Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning yadroviy doktrinasi yangilanganiga javoban o‘z yadroviy doktrinasini o‘zgartirmoqchi emas. Bu haqda AQSH prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi tomonidan 19-noyabr kuni yoyinlangan bayonotda aytilgan.
“Biz Rossiya o‘z yadroviy doktrinasini yangilaganini e’lon qilganidan hayron qolganimiz yo‘q. U bunga oid signallarni bir necha hafta mobaynida yo‘llayotgan edi. Rossiya yadroviy kuchlari konfiguratsiyasida hech qanaqa o‘zgarish topmaganimiz sababli biz Rossiyaning bugungi bayonotiga javoban o‘z yadroviy kuchlarimiz konfiguratsiyasini yoki yadroviy doktrinamizni o‘zgartirishga sabab ko‘rmayapmiz”, deya ta’kidlangan bayonotda.
Pentagon vakilasi Sabrina Singh ham shu kabi izohlar bilan chiqish qilgan. U Kremlning bayonotlarini “mas’uliyatsizlarcha ritorika” deb atab, Qo‘shma Shtatlarda “Rossiya Ukraina hududida yadro qurolidan foydalanishga hozirlanayotganiga oid hech qanaqa ishora yo‘q”ligi bildirgan. “Biz o‘z yadroviy pozitsiyamizga o‘zgartish kiritish uchun zarurat ko‘rmayapmiz”, deya qo‘shimcha qilgan Pentagon vakilasi.
Bu Vladimir Putin tomonidan Rossiyaning yadroviy doktrinasi yangilangani to‘g‘risidagi farmon imzolanganiga javob edi. Yangi doktrinada Rossiya tomonidan yadro qurolini ishga solish shartlari kengaytirilgan.