“Xorijiy agentlar”ga oid qonun tufayli AQSH Gruziya bilan hamkorlik masalalarini qayta ko‘rib chiqishni boshlab, bu mamlakatning ayrim fuqarolariga nisbatan viza cheklovini joriy qiladi. Bunga oid qaror AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken tomonidan ochiqlandi.
Viza cheklovi “Gruziyada demokratiyaga putur yetkazishga aloqador yoki bunga mas’ul shaxslar” va ularning oila a’zolariga qarshi kiritiladi. Blinkenga ko‘ra, “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun fikr va uyushma erkinligini bo‘g‘adi hamda mustaqil OAV faoliyatiga to‘sqinliklar yaratadi.
“Biz avvalda bo‘lgani kabi Gruziya liderlari qonun loyihasini qayta ko‘rib chiqishlari hamda mamlakatning demokratik va yevroatlantik intilishlarini ilgarilatish yo‘lida qadam qo‘yishlariga umid qilyapmiz”, deya qo‘shimcha qilgan AQSH Davlat kotibi.
Blinken avvalroq Kongressda qilgan chiqishida Gruziya parlamenti tomonidan o‘tgan hafta qabul qilingan “Xorijiy ta’sir shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunni “Rossiya darsligidan olingan ko‘chirma” deb atagan edi.
Mazkur qonunning Rossiyadagi “xorijiy agentlar”ga oid repressiv qonun bilan o‘xshash ekanini mamlakat ichidagi tanqidchilar ham ta’kidlashmoqda. Qonun loyihasiga qarshi bo‘lgan o‘n minglab odam qariyb bir yarim oydan buyon Gruziyaning Tbilisi va boshqa shaharlari ko‘chalariga chiqishib, “Rossiya qonunini qabul qilmaslik”ni talab qilib kelishyapti.
Qonun loyihasi Yevropada ham qoralangan. Yevrokomissiya qonunning qabul qilinishi “Gruziyaning yevropacha istiqboliga salbiy ta’sir ko‘rsatishi”ni qayd etib, rasmiy Tbilisini hujjatni qabul qilishdan bosh tortishga chaqirgan. Yevrokomissiya vakillariga ko‘ra, qonun loyihasi Gruziyadagi fuqaroviy jamiyatga putur yetkazadi va OAV erkinligiga xavf soladi. O‘tgan yili Gruziya Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod maqomini olgan, biroq bu boradagi muzokaralar hali boshlangan emas.
Qonun loyihasi tashabbuskori bo‘lgan “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi xalqaro bosimni qoralab chiqqan. Partiya mazkur qonun tashkilotlarning xorijdan moliyalashtirilishi shaffofligi va mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun zarurligini iddao qilmoqda. Rossiya TIV vakilasi Mariya Zaxarova Moskva “Gruziya orzusi” pozitsiyasini dastaklashini bildirib, g‘arb mamlakatlarining qonun loyihasiga munosabatini “shantaj” deb atagan.
Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili qonun loyihasiga veto qo‘ygan. Biroq “Gruziya orzusi” partiyasi prezident vetosini aylanib o‘tish uchun parlamentda yetarli ovozga ega. Hukmron partiya bu ishni keyingi haftada — 28-may kuni amalga oshirishni rejalamoqda.