Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:35

Andijon: Yerlar noqonuniy sotilganini fosh qilgan deputatga jinoyat ishi ochildi


Andijonlik deputatning sessiya paytida tintuv qilinishi iddao qilingan surat. Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevning telegram kanalidan olindi.
Andijonlik deputatning sessiya paytida tintuv qilinishi iddao qilingan surat. Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevning telegram kanalidan olindi.

Andijon shahar Kengashining 17 - mayda o‘tgan sessiyasida tintuv qilingan va deputatlik daxlsizligidan mahrum etilgan deputat Shuhrat Karimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 228- (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 229- (o‘zboshimchalik) moddasi bilan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Bosh prokuratura 20 - may kuni ma’lum qildi.

Ayni paytda Adliya vazirligi bu masalaga munosabat bildirar ekan "deputatni tintuv qilish va o‘z vakolatlarini amalga oshirishga monelik qilish noqonuniy" ekani haqida yozdi.

Avvalroq Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham deputat Sh.Karimovning tintuv qilinishi va daxlsizlik maqomidan mahrum etilishini tanqid qilgan edi. Mazkur mavzu ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Andijon shahar Kengashining 17 - mayda o‘tgan sessiyasida prokuror taqdimnomasiga asosan “yerlar noqonuniy sotilayotganini fosh qilib, shahar prokurorini attestatsiyadan o‘tkazilishini talab qilgan deputat Shuhrat Karimovdan daxlsizlik maqomi olib tashlangani” xabar qilingan edi.

Bosh prokuratura hokim va prokuror himoyasiga chiqdi

Bosh prokuraturaning 20 - mayda tarqatgan rasmiy bayonotida bildirilishicha, deputat Shuhrat Karimov Andijondagi “Alliance R.C.” MChJning rahbari hisoblanadi. Mazkur shirkat yer va shaharsozlikka oid qonun va me’yoriy hujjatlarning talablariga amal qilmasdan o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini boshlagan.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, “Alliance R.C.” MChJga Andijon shahar hokimining 2017 - yil 15 - iyuldagi qarori bilan Bo‘ston dahasi, Usmon Yusupov ko‘chasida joylashgan 4 gektar yer maydoni ko‘p qavatli aholi turar joy binolari, kottej tipidagi turar joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish shohobchalari, issiqxonalar, umumiy ovqatlanish va choyxona binolari qurish hamda mevali bog‘ yaratish uchun ajratilgan.

“Biroq, “Alliance R.C.” MChJ mansabdor shaxslari yer va shaharsozlikka oid qonun va me’yoriy hujjatlarning talablariga amal qilmasdan o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini boshlagan.

Shu bilan birga, qurilish ishlarini loyihalash va ruxsatnomalar olish uchun asos hisoblangan “Arxitektura me’moriy rejalashtirish topshirig‘i”ni sohtalashtirib, hokim qarorida ko‘rsatilgan 4 gektar yer maydoniga qo‘shimcha ravishda yana 6 gektar yer maydonini qo‘shib olib, jami 10 gektar yer maydoniga qalbaki topografik chizma tayyorlashga erishgan.

Buning oqibatida mazkur 6 gektar yer maydoni doirasida shahar hokimining qarorlariga asosan yer uchastkalari ajratilgan tadbirkor hamda bir nechta fuqarolarning yerdan foydalanish huquqlari buzilgan.

Bundan tashqari, o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, noqonuniy qurilish qilingan 0.36 gektar yer maydonlarini elektron auktsion savdolarida sotish imkoniyati yo‘qotilgan va davlat byudjetiga 190,8 mln. so‘m miqdorda zarar yetkazilgan”,-deyiladi bayonotda.

Shundan so‘ng Andijon shahar prokuraturasi 2021 - yil 3 - mart kuni “Alliance R.C.” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 228- (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 229- (o‘zboshimchalik) moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ayni paytda jinoyat ishi Izboskan tumani prokuraturasi tomonidan tergov qilinmoqda.

Adliya vazirligi deputat daxlsizligini eslatdi

Adliya vazirligi esa o‘z rasmiy bayonotida deputatni tintuv qilinishini va daxlsizlik maqomidan mahrum etilishi noqonuniy ravishda amalga oshirilganini bildirmoqda.

Vazirlikning ta’kidlashicha, "Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida“ gi qonunga asosan “har bir deputatga o‘z vakolatlarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun shart-sharoit kafolatlanadi”.

Adliya vazirligining bildirishicha, Oliy Majlis Senati Kengashining 2010 - yil 30 - dekabrdagi qaroriga asosan mahalliy Kengashlarning deputatlariga sessiya o‘tkaziladigan vaqt, sana va joy hamda kun tartibi sessiya ochilishidan kamida yetti kun oldin etkazilishi zarur. Andijonda 17 - mayda o‘tgan sessiyada ayni mana shu talab bajarilmagan.

“Mazkur Kengash sessiyasida deputatlarning daxlsizligi buzilib telefon va ovozli videoga oluvchi moslamalarni olib kirishi taqiqlangan hamda ayrim deputatlar tintuv qilingan”,-deyiladi vazirlik bayonotida.

Adliya vazirligi mazkur holat bo‘yicha halq deputatlari Andijon shahar Kengashiga hamda Milliy gvardiya Andijon viloyat Qo‘riqlash boshqarmasiga taqdimnomalar kiritilganini va unda kelgusida bunday qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilmasligi hamda aybdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish so‘ralganini ma’lum qildi.

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining bayonoti

Andijonda “yer sotilishini fosh etib” prokurorning attestatsiyadan o‘tkazilishini talab qilgan deputat daxlsizlikdan mahrum qilingani “oqlab bo‘lmaydigan holatdir”. O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 18 - may kuni mana shunday bayonot tarqatdi.

“Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimiz kun tartibidagi asosiy masalalaridan biri bo‘lib turgan, bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilayotgan bir paytda bevosita korruptsiyaga qarshi kurashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi idora tomonidan korrupsiya holati haqida xabar bergan shaxsni himoya qilish o‘rniga, unga nisbatan turli ta’sir choralari qo‘llanilayotganini oqlab bo‘lmaydi”,-deyiladi agentlik bayonotida.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur holat nazoratga olinganini va natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishini ham ma’lum qildi.

Kusherbayev: Deputatga tupurib qo‘yibdi

17 - may kuni bo‘lib o‘tgan voqea ijtimoiy tarmoqlarda tarqaltilganidan so‘ng qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

“Andijonda yer sotuvchilarning kirdikorlarini fosh qilib yurgan deputat prokuror taqdimnomasiga ko‘ra daxlsizlik huquqidan mahrum qilindi... Katta ehtimol bilan deputatlarni daxlsizlik huquqigayam tupurib tintuv o‘tkazishga topshiriq berganlar yer sotish ishlariga daxldor va deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilib qamashga ishtiyoqmand "o‘sha" shaxslar bo‘lishi kerak”, deb yozdi o‘z Telegram kanalida Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev.

Andijon shahar kengashi deputati, huquqshunos Saydali Muxtoraliyev: “Sessiya kun tartibiga yagona masala hokimning noqonuniy qarorlariga qarshi chiqayotgan va Andijon shahar prokurorini attestatsiyadan o‘tkazishni talab qilgan deputatni daxlsizlik huquqdan mahrum qilish edi”,-degan iddaoni olg‘a surdi.

Saydali Muxtoraliyevning yozishicha, Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining 17 - may kuni o‘tgan sessiyasiga deputat Sh.Karimovni daxlsizlik maqomidan mahrum qilish taqdimnomasini Andijon shahar prokurori kiritgan. Huquqshunosga ko‘ra, deputat Sh. Karimov Andijon shahar prokurorini attestatsiyadan o‘tkazilishini talab qilib kelgan.

Deputatning yana bir hamkasbi Jahongir Jiyanov Shuhratbek Karimov Andijon shahar hokimi Baxromjon Haydarovning yer to‘g‘risida chiqargan qarorlariga muntazam qarshi chiqib kelgan va Bosh prokuraturadan shahar prokurorini attestatsiyadan o‘tkazishni talab qilgan. Jiyanov Karimovning daxlsizlikdan mahrum qilinishini ayni mana shu holat bilan bog‘laydi.

2018 - yil 22 - yanvarda prezident farmoni bilan tasdiqlangan davlat dasturiga ko‘ra, xalq deputatlari kengashi vakolatlarini kengaytirish maqsadida 2018 - yil 1 - mayga hokimning kengash rahbari sifatida maqomini bekor qilish to‘g‘risida qonun loyihasi tayyorlanishi lozim edi. Ammo loyiha hozirga qadar tayyorlangan emas.

Rasmiylar amaldagi tartib Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan hokimiyat bo‘linish tamoyillariga zid ekanini tan olishgan.

XS
SM
MD
LG