AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 14-may tongida e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga uchib kelgan. AQSH Davlat departamenti qaydicha, Kiyev safari chog‘ida Blinken Qo‘shma Shtatlar tomonidan Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish masalalarini muhokama qilish niyatida.
Blinkenning o‘zi X ijtimoiy tarmog‘ida: “Bugun men o‘z ozodligini Rossiya tajovuzidan himoya qilayotgan Ukrainaga og‘ishmas dastagimizni namoyish qilish uchun Kiyevga qaytdim”, deb yozgan.
Blinken Polsha orqali tungi poyezd bilan kelgan va yaqin orada Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishi kerak.
“Bu tashrif, birinchi navbatda, ham sharqiy frontdagi janglar tufayli, ham Rossiya qo‘shinlari Xarkov viloyati chegaralaridagi hujumlarni kengaytirayotgani sababli juda og‘ir vaziyatda bo‘lgan ukrainaliklarga aniq signal yo‘llashga qaratilgan”, degan jurnalistlarga AQSH delegatsiyasi a’zosi.
Ukrainalik mulozimlar bilan uchrashuvlar chog‘ida AQSH Davlat kotibi Amerika tomonidan Ukrainaga dastak davom etayotganini tasdiqlashni rejalamoqda, deya qayd etgan Davlat departamenti vakili Metyu Miller.
Bundan tashqari, AQSH tashqi siyosat muassasasi rahbari Ukrainadagi vaziyatga bag‘ishlangan nutq so‘zlash niyatida.
Bu Blinkenning Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinchilik urushini boshlagan 2022-yil fevralidan buyon Kiyevga amalga oshirilgan to‘rtinchi safaridir. Ayni paytda bu uning AQSH Kongressi aprel oyi oxirida Ukrainaga 61 milliard dollarlik harbiy yordam paketini tasdiqlaganidan keyingi ilk tashrifi bo‘lib hisoblanadi.