O‘zbekistonlik taniqli jurnalist, Uzdiplomat.uz sayti asoschisi Anora Sodiqova “Mufasa” taxallusi bilan faoliyat yurituvchi bloger Mirsaid Haydarov ustidan sudga murojaat qildi.
“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovning ma’lum qilishicha, Anora Sodiqova o‘z murojaatida bloger tomonidan ijtimoiy tarmoq, turli anonim kanallarda o‘z sha’ni, qadr-qimmati kamsitilgani va tuhmatga uchraganini bayon qilgan va Fuqarolik kodeksining 100-moddasiga (sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish) ko‘ra chora ko‘rishni so‘ragan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda trollar armiyasi paydo bo‘lgan, jurnalistlarni haqoratlash, vatan xoiniga chiqarish, so‘kinish bilan bo‘htonlar qilish oson bo‘lib qoldi. Qaysidir davlat idorasini tanqid qilish oqibatida trollar orqali hujumga o‘tish ham odatiy holga aylangan. Nazarimda, bunga qonuniy chora ko‘rish vaqti keldi”, deb yozgan Anora Sodiqovaning o‘zi Feysbukdagi sahifasida.
Anora Sodiqova boshchiligidagi Uzdiplomat.uz jamoasi joriy yil 8-fevral kuni Toshkent shahrida tashkil etgan “Yil tanlovi-2024” marosimi to‘sqinlikka uchragani haqida xabar tarqaldi.
Faollarga ko‘ra, tadbir o‘tishi avvaldan belgilangan “Zarafshon” konsert zali eshiklari “texnik sabablar”ga ko‘ra ochilmagan va tashkilotchilar boshqa joy qidirishga majbur bo‘lgan.
Ushbu hodisa ortidan ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda mustaqil matbuotning istiqboli xususida xavotirli fikrlar yangragan.
Anora Sodiqova avval ham kasbiy faoliyati sabab o‘ziga tahdid qilinganini bildirgandi.