Линклар

 
AQSH NATOdan chiqadimi? Ozodlikning Bryusseldagi manbalari javob beradi
Шошилинч хабар
20 март 2025, Тошкент вақти: 01:10

AQSH NATOdan chiqadimi? Ozodlikning Bryusseldagi manbalari javob beradi


AQSH-NATO, diplomatiya.
AQSH-NATO, diplomatiya.

NATO yaqinda parchalanadi, degan bashoratlar ko‘p bo‘lgan. So‘nggi kunlarda yana shunaqa gap chiqdi. AQSH respublikachi senatori Mayk Li X ijtimoiy tarmog‘ida: “NATOdan chiqadigan payt keldi”, deb yozdi. Bir paytning o‘zida inflyuyenser Gyunter Igmanning “NATO va BMTdan chiqish zamoni” nomli postiga Trampning do‘sti va safdoshi Ilon Mask qisqagina qilib: “Qo‘shilaman”, deb javob yozdi.

Bryusseldagi rasmiylar Maskning o‘ziga tegishli X platformasidagi siyosiy chiqishlari AQSH siyosatida aks etmasligini ta’kidlashsa-da, ayrim tahlilchilar uning Vashingtondagi konservativ doiralarda norasmiy ta’sir kuchi borligini tan oladilar.

Shunga qaramay Bryusselda joylashgan NATO qarorgohi vakillari o‘zlarini xotirjam tutishmoqda. “Ozodlik”ning “Alyans parchalanishi muqarrarmi?” degan savoliga ular hamon qat’iy qilib javob berishmoqda: “Yo‘q”.

Buning kamida ikki sababi, to‘g‘rirog‘i, ikki farqi bor: bu – shov-shuvli bayonotlar bilan real harakatlar hamda NATOdagi ittifoqchilar va a’zolikka talabgorlar, xususan, Ukraina istiqboli orasidagi farqdir.

Украинага босқин: 1011-кун | Зеленский: НАТОга аъзолик урушнинг "қайноқ фазасини" тўхтатиши мумкин
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:17 0:00

Yevroittifoqning mudofaa xarajatlari

Birinchi bandni ko‘rib chiqamiz. AQSH prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasiga sodiqligini tasdiqladi. Ma’lumot uchun, ushbu modda NATOning bir a’zosiga qilingan hujum umumiyat-la NATOga hujum deb hisoblanishini va unga Alyansning barcha a’zolari tomonidan javob qaytarilishini nazarda tutadi.

Ushbu pozitsiyani NATO mudofaa vazirlarining fevraldagi uchrashuvi chog‘ida bir necha bor – ham omma oldida, ham xususiy tartibda – AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset ham tasdiqladi.

Xegset Yevropadagi ittifoqchilarni mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirishga qistagan bo‘lsa-da, “Ozodlik” muxbiri bilan so‘zlashgan barcha NATO mulozimlari bu muzokaralarni “konstruktiv” deb atamoqdalar.

“U xonadan bir marta ham chiqqani yo‘q: tingladi, savollar berdi, ba’zi o‘rinlarda qo‘shimcha qildi – tashlab ketadigan ittifoqchi o‘zini bunaqa tutmaydi”, dedi “Ozodlik” suhbatdoshlaridan biri.

NATO mulozimlari tinimsiz mish-mishlarni daf qilishda davom etmoqdalar. “Gap-so‘zlarga parvo qilmay, faqat amalga qarash kerakligini allaqachon tushunganmiz, – deydi tashkilotning yuqori martabali mulozimi. – Buni “strategik sabr” deb atash mumkin”.

Ukrainaning mavhum istiqboli

Ukraina – boshqa masala. “Ukrainaga doir rejalar NATO tufayli o‘zgargani yo‘q. Qo‘shma Shtatlar Ukraina bilan qattiq siyosat olib bormoqda, lekin blokka sadoqatni saqlab turibdi”, deya tan oldi “Ozodlik” suhbatdoshi. Bu so‘zlarning yorqin dalillaridan biri – bir necha kun oldin Oval kabinetda prezident Zelenskiy va prezident Tramp o‘rtasida kechgan dahanaki jang.

Украинага босқин: 1102-кун | Зеленский ва Трамп учрашуви можаро билан якунланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:22 0:00

Ayni chog‘da Alyans rejalaridagi o‘zgarishning yana bir ko‘rsatkichi bu Buyuk Britaniyaning ukrain harbiylariga qurol-aslaha yetkazib berishni muvofiqlashtirishdagi yangi rolidir.

Ukraina yaqin orada NATOga qabul qilinmasligi aniq, ammo bunga NATOning so‘nggi sammitlari chog‘ida aynan avvalgi prezident Jo Bayden ma’muriyati veto qo‘ygan edi. AQSHning yangi ma’muriyati bu masalada shunchaki, shartakilik qilyapti.

NATOning sharqiy qanoti (“Buxarest to‘qqizligi” – Bolgariya, Chexiya, Estoniya, Vengriya, Latviya, Litva, Polsha, Ruminiya va Slovakiya) AQSH qo‘shinlarini olib ketarmikan, yo‘qmi, deya xavotirga tushgan. Hozircha olib ketadiganga o‘xshamaydi, ammo ularning soni qayta ko‘rib chiqilsa ajab emas.

Bu mamlakatlar Rossiya hujumiga uchrasa-chi, Amerika yordamga keladimi? “Ozodlik” bilan gaplashgan aksar NATO mulozimlari bu savolga “ha” deb javob berishdi. Biroq Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasi unga nafaqat ittifoqchilar, balki dushmanlar ham qanchalik ishonishiga bog‘liq.

Sharqiy yevropalik bir mulozim shunday deydi: “5-modda xuddi Shryodinger mushugi kabi: quti ochilmaguncha ham tirik, ham o‘lik. Ya’ni bu moddaga mos vaziyat bo‘lmagunicha u ishlaydimi, yo‘qmi – aniq aytish qiyin”.

XS
SM
MD
LG