Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:49

AQSH chegarasidan noqonuniy o‘tgan o‘zbekistonliklar zudlik bilan deportatsiya qilinadi


AQSHning Kaliforniya shtati chegara xizmatiga O‘zbekiston va yana beshta postsovet mamlakatidan bo‘lgan noqonuniy migrantlarni qo‘lga olinganidan keyin zudlik bilan vataniga deportatsiya qilish majburiyati yuklandi. Bu haqda The New York Post nashri 10-iyun kuni chegarachilar tomonidan taqdim etilgan hujjatga tayangan holda xabar qildi.

Memorandumga muvofiq, Gruziya, Moldova, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistondan bo‘lgan balog‘at yoshidagi migrantlar zudlik bilan AQSHdan badarg‘a qilinadi”, deyilgan xabarda.

Qolgan barcha noqonuniy migrantlarga ularning ishlar bo‘yicha sud jarayoni paytida AQSH hududida yurishga ruxsat etiladi.

Avvalroq Ozodlik AQSH prezidenti Jo Bayden Meksikadan qonuniy asossiz Qo‘shma Shtatlar hududiga o‘tayotgan migrantlar uchun boshpana olish tartib-qoidalarini kuchaytirish haqida topshiriq bergani, 4-iyun kuni e’lon qilingan ijroiya farmoni bunday kishilarning AQSHdan badarg‘a qilinishini osonlashtirishi haqida xabar qilgan edi.

Ayni paytda amerikalik chegarachilar The New York Post nashriga yangi tartib noqonuniy migrantlarni cho‘chitmayotgani, muhojirlar oqimi avvalgidek ko‘p ekanini aytishgan. Nashr bilan suhbatlashgan chegara xizmati agentlari yangi farmon “o‘ta kech” chiqarilganini bildirishgan.

O‘tgan yilning dekabr oyida Meksika-AQSH chegarasidan yarim million noqonuniy o‘tish qayd etilgan edi. O‘shanda AQSHga noqonuniy yo‘l olgan 119 nafar o‘zbekistonlik vataniga ekstraditsiya qilingani aytilgan.

Shuningdek, avvalroq 2023-yilning 1-oktyabridan 2024-yil may oyi oxiriga qadar AQSHning janubiy chegarasini 57 ming 200 nafar noqonuniy migrant kesib o‘tib, Kaliforniya shtatiga borishga harakat qilgani, bulardan 2 ming 900 nafari o‘zbekistonliklar ekani bildirilgan edi.

Ozodlik radiosi o‘tgan yil avgust oyining oxirlarida “O‘zbeklarning Amerikaga xatarli yo‘li” deb nomlangan surishtiruvni e’lon qilgan edi. Unda o‘zbekistonliklarning AQSHga Lotin Amerikasi davlatlari va Meksika orqali noqonuniy o‘tishga urinishi xususida so‘z borgan.

XS
SM
MD
LG