Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

AQSH Eronga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qildi


AQSH moliya vazirining terrorizm va moliyaviy razvedka bo‘yicha o‘rinbosari Brayan Nelsonga ko‘ra, Eronning ballistik raketa va dronlarni o‘ylovsiz tarqatishi beqarorlikni kuchaytirib, tinch aholi hayotini xavf ostiga qo‘yadi
AQSH moliya vazirining terrorizm va moliyaviy razvedka bo‘yicha o‘rinbosari Brayan Nelsonga ko‘ra, Eronning ballistik raketa va dronlarni o‘ylovsiz tarqatishi beqarorlikni kuchaytirib, tinch aholi hayotini xavf ostiga qo‘yadi

Eronda yangi prezident Pezeshkiyon inauguratsiyasidan keyin AQSH Moliya vazirligi Eronga ballistik raketalar ishlab chiqarish va sotib olishga yordam bergan bir qator jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan yangi sanksiyalarni e’lon qildi.

Qo‘shma Shtatlar Eron, Xitoy va Honkongdagi besh jismoniy va yetti yuridik shaxsni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan.

AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi xabarnomasida aytilishicha, sanksiyaga kiritilgan shaxslar "Eronning ballistik raketa va dron dasturi uchun muhim bo‘lgan akselerometr va giproskop kabi turli komponentlar"ni sotib olishda vositachilik qilgan.

Eronning sanksiyaga uchragan shirkatlaridan biri bo‘lmish Electro Optis Sairan Industries kompaniyasi AQSH Moliya vazirligi tomonidan Rossiya Ukrainada foydalanayotgan Shahed dronlarini ishlab chiqarishda ishtirok etgani da’vo qilingan.

AQSH 2007-yilda Eron Mudofaa va Qurolli kuchlar logistikasi vazirligini ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqaruvchi va ularni yetkazib beruvchi tashkilot sifatida qayd etgan. Vazirlik Eronning ballistik raketa dasturiga ham aloqador.

"Eronning ballistik raketa va dronlarni o‘ylovsiz tarqatishi beqarorlikni kuchaytirib, tinch aholi hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Qo‘shma Shtatlar Eronning qirg‘in qurollarni ishlab chiqarishiga yordam berganlarga sanksiya qo‘llashda davom etadi", deya ta’kidladi Moliya vazirligining terrorizm va moliyaviy razvedka bo‘yicha maslahatchisi Brayan Nelson.

Sanksiyalar Eronning yangi prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon qasamyod qabul qilgan kunda e’lon qilindi.

Pezeshkiyon nisbatan mo‘tadil rahbar bo‘lishi kutilayotgan bo‘lsa-da, bundan Vashingtonning umidlari katta emas. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning ta’kidicha, so‘nggi so‘zni baribir Eron oliy diniy rahbari aytadi.

Blinken Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik AQSH tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini yana bir bor tasdiqlar ekan, Tehronga maksimal darajada bosim o‘tkazilayotganini urg‘uladi.

Blinkenga ko‘ra, hozirgacha eronlik jismoniy shaxslar va shirkatlarga nisbatan 600 dan ziyod sanksiyalar joriy qilingan.

XS
SM
MD
LG