Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:50

“Aql charxi maskani”dan aldanganini aytgan talabalar pullarini qaytarib ololmayapti


"Aql charxi maskani" binosi.
"Aql charxi maskani" binosi.

O‘ndan ziyod yigit-qiz Navoiydagi “Aql charxi maskani” firmasidan aldanganini aytib, Ozodlikka murojaat qildi.

Ular 2019 - yilda ushbu firma vositachiligida Moskvada joylashgan Zahiradagi ofitserlar, moliya, iqtisodiyot va huquq instituti (IFEPOZ)ga imtihonsiz qabul qilinganlar.

Yoshlar iddaosiga ko‘ra, o‘tgan ikki yil davomida ular shartnoma to‘lovlarini to‘lab kelgan, biroq ularga biror marta dars mashg‘ulotlari o‘tilmagan. To‘lov pullarini qaytarib olmoqchi bo‘lgan talabalarga “Aql charxi maskani” rad javobini bergan.

Talabalar ikki yil davomida turli idoralarga qilgan murojaatlari ham natijasiz qolayotganidan nolishdi.

“Aql charxi maskani” firmasi rahbari Shohista Fayziyeva talabalar iddaolarini rad qildi, biroq buni hech qanday ko‘rinishda izohlamadi.

Talabalar shikoyati

Samarqand viloyati Paxtachi tumani Ziyovuddin qishlog‘ida yashovchi 22 yashar yigit Ozodlikka murojaat qilgan o‘ndan ziyod shikoyatchi yoshlardan biri.

“2019 - yilning 20 - martida “Aql charxi maskani”ga borib, hujjat topshirdim. Moskvada joylashgan IFEPOZ ya’ni Institut finansov, ekonomiki i prava ofitserov zapasa degan oliygohga qabul qilinganimiz haqida spravka berishdi. Imtihonsiz talaba bo‘ldik. Avval 3 million so‘m firma to‘lovini to‘ladim. Keyin 6 million so‘m kontrakt uchun to‘ladim. Lekin ikki yildan beri bir marta ham dars bo‘lmadi”,-deydi paxtachilik yigit.

Shikoyatchi talaba yoshlarning ism-shariflari Ozodlikka ma’lum. Biroq ular iltimosiga ko‘ra, shaxsi ochiqlanmayapti.

“Men ham “Aql charxi maskani”ga IFEPOZga kirish uchun 2019 - yilda hujjat topshirganman. Bu firmaga jami 12 million so‘mdan ko‘proq pul to‘ladim. Lekin o‘qishdan darak yo‘q. Firmaga shikoyat qilib borsak, oldi-qochdi gaplar bilan qaytarib yuborishadi. “Hujjatda o‘qiyapsizlar, xavotir olmanglar”, deyishdi. Lekin men faqat qog‘ozda emas, haqiqiy o‘qib, bilim olmoqchiman”, - deydi Navoiy viloyati Karmana tumanida yashovchi 20 yashar yigit.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi 26 yashar yigit ham karmanalik kursdoshi singari amalda o‘qib, diplom olishni istashini aytadi:

“Aql charxi maskani”ga 10 million so‘mga yaqin pul berdim. 2019 - yili “o‘qishga kirding” degan spravka berishdi. “Sentabrdan o‘qish boshlanadi” deyishdi. O‘qish boshlanmadi. Keyin “1-semestr uchun kontrakt pulini to‘langlar”, deyishdi. To‘ladik. Keyin “boshqa institutga ko‘chiramiz, 2-semestr uchun kontrakt to‘langlar”, deyishdi. To‘ladik. Keyin o‘tgan yil yozda “1- kursni bitirdinglar. Endi 2-kurs uchun pul to‘langlar”, deyishdi. Lekin pul bermadim. “O‘qiyotganlaring haqida spravka beramiz” deyishdi. Ishonmadim. Pulimni qaytarib olmoqchiman. Lekin telefon qilsak, ko‘tarmaydi umuman”.

Natijasiz qolayotgan shikoyatlar

Shikoyatchi talabalarning aytishicha, ular “Aql charxi maskani”ga to‘lagan pullarini qaytarib olish maqsadida turli idoralarga murojaat qilishgan, biroq natija bo‘lmagan:

Paxtachilik talabaga berilgan ma’lumotnoma
Paxtachilik talabaga berilgan ma’lumotnoma

“Shaxsan o‘zim prezident portaliga 2 marta yozdim. Bosh prokuraturaga 1 marta yozdim. Ichki ishlar vazirligiga ham yozdim. Hammasidan bir xil javob oldim. “Aql charxi maskani” ustidan Fuqaralik ishlari bo‘yicha sudga yozinglar” deyishdi. Bir-ikki kursdoshim sudga ham berdi. Lekin baribir pulini ololmadi. Hech kim bu firma rahbarlariga chora ko‘ra olmayapti”,- deydi paxtachilik talaba yigit.

Talabalar “Aql charxi maskani”ga pul to‘lagan payti berilgan ma’lumotnomalar, firma xodimi pulni olayotgan payti yozib olingan audio va videolarni Ozodlikka taqdim qilishdi. Biroq talabalar shaxsini ochiqlamaslik maqsadida ular e’lon qilinmayapti.

“Aql charxi maskani” talabalarga bergan shartnomada agar ish oxiriga yetkazilmasa, talaba sarflagan harajatlarni qaytarib berishni o‘z zimmasiga olgani qayd qilingan.

Fayziyeva: Intervyuga hojat yo‘q

Ozodlik “Aql charxi maskani” firmasi rahbari Shohista Fayziyeva bilan bog‘lanishga ikki kun davomida harakat qildi. Telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bo‘lmagach, Ozodlik mobil muxbiri firmaning Navoiydagi ofisiga bordi.

Firma xodimlari Fayziyevaning ofisda emasligini aytib, uning telefoniga SMS-xabar jo‘natishni maslahat berishdi.

Shundan keyin Fayziyeva bilan mobil muxbir o‘rtasida qisqa CMC yozishmalari bo‘ldi. Fayziyeva “o‘quvchilarning huquqlari buzilmagan, intervyuga hojat yo‘q” deya javob berdi.

Sobiq xodim hikoyasi

Shikoyatchi talabalarning hisob-kitobicha, ular singari “Aql charxi maskani”dan aldanganlar soni 700 nafardan ziyod.

Bu raqamni “Aql charxi maskani”ning sobiq xodimi ham Ozodlikka tasdiqladi.

O‘zbek talabasiga berilgan ma’lumotnoma
O‘zbek talabasiga berilgan ma’lumotnoma

“Men 2019 - yilda o‘sha sizlarga shikoyat qilgan yigitlardan hujjat qabul qilganman. Jami 902ta talabadan hujjat olingan. Har bir talabadan firmaning konsalting to‘lovlari uchun 3 million so‘m pul olingan. Bir kunda 100 million so‘m pul olgan paytlarim bo‘lgan. Men ishlagan paytim jami 7 milliard so‘m yig‘ilgan”,- dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan “Aql charxi maskani”ning sobiq xodimi.

Uning aytishicha, 902 nafar talaba yig‘ilgach, Rossiyaning IFEPOZ oliygohi hujjati O‘zbekistonda o‘tmasligi oshkor bo‘lgan:

“Bu institut faqat masofaviy ta’lim beradi. Pandemiyadan avval O‘zbekistonda ta’limning bunaqa shakli mavjud emasdi. Ta’lim to‘g‘risidagi eski qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan ta’lim shaklida o‘qiganlarning diplomi O‘zbekistonga o‘tmaydi. Bu gapni eshitganlar hujjatlarini qaytarib olishni boshladi. Boshida bir nechta talabaga konsalting to‘lovlari uchun to‘lagan pullarining ma’lum qismi qaytarib berildi. Keyin hech kimning puli qaytarilmadi. “Aql charxi maskani” o‘zimning ham 32 million 100 ming so‘m mehnat haqimni bermadi”.

Ochilgan va yopilgan ish

Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, “Aql charxi maskani” firmasi rahbari Shohista Fayziyevaga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Biroq 2020 - yil 20 - sentabr kuni “jinoyat tarkibi mavjud bo‘lmaganligi sababli jinoyat ishi harakatdan to‘xtatilgan”.

O‘quv korpusi yo‘q oliygoh

Rossiyaning IFEPOZ institutiga hujjat topshirib, aldangan o‘zbekistonliklar haqida Ozodlik avval ham yozgandi.

O‘sha paytda talabalar Rossiyadagi oliygoh uchun vositachilik qilgan Toshkentdagi Universal Express Consulting Service va Advance Consulting firmalari aldovi qurboni bo‘lganini aytishgan.

Ozodlik uch kun davomida IFEPOZ saytida e’lon qilingan telefon raqamiga bog‘lana olmadi.

Ochiq manbalardan IFEPOZ institutining 1996 - yilda litsenziya olgani va uning “Rossiya zahiradagi ofitserlar ittifoqi” jamoatchilik tashkiloti tomonidan tuzilgani ko‘riladi.

Rossiya poytaxtining Aviamotornaya mavzesidagi binoda joylashgan bu institut faqat sirtdan o‘qitish va asosan zahiraga chiqarilgan ofitserlarni qayta tayyorlash, qo‘riqchi va tan soqchilarni o‘qitishga mutaxassislashgan.

Institut o‘z saytida o‘quv korpusiga ega emasligi va talabalar faqat “masofaviy ta’lim texnologiyalari yordamida” o‘qitilishini ma’lum qilgan.

Ta’sischi shirkat egalari¸ asosan¸ Rossiyaning Qorachoy-Cherkesiya respublikasidan bo‘lgan sobiq ichki ishlar xodimlari va harbiylardir.

Ta’lim inspeksiyasi: Ogoh bo‘ling!

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat ko‘rsatish huquqi ega bo‘lmagan tashkilotlardan ogoh bo‘lishga chaqirgan.

2019 - yilda Ta’lim inspeksiyasi bu kabi tashkilotlar ro‘yxatini e’lon qilgan. Bu ro‘yxatda “Aql charxi maskani” hujjat to‘plagan Moskvadagi IFEPOZ oliygohi ham bor.

“Ta’lim inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tmagan nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan berilgan ta’lim olganligi to‘g‘risidagi hujjatlar yuridik huquqqa ega emas”, deyiladi rasmiy bayonotda.

XS
SM
MD
LG