Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:56

AQSH: Qurultoy delegatlarining ko‘pi Harrisni dastaklashga tayyor


Kamala Harrisning saylovoldi qarorgohidagi chiqishidan lavha, Vilmington, 2024-yil 22-iyuli
Kamala Harrisning saylovoldi qarorgohidagi chiqishidan lavha, Vilmington, 2024-yil 22-iyuli

AQSH prezidenti Jo Bayden ikkinchi prezidentlik muddati uchun kurashdan bosh tortganining ertasiga, ya’ni 22-iyul kuni vitse-prezident Kamala Harris Demokratlar partiyasi qurultoyi delegatlarining ko‘pchiligidan AQSH prezidenti lavozimiga nomzod etib ko‘rsatilishi uchun zarur bo‘lgan dastakni oldi.

Associated Press agentligining so‘nggi hisob-kitobiga ko‘ra, Harris uchun qurultoyning qariyb 2700 nafar delegati ovoz berishga tayyor. Prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatilish uchun 1976 nafar delegatning ovozi kerak bo‘ladi. Ovoz berish 1-avgustdan 7-avgustgacha bo‘lib o‘tadi.

Baydenning prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatilishidan bosh tortishi demokratlarga prezidentlikka nomzodlik uchun kurashishga formal imkoniyat yaratdi. Biroq Jo Baydenning prezidentlik poygasidan chiqqani va Kamala Harris nomzodini dastaklashiga oid bayonotidan keyingi ilk soatlardayoq ko‘plab yetakchi demokrat siyosatchilar uning nomzodini qo‘llashlarini bildirishdi. Harrisning saylov fondiga 888 nafar donordan 80 million dollardan ko‘proq iona kelib tushdi.

Dushanba oqshomiga kelib Harrisdan bosh biror demokrat prezidentlikka nomzodlik uchun kurashish niyati borligini bildirgani yo‘q. Kamala Harrisning nomzodlik uchun kurashda muhtamal raqiblari o‘laroq zikr etilgan bir necha shtat – Kentukki, Illinoys, Merilend va Michigan shtatlari gubernatorlari uning nomzodini qo‘llashlarini bildirishdi. Ularga Namoyandalar palatasining sobiq spikeri bo‘lgan nufuzli siyosatchi Nensi Pelosi ham qo‘shildi, vaholanki u dastavval Harris nomzodini ochiq-oshkor qo‘llab chiqmagan edi.

Harrisning saylov shtabi Barak Obama ma’muriyatida adliya vaziri bo‘lib ishlagan Erik Xolder vitse-prezidentlikka nomzod tanlash protsedurasiga bosh bo‘lishini e’lon qildi. Kamala Harris qaysi nomzodni tanlashi haqida hozircha hech qanday aniq ishora yo‘q.

Saylovoldi qarorgohiga tashrif chog‘ida Kamala Harris o‘z saylovoldi kampaniyasini o‘tmishda prokuror bo‘lib ishlagani, shuning uchun ham “yirtqichlar” va “tovlamachilar” bilan yaxshi tanish ekanini eslatishdan boshladi.

Men Donald Tramp kabi odamlar toifasi qanday bo‘lishi bilaman”, deya bildirdi Harris.

Donald Tramp ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifasida Baydenning saylovda ishtirokdan bosh tortishga oid qarori “qahramonona qadam” deb atalayotganidan nolidi va Harris nomzodini “barbod” nomzod deb atadi.

XS
SM
MD
LG