Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 03:35

Andijonlik deputatlar hokim va prokurordan himoya qilishni so‘rab Prezidentga murojaat qildi


Andijonlik deputatning sessiya paytida tintuv qilinishi iddao qilingan surat. Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevning telegram kanalidan olindi.
Andijonlik deputatning sessiya paytida tintuv qilinishi iddao qilingan surat. Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevning telegram kanalidan olindi.

Andijonlik 13 deputat 27 - may kuni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan Prezidentga videomurojaatida davlat rahbaridan Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining 17 - may kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasi qarorini bekor qilishni so‘radi.

Sessiyada deputatlardan birining daxlsizlik maqomi bekor qilingan edi. Murojaatchilar iddaosicha, “sessiya Andijon shahri hokimi va prokurori ssenariysi bo‘yicha o‘tkazilgan”.

Bosh prokuratura mulozimi videomurojaatdan xabari borligi, u o‘rganilishini bildirdi.

Mustaqil tahlilchilar fikricha, xalq manfaatlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan deputatlarning o‘zlari himoyaga muhtoj bo‘lib qolgani davlat boshqaruvi mexanizmi nosozligi alomatidir.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qariyb 10 daqiqali videoda 13 kishi, jumladan 2 ayol ko‘rinadi.

Deputatlar: Kengash sessiyasi hokim va prokuror ssenariysi bo‘yicha o‘tkazilgan

Ijtimoiy masofa saqlagan holda ikki qatorga tizilganlar ortida Zahiriddin Bobur xotirasiga o‘rnatilgan haykalning pastki qismi va yodgorlik shohsupasi ko‘rinib turganidan video Andijon shahrida yozilgani tushuniladi.

Video davomida 13 kishidan 6 nafari gapiradi va ularning gaplari mazmunidan yig‘ilganlar viloyatning bir necha tumani kengashlari deputatlari ekanligi bilinadi.

Gapirganlarning ikki nafari Xalq deputatlari Andijon shahar kengashi, yana ikki nafari esa Xo‘jaobod kengashi deputatlaridir.

Ulardan tashqari, Asakadan bir va Shahrixondan yana bir xalq vakili gapiradi.

Barcha deputatlarning prezident Mirziyoyevga murojaati mazmun-mohiyati birinchi bo‘lib gapirgan (o‘zini tanishtirmagan) deputatning mana bu so‘zlarida aks etgan:

“Sizga (Prezidentga – tahr) murojaat qilishdan asosiy maqsadimiz, noqonuniy tartibda tashkil etilib,, noqonuniy o‘tkazilgan Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining 20- sessiyasini qonunda belgilangan tartibda Senat tomonidan bekor qilinishini [so‘raymiz], mahalliy kengashlar deputatlari daxlsizligi qo‘pol ravishda buzilayotgani e’tiborsiz qolib ketayotganligiga e’tirozimizni bildirmoqchimiz. Murojaatimizni o‘z nazoratingizga olishingizni, mahalliy kengashlar deputatlari daxlsizligini kuchaytirishingizni so‘raymiz”.

Ikkinchi bo‘lib gapirgan, ismi yaxshi eshitilmagan xo‘jaobodlik deputat “Andijondagi sessiya noqonuniy o‘tkazilgan”ini aytarkan, “Prokuratura noqonuniy harakatlarga qarshi kurashib kelayotgan deputat daxlsizligiga tajovuz qildi”, deydi.

Xo‘jaobodlik yana bir deputat Bahodir Saydolimovning iddao qilishicha, “Andijondagi sessiya shahar hokimi va prokurori ssenariysi asosida tayyorlangan”.

Nima bo‘lgan edi?

Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining 17 - mayda o‘tgan sessiyasida shu kengash deputati Shuhrat Karimov tintuv qilingan va deputatlik daxlsizligidan mahrum etilgan edi.

17 - may kuni bo‘lib o‘tgan voqea ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilganidan so‘ng qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Andijon shahar kengashi deputati, huquqshunos Saydali Muxtoraliyev: “Sessiya kun tartibiga yagona masala hokimning noqonuniy qarorlariga qarshi chiqayotgan va Andijon shahar prokurorini attestatsiyadan o‘tkazishni talab qilgan deputatni daxlsizlik huquqdan mahrum qilish edi”,-degan iddaoni olg‘a surdi.

Saydali Muxtoraliyevning yozishicha, Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining 17 - may kuni o‘tgan sessiyasiga deputat Sh.Karimovni daxlsizlik maqomidan mahrum qilish taqdimnomasini Andijon shahar prokurori kiritgan. Huquqshunosga ko‘ra, deputat Sh. Karimov Andijon shahar prokurorini attestatsiyadan o‘tkazilishini talab qilib kelgan.

Oradan uch kun o‘tib, 20 - may kuni Bosh prokuratura deputatga nisbatan Jinoyat kodeksining 228- (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 229- (o‘zboshimchalik) moddasi bilan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.

Andijon prokurori ishdan olinishini deputat ishiga bog‘lamaslik so‘raldi

22 - may kuni esa, Bosh prokuratura Telegram-kanalida rasmiy xabar paydo bo‘ldi:

“O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2021 - yil 21 - may kungi buyrug‘i bilan Andijon shahar prokurori lavozimida ishlab kelayotgan adliya maslahatchisi Qurbonali Asqarov o‘z xohishiga ko‘ra bergan arizasiga asosan lavozimidan ozod etildi...

“Qayd etish joizki, Q.Asqarovning lavozimidan ozod etilishi 2021 - yil 17 - may kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ro‘y bergan holatlar bilan bog‘liq emas”.

Deputatlar videomurojaatidan Bosh prokuraturaning xabari bor

Bosh prokuratura mas’ul mulozimi 27 - may kuni Ozodlik savoliga javoban andijonlik deputatlar videomurojaatidan “Bosh prokuraturaning xabari bor”ligi, unga munosabat bildiriladimi-yo‘qmi – hozir ayta olmasligini bildirdi.

Xabarlarga qaraganda, deputatlik daxlsizligidan mahrum qilingan Shuhrat Karimov shahar hokimini ham noqonuniy ishlari uchun tanqid qilib kelgan. Hokim faoliyati ham tekshiriladimi, degan savolga Bosh prokuratura mulozimi "tekshirish ketyapti", deb javob berdi.

Videomurojaat ortidan deputatlarga bosim boshlangani aytildi

Prezidentga videomurojaat yo‘llagan deputatlardan biriga yaqin andijonlikning Ozodlikka xabar qilishicha, murojaat e’lon qilinishi bilanoq xalq vakillariga bosim boshlangan.

Deputatning qo‘ng‘iroqlarga javob bermaganini andijonlik “ular ertalabdan beri majlisdan bo‘shamayapti, bir boshliqdan chiqib, ikkinchisining oldiga kirib ketishyapti”, deb izohladi.

Andijon viloyat hokimligi matbuot kotibi Elyorbek Matisaqov Ozodlik savolini eshitiboq, aloqani uzib qo‘ydi. Keyingi qo‘ng‘iroqlarga umuman javob bermadi.

Himoyasiz qolgan xalq vakillari

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti aholining haqiqat izlab davlat rahbariga yo‘llagan matn, audio va videomurojaatlari bilan to‘la.

Biroq deputatlarning mahalliy amaldorlardan shikoyat qilib Prezidentga murojaat qilishi bir qator savollarni paydo qildi.

Bosh prokuratura mulozimi bu holatni “kishilarning huquqiy savodsizligi, qonun-qoidalarni bilmasligi” bilan izohladi.

Shoir Hamroqul Asqar esa, deputatlarning Prezidentga murojaat qilganini "boshqaruv mexanizmida nimadir singanidan darak", der ekan, fikrini bunday bunday davom ettirdi:

“Deputat o‘z saylovchilarining huquqlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan xalq vakilidir. Bas, agar ular Prezidentdan najot kutayotgan ekan, demak bu mamlakatda qonun ishlamayapti, Konstitutsiya ishlamayapti, deganidir. Mamlakat soat mexanizmiga o‘xshaydi. Uning bitta murvati buzildimi, bas, vaqtni noto‘g‘ri ko‘rsata boshlaydi. Bugun hamma murvatlar buzilgan”.

Shoirning fikricha, boshqaruv mexanizmini buzgan omillar ko‘p. Biroq ko‘zga yaqqol tashlanib turgani hududlarning to‘rt sektorga bo‘linib, barcha sektorlar yoki hokimiyat bo‘g‘inlarining “hokim”larga bo‘ysundirilganidadir.

“Sektor tushunchasi Konstitutsiyada yo‘q narsaku?! Aqlim yetmaydi bunday davlat boshqaruviga! Sektorlardan biriga prokuror boshliqmish. O‘zini ishini qilmaydimi u?! Qonunlar ijrosini, ularga rioya qilinishini nazorat qilmaydimi?”

Hokimlar minglab noqonuniy qaror chiqargan

Mahalliy nashrlarning ma’lumoticha, 2019-2020 - yillar mobaynida ma’muriy sudlar tomonidan hokimlarning 2 ming 852 ta qarori noqonuniy deb topilgan. (“Mahalla” gazetasi, 22 - mart).

“Mahalla” gazetasi shu yilning 22 - mart sonida hokimlar noqonuniy qarorlar qabul qilgani yuzasidan ta’sir choralari ko‘rilmayotgani haqida yozgan.

Avvalroq Cenat raisi Tanzila Norboeva hokimlarning qonun hujjatlariga zid harakatlari yuzasidan mahalliy kengash deputatlari nazorat olib borishi shartligini ta’kidlagan edi.

“Joylardagi senatorlar hokimiyat qarori noqonuniy bo‘lsa, to‘g‘rilashi, qaytarib yuborishi, bu haqida hokimiyat rahbariga aytish kerak. Buni Senat yoki boshqa davlat idorasi emas, sizlar qilishingiz kerak”, - degan Norboyeva mahalliy kengash vakillariga qarata.

Hokim qarorlarini mahalliy kengashlar tasdig‘idan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Ammo qarorlarning haqqoniyligiga baho beradigan, uni tasdiqlaydigan kengashlarga hokimlar raislik qiladi.

Prezident Mirziyoyev mahalliy kengashlarga hokimlar raislik qilishi amaliyotiga barham berish kerakligini aytgan, ammo amalda Konstitutsiyada belgilangan hokimiyat bo‘linishi tamoyillariga zid ushbu tartib saqlanib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG