Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

AQSH gruziyalik mulozimlarga qarshi viza cheklovi joriy qiladi


AQSH Davlat departamenti vakili Mettyu Miller (arxiv surati)
AQSH Davlat departamenti vakili Mettyu Miller (arxiv surati)

Qo‘shma Shtatlar 6-iyun kuni “Gruziyadagi demokratiyaga putur yetkazganligi uchun” o‘nlab rasmiyga qarshi viza cheklovi joriy qilmoqchi ekanini ochiqladi. Mazkur chora jumladan “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi a’zolari, qator deputatlar va huquq-tartibot idoralari xodimlariga daxldor bo‘ladi.

AQSH Davlat departamenti vakili Mettyu Miller Vashington gruziyalik liderlar o‘z qarorlarini qayta ko‘rib chiqishiga umid qilayotganini qayd etdi.

Agar bu ish amalga oshmasa, Qo‘shma Shtatlar qo‘shimcha qadamlarni qo‘yishi mumkin”, deya ta’kidladi Miller.

Avvalroq prezident Jo Bayden ma’muriyati “Xorijiy ta’sir shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi munosabati bilan AQSH Gruziya bilan aloqalarini qayta ko‘rib chiqishi mumkinligi haqida bildirgan. Mazkur bahsli qonunni Gruziya muxolifati Rossiyaning xorijiy agentlarga oid repressiv qonunidan ko‘chirilgan, deb hisoblaydi.

Qonun imzolangani ortidan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan qator mamlakatlar Gruziyaga berilgan YIga a’zolikka nomzod maqomini bekor qilish hamda Tbilisi bilan vizasiz tartibdan bosh tortishga chaqirishgan.

Uchinchi iyun kuni Gruziya parlamenti raisi Shalva Papuashvili avvalroq mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili tomonidan veto qo‘yilgan bahsli qonunni imzolagan edi. “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi parlamentda yetarli ovoz yig‘ish orqali prezidenti vetosini aylanib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Imzolangan bu qonun shu yilning avgust oyidanoq 2023-yildagi ma’lumotlarga ko‘ra o‘z moliyasining 20 foizdan ko‘prog‘ini xorijdan olgan ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlari zimmasiga “tashqi kuchlar manfaatini tashuvchi tashkilot” o‘laroq qayddan o‘tish majburiyatini yuklaydi. Bu talab Gruziyada asosan g‘arb jamg‘armalari bilan birga ishlaydigan onlayn-nashrlar va NHTlarning aksariyatiga daxldor bo‘ladi.

Mualliflar hujjatda repressiv choralar yo‘qligi va notijoriy sektordagi tashkilotlar shaffofligini oshirishga mo‘ljallanganini ta’kidlashmoqda. Ular qonun Rossiyaning emas, AQSH qonunchiligi me’yorlariga o‘xshashligini iddao qilishyapti.

Gruziya muxolifati mazkur qonun loyihasiga qarshi ovoz bergan. Bahsli qonun loyihasiga qarshi Gruziyada bir necha hafta mobaynida ommaviy norozilik tadbirlari o‘tkazilgan, mazkur aksiyalarda ko‘plab namoyishchi tutib ketilgan, politsiya esa norozilarni tarqatish uchun ularga qarshi maxsus vositalarni ishga solgan edi.

XS
SM
MD
LG