AQSH Davlat departamenti rahbari Marko Rubio Qo‘shma Shtatlarning xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) dasturlarining 83 foizi yopilishi haqida e’lon qildi.
Mulozim X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasida 6 haftalik tekshiruv yakunlariga ko‘ra qaror qabul qilinganini yozdi.
“Endilikda bekor qilinayotgan 5200 ta shartnoma doirasida o‘nlab milliard dollar shunda yo‘sinda sarflanganki, ular AQSHning asosiy milliy manfaatlariga xizmat qilmagan (ayrim hollarda esa hatto zarar bergan)”, deya qayd etgan Rubio.
U Kongress bilan maslahatlashuvlardan so‘ng Davlat departamenti qolgan 1000 ga yaqin dasturni samarali boshqarmoqchi ekanini qo‘shimcha qilgan.
Fevral oyi oxirida Donald Tramp ma’muriyati USAID orqali xorijiy davlatlarga yordamning 90 foizdan ko‘prog‘i to‘xtatib qo‘yilgani haqida bayonot bergan edi. O‘shanda AQSH rasmiylari umumiy hisobda 5800 ga yaqin grant berilishini to‘xtatib qo‘yishgani aytilgan.
Oziq-ovqat yordamini moliyalashtirish, OIV, sil va bezgak xastaliklari muolajasi uchun dori-darmon yetkazib berish bilan bog‘liq dasturlar saqlab qolingan. Bundan tashqari, Livan, Haiti, Venesuela, Kuba va AQSH grantiga hayotiy zarurati bo‘lgan boshqa mamlakatlarga yordam dasturlariga tegilgan emas.
Mart oyi boshida AQSH Oliy sudi rasmiylarning xorijiy tashkilotlarga bajarib bo‘lingan loyihalar uchun USAID orqali to‘lab berilishi kerak bo‘lgan 2 milliard dollarga yaqin mablag‘ni muzlatib qo‘yishga oid talabnomasini qanoatlantirishdan bosh tortgan.
AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Kongress tomonidan 1961-yilda tuzilgan mustaqil hukumat agentligi bo‘lib hisoblanadi. Agentlik AQSH hukumatining xalqaro yordam ko‘rsatish bo‘yicha asosiy bo‘linmasi bo‘lib, u dunyoning eng qashshoq mamlakatlarida dasturlarni moliyalashtirishga har yili Kongressdan o‘nlab milliard dollar mablag‘ olib kelgan.
AQSH Kongressi Tadqiqot xizmatining (CRS) yaqindagi hisobotida 2023-moliya yilida USAID tasarrufida 130 ta mamlakatdagi loyihalarni dastaklash uchun ajratilgan 40 milliand dollardan ko‘proq mablag‘ bo‘lgani haqida aytilgan. Eng ko‘p yordam olgan mamlakatlar uchligiga Ukraina, Habashiston (Efiopiya) va Urdun (Iordaniya) kabi davlatlar kirgan.