biri bilan tortishuvi aks etgan.

12 - aprelda suratga olingani aytilgan qariyb 3 daqiqali videoda ishchilardan biri boshliqqa “ayrimlarimizning uyimizda bola-chaqalarimiz qolgan. Ularning uyida uni yo‘q, bug‘doyi yo‘q. 10 kundan beri bugun-erta deb vaqtni o‘tkazyapsizlar. Hali bir so‘m pul olganimiz yo‘q”, deydi.

Бустонлиқда кўпқаватли уй қурилишида ишлаётган қурувчилар маош талаб қилиб, ишга чиқмаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:53 0:00

Yana bir videoda ishchilar bilan IIB xodimi muloqot qilayotgani aks etgan. Ishchilardan biri bu videoni izohlar ekan, bunday dedi:

“Oyligimizni ololmaganimiz uchun kimga murojaat qilishni bilmay, Bo‘stonliq tuman IIBga 10 - aprelda murojaat qiluvdik. 12 - aprel, kechga yaqin IIB xodimlari keldi. Videoga shu voqea tushgan. Melisalar keldiyu baribir masala hal bo‘lmadi”.

Бустонлиқда кўпқаватли уй қурилишида ишлаётган қурувчилар маош талаб қилиб, ишга чиқмаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:48 0:00

Ozodlik ishchilar bilan bog‘landi. Ulardan biri 26 yoshda, 2020 - yilning kuzida uylangan, Surxondaryo viloyatidan. (Bu ishchi hamda Ozodlik savollariga javob bergan boshqa ishchilar ismlari aytilishini istamadi)

“Bu qurilishda 2 - mart kuni ish boshlaganman. Uyda bir so‘m ham pul qolmagan. Mening pul jo‘natishimni kutib yotishibdi. Mart uchun oylikni, mana 13 kundirki, berishmayapti. Hali-beri berilmaydi, xohlagan joylaringga murojaat qilishlaring mumkin, deyishdi. Shuning uchun IIBga murojaat qildik. Ular yordam berolmaymiz, deyishdi”, - dedi surxondaryolik ishchi.

Uning aytishicha, qurilishda 40 dan ziyod kishi ishlayotgan edi. Biroq ish haqi berilmagani uchun ularning 10 ga yaqini ishni tashlab ketib qolgan, qolganlar ishga chiqmay o‘tiribdi.

Ozodlik gaplashgan yana bir ishchining (u ham surxondaryolik, yoshi 31 da, uylangan, ikki farzandi bor) ishchilarga soatiga 14-15 ming so‘mdan ish haqi va’da qilingan. “Kamida 4,5 million so‘mdan ish haqi olishimiz kerak”,- dedi ishchi.

Birinchi quruvchining aytishicha, ishchilar qurilish vagonlarida - bitta vagonda 8 kishidan yashaydi. Qurilish rahbariyati ularga uch mahal ovqat beradi.

“5-6 kundan beri ishlamay yotibmiz. 15 kun shunday yotsak, boshliqlar oylik berishdan ham qutuladi. Chunki tunov kuni “ishlamagan kunlaring uchun joy puli, ovqat pulini bosib qolamiz”, deb ogohlantirishdi”, - dedi ishchi.

Besh kundan buyon maoshini talab qilib, ishga chiqmayotgan ishchilar bilan o‘tkazilgan suhbatlardan ular bevosita rahbari, ish boshqaruvchi Sharifdan (familiyasini bilishmaydi, Glavgidrospetsstroy MChJ rahbariyati ro‘yxatida u materiallar bo‘yicha buxgalter Sharipov Sharif ekanligi yozilgan) boshqa hech bir rahbarni tanimasligi ma’lum bo‘ldi. (Videoda ko‘ringan boshliqning ismi Saidmurod ekanligini, uning oylikka aloqasi yo‘qligini ishchilar aytdi)

Ishchilar "ish boshqaruvchi Sharif aka" bilan yozishmalaridan parchani ham Ozodlikka taqdim qildi. Unda ishchilar boshliqni "oylikni bersangiz, berdingiz, aks holda arz qilamiz", deb ogohlantirgan. Boshqaruvchi esa, hozirdan arz qilaveringlar, deb javob bergan.

Ish boshqaruvchi bilan ishchilar yozishmasidan parcha.
Ish boshqaruvchi bilan ishchilar yozishmasidan parcha.

Ish boshqaruvchi Sharif Ozodlik bilan suhbatda oyliklar kechikayotganini tan oldi. Boshqaruvchi ish haqi to‘lanish muddati to‘g‘risida ham, maosh kechikayotgani to‘g‘risida ham ikki xil gap aytdi.

Avvaliga oylik 10 - aprelgacha to‘lanishi kerak edi, 3 kunga kechikdi, degan boshqaruvchi, birozdan keyin 15 - aprelgacha to‘lanishi kerak, dedi.

Oylikning kechikishini avvaliga “ishxonamizda zapas pul yo‘q edi, pul tushdi, bugun beramiz”, deb tushuntirgan edi, birozdan so‘ng “akt vipolneniya qilib, ishni topshirolmaganimiz uchun oyliklar sal kechikdi, hujjatlarni to‘g‘riladik, mana bugun oyliklarni beramiz”, - dedi.

Ishchilar va oylik masalasida Ozodlik Glavgidrospetsstroy MChJ direktorining qurilish bo‘yicha 1- o‘rinbosari Saidumar Subhonqulov bilan gaplashdi. Oylik kechikayotganini tan olgan o‘rinbosar aybni ishchilarning o‘ziga ag‘darishga urindi. "Soatbay haq to‘lashimizni talab qilishyapti, kim olgan ularni ishga, xayronman", - dedi.

Saidumar Subhonqulovning aytishicha, ishchilarning 6 kundan beri ishsiz o‘tirgani qurilayotgan avtoturargohdagi ishlar "uning yonida yo‘l buzilayotgani bilan bog‘liq". O‘rinbosarning aytishicha, obyektning yangi loyihasi ustida ish ketyapti.

Qurilayotgan avtoturargohning buyurtmachisi kim, degan savolga Glavgidrospetsstroy MChJ vakili javob berishni istamadi. Saidumar Subhonqulov ishchilarga oylik "bir-ikki kun ichida to‘lanishi"ni aytdi.

Maoshlarning vaqtida berilmasligi O‘zbekistonda ham davlat, ham xususiy sektor korxonalarida surunkali muammoga aylangan.

Ozodlik bundan avval Sardobada toshqindan vayron bo‘lgan uylarni tiklashga jalb qilingan qator qurilish shirkatlari ishchilari oylab maoshini olmagani, shuningdek, “Bekobodyo‘lindustriya” unitar korxonasi ishchilari o‘z hisobidan ta’tilga chiqishga majburlanayotgani haqida yozgan edi.

Maoshlarning vaqtida berilmasligi o‘tgan yil oktabrida Qashqadaryoning G‘uzor tumanidagi Uzbekistan GTL zavodi qurilishida mehnat qilayotgan ishchilarning ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan noroziligiga sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG