27-28 - noyabr kunlari Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) direktori Asadjon Xodjayev Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi jurnalist hamda blogerlar bilan uchrashdi.
Rasmiy bayonotlarda AOKA rahbari mahalliy matbuot, ayniqsa Internet nashrlari jurnalistlari va faol blogerlardan, o‘z ta’biricha, “asoslanmagan, oxirigacha o‘rganilmagan, shaxsiyatga tegadigan materiallar”ni bermaslikni so‘ragan.
Ammo uchrashuvda qatnashgan jurnalistlarga ko‘ra, respublika miqyosidagi xususiy nashrlarni rasman ogohlantirgan A. Xodjayev endi viloyat OAVdan ham gaz-svet muammosidan norozi aholi chiqishlarini “o‘ta ehtiyotkorlik bilan yoritish haqida ogohlantirgan”.
26 va 27- noyabr kunlari Kun.uz, Gazeta.uz, Podrobno.uz va Daryo.uz nashrlari ba’zi tanqidiy chiqishlari uchun “huquqiy oqibatlardan” AOKA rasman ogohlantirganini bildirgan va buni o‘zlariga nisbatan bosim, deb baholagan edi.
AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniya diplomatlari hamda chet el inson huquqlari himoyachilari bu holatni, Shavkat Mirziyoyev va’da qilgan islohotlarga zid, demoqda va prezidentdan zudlik bilan vaziyatga aralashishni so‘ramoqda.
"Xodjayevning viloyatlarga yurishi"
AOKA rahbarining Namangan viloyatidagi jurnalist va blogerlar, axborot xizmati rahbarlari bilan uchrashuvi haqida viloyat hokimligi xabar qildi.
Rasmiy xabarda aytilishicha, 28 - noyabr kuni Nodirabegim nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida o‘tgan uchrashuvda AOKA rahbari matbuotdagi tanqidiy chiqishlarga asosiy e’tiborni qaratgan.
“Nazarimda, nafaqat tezkorlik, balki xolislik tamoyillariga ham rioya etish, fakt-dalillar asosli ekanligiga ham e’tibor qaratishimiz zarur", deya iqtibos keltirdi viloyat hokimiligi matbuot xizmati Asadjon Xodjayevdan.
Xodjayev bilan Farg‘ona shahrida uchrashgan mahalliy jurnalistlardan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, aslida AOKA rahbari uchrashuvlarda asosiy e’tiborni energiya taqchilligidan norozi aholining kayfiyati va buning matbuot yoki ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishiga qaratgan:
“Gapning lo‘ndasini aytsam, aholi ko‘tarilishi mumkin, degan xavotir bor, shekilli. Shunga ommaviy axborot vositasi sifatida ehtiyotkorlik bilan bu mavzularni ko‘taring, masalani har tomonini o‘ylang, degandek bo‘ldi, nazarimda. Lekin blogerlar va jurnalistlarning og‘zini ham yopib qo‘yolmaymiz, qo‘limizdan faqat ogohlantirish keladi, degan ma’noda gapirdi. Ijtimoiy muammolarni ko‘tarayotgan ayrim blogerlarga rahmat ham aytdi”.
Yana bir farg‘onalik jurnalist esa, agentlik rahbarining ikki qo‘shni viloyat jurnalistlari bilan ketma-ket uchrashuvini “Xodjayevning viloyatlarga yurishi” deb baholadi.
“Xodjayevning Farg‘onadagi yig‘ilishi soat 21:30 da tugadi, oqshom. Toshkentdagi nashrlarni birma-bir ogohlantirganidan keyin viloyatlarga yurish boshladi. Asosan, shu svet-gazni gapirma deyapti", dedi ismi sir qolishi sharti bilan vaziyatni qisqagina sharhlagan farg‘onalik jurnalist.
Ommaviy norozilik lavhasidan keyingi e’tiroz
Bunga qadar Zo’rTV axborot dasturi jurnalistlari Qarshida gaz-svet taqchilligidan norozi aholi yig‘ini aks etgan lavha ortidan telekanal AOKA tomonidan ogohlantirilgani va bu mavzudagi chiqishlarni cheklaganidan shikoyat qilgan.
Telekanal muharriri Ozodlik bilan muloqotda bu shikoyatni rad etdi.
Ammo muxbirlarga TV rahbariyatidan yo‘llangan ko‘rsatma Ozodlikka taqdim qilingan va unda aholi noroziligi, ommaviy yig‘inlarga duch kelganda, “suhbatdoshni omma yig‘ilgan hududdan chetga tortib, alohida intervyu olish” haqida topshiriq borligi aytilgan.
Muharrirdan yo‘llangan ko‘rsatmada aytilishicha, “AOKA va yana bir qator tashkilotlarda” aynan Zo’rTV da Qarshidan uzatilgan lavhada miting namoyishi ko‘rsatilgan va bu “davlat imijiga minus ta’sir qiladigan holat” degan e’tiroz bildirilgan.
Vazifasini "eplay olmayotgan" AOKA ogohlantirishi
Avvalroq O‘zbekistondagi to‘rt yetakchi internet nashri – Kun.uz, Podrobno.uz, Daryo.uz va Gazeta.uz AOKAdan ogohlantirish xati olganini e’lon qilgan edi.
Gazeta.uz, Daryo.uz, Podrobno.uz, Repost saytlarida joylashtirilgan materiallarda "koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar statistikasi shubha ostiga olingan".
Bu nashrlarning ikkita rasmiy manba - prezident matbuot xizmati va Sog‘liqni saqlash vazirligining koronavirus bemorlari soni haqida bergan raqamlari o‘rtasida tafovut borligini yozgani AOKAning e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Daryo.uz nashri bosh muharriri Muhrim A’zamxo‘jayev, buni "oldiga qo‘yilgan ko‘plab vazifalardan birini (masalan, matbuot xizmatlari faoliyatini lozim darajada muvofiqlashtirishni) eplay olmayotgan davlat tashkilotining yoqimsiz bir ogohlantirish xati", deb baholadi:
"AOKA esa jamoatchilikda noto‘g‘ri fikrlar shakllantirishi mumkin bo‘lgan to‘la tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqat(ayot)gan, shuningdek, OAVning dolzarb masalalar bo‘yicha so‘rovlariga javob bermayotgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlarini tartibga chaqirishi maqsadga muvofiqdir".
Mustaqil Internet nashrlariga bosim
Qolgan Internet nashrlari ham prezident devoni huzuridagi agentlikdan borgan bu ogohlantirishni so‘z erkinligi jiddiy bosim sifatida baholamoqda.
Podrobno.uz tahririyati esa “ba’zi oqibatlar”ga ishorat qilingan yozma ogohlantirishlar OAVga bosim sifatida qabul qilinishi mumkin”, deb yozdi.
Gazeta.uz nashri ham “ogohlantirish xatiga tahririyatni «noqulay» savollar berishdan to‘xtashga majbur qilishga urinishni eslatadigan keskin javob deb qaraymiz”, deb munosabat bildirdi.
25 - noyabr kuni mamlakatda eng katta virtual auditoriyaga ega bo‘lgan Kun.uz nashri esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaz-svet muammosini yozgani uchun AOKA tomonidan ogohlantirildi.
Ushbu saytda, mamlakatda kuzatilayotgan energetik inqiroz haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “qiziqarli va tanqidiy postlar” jamlangan.
Bu postlar “Kun.uz saytida e’lon qilinishi ortidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Asadjon Xodjayev tahririyatni noxolislikda aybladi va «jiddiy huquqiy oqibatlar»dan ogohlantirdi. Tahririyat buni o‘ziga "bosim o‘tkazish" deb atadi.
AOKA rahbariyati mamlakatdagi OAVga yuborilgan ogohlantirishlar yuzasidan Ozodlik savollariga hanuz javob bergani yo‘q.