Линклар

Шошилинч хабар
03 январ 2025, Тошкент вақти: 09:14

AQSH keyingi haftada Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etadi


AQSH moliya vaziri Jannet Yelen (arxiv surati)
AQSH moliya vaziri Jannet Yelen (arxiv surati)

Qo‘shma Shtatlar keyingi haftada Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga qarshi qaratilgan yangi sanksiyalarni e’lon qilishga tayyor. Bu haqda AQSH moliya vaziri Jannet Yelen 22-oktyabr kungi chiqishida bildirdi.

Biz Kreml harbiy mashinasi faoliyatiga ko‘maklayotganlarga qarshi qaratilgan kuchli yangi sanksiyalarni ochiqlaymiz, ular orasida harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan o‘ta muhim mahsulotlarni Rossiyaga yetkazib berayotgan uchinchi mamlakatlardagi vositachilar ham bor”, deya bayonot bergan Yelen Vashingtonda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Shu kunlarda AQSH poytaxtida Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining yillik yig‘ilishlari o‘tkazilmoqda. XVJ va Jahon banki rahbariyatining uchrashuvlari AQSHda Jo Bayden prezidentlik davridagi moliyachilarning so‘nggi muhim yig‘ilishlari o‘laroq ko‘rilyapti. Bu davrdagi iqtisodiyot holati va inflyatsiya ko‘rsatkichlari amerikalik saylovchilarni ayniqsa ko‘p tashvishga solmoqda.

Amerikalik saylovchilarning respublikachilar nomzodi Donald Tramp va demokratlar nomzodi Kamala Harris o‘rtasidagi tanlovi dunyo moliyasi va global iqtisodiyotga ulkan ta’sir ko‘rsatadi.

Yelen o‘z chiqishida Ukrainaga yordamni moliyalashtirish uchun Rossiyaning muzlatilgan suveren aktivlaridan olinajak foizlar masalasiga ham to‘xtalgan. U Vashingtonda bayonot bergan kuni Yevropa parlamentidan ham yangi bir xabar keldi: yevropalik deputatlar bu kuni Kiyevga 35 milliard yevro miqdorida yordam paketini ma’qullashdi. Bu mablag‘lar mudofaa va qayta qurish uchun sarflanadi. Qarzni qaytarish Rossiya Markaziy bankining xorijda muzlatilgan aktivlaridan olinajak daromadlar hisobidan amalga oshiriladi.

Rossiyaning TASS davlat axborot agentligi Jannet Yelenning moliya muassasalariga nisbatan ikkilamchi sanksiyalarning kiritilish xavfi sezilarli oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga oid so‘zlariga e’tibor qaratgan. Yelen AQSH Moliya vazirligi bu kabi harakatlar davom ettirilishini o‘rganayotganini qayd etgan. Bu yerda gap Qo‘shma Shtatlar sanksiyasi ostiga tushgan tashkilotlar bilan ish olib borayotgan moliya muassasalari AQSH moliyaviy tizimidan uzib qo‘yilishi haqida ketmoqda, deb yozgan TASS.

XS
SM
MD
LG