Линклар

Шошилинч хабар
15 январ 2025, Тошкент вақти: 19:09

AQSH RT mediaguruhiga qarshi sanksiyalar joriy etadi


AQSH Moliya vazirligi “Rossiya segodnya” mediaguruhi va uning sho‘balari bo‘lmish RIA “Novosti” agentligi, Russia Today, Ruptly va Sputnik nashrlariga nisbatan sanksiyalar joriy qilmoqda. Bu haqda vazirlik saytidagi bayonotda aytilgan.

Vashington fikricha, Rossiya mediatuzilmalari AQSHdagi prezident sayloviga ta’sir ko‘rsatishga urinmoqda va saylovchilarning Qo‘shma Shtatlardagi saylov jarayonlariga ishonchiga putur yetkazyapti.

Bundan tashqari, hujjatda Rossiya o‘zining axborot resurslari yordamida Moldovadagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatishga urinayotgani, Ukraina va butun dunyodagi vaziyatni beqarorlashtirishga harakat qilayotgani urg‘ulangan.

AQSH sanksiya ro‘yxatiga RT bosh muharriri Margarita Simonyan, uning o‘rinbosarlari Yelizaveta Brodskaya, Andrey Kiyashko va Anton Anisimov, RT raqamli loyihalari menejeri Konstantin Kalashnikov va medialoyihalar bo‘limi xodimasi Yelena Afanasevalar ham kiritilgan.

Ayni paytda AQSH Moliya vazirligi Kalashnikov va Afanasyevaga xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlik va pul yuvganlik ayblovlari ham bildirilishini qayd etgan. Vazirlik iddaosicha, RT xodimlari Rossiya manfaatlari himoyasi uchun videoroliklar yoyinlanishiga qariyb 10 million dollar mablag‘ sarflashgan. Bayonotda Qo‘shma Shtatlar Rossiyadagi avtoritar rejim o‘z propagandasini zimdan olg‘a surishiga toqat qilolmasligi ta’kidlangan.

AQSH qonunlariga ko‘ra, Kalashnikov va Afanasueva mazkur ayblovlar bo‘yicha 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishlari mumkin.

Shuningdek, kremlparast hakerlar guruhi bo‘lgan RaHDit va uning rahbari, FSBning sobiq zobiti Alekseya Gerashchenko hamda “Dialog” avtonom notijorat tashkiloti va uning rahbari Vladimir Tabak ham sanksiya ro‘yxatiga tushgan.

AQSH Adliya vazirligi “Dialog” tomonidan Rossiya hukumati manfaatlari yo‘lida amerikalik fuqarolarga ta’sir ko‘rsatish uchun foydalanilgan 32 ta internet-domen ham blokirovka qilingani haqida bildirgan. Bunga oid tekshiruvlar AQSH Federal tergov byurosining Filadelfiyadagi bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

Tergov taxminiga ko‘ra, Rossiya tomoni Ukrainaga nisbatan xalqaro dastakni kamaytirish, rossiyaparastlik qarashlarini mustahkamlash va noyabr oyida AQSHda bo‘lib o‘tajak prezident saylovi oldidan saylovchilarga ta’sir o‘tkazish maqsadida o‘z propagandasini yoyish bilan shug‘ullanib kelgan. AQSH Adliya vazirligi bu domenlar “Doppelganger” amaliyoti” deb nomlangan dezinformatsiya kampaniyasining bir qismi bo‘lgan, deb hisoblaydi.

Qo‘shma Shtatlar Rossiya davlati homiyligi ostida demokratik institutlarimizga putur yetkazishga urinayotgan subyektlarni bundan buyon ham fosh qilishda va ularni bu xatti-harakatlari uchun javobgarlikka tortishda davom etadi”, deya bildirgan AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken.

AQSH sanksiyalariga oid xabarlar ortidan Margarita Simonyan o‘z telegram-kanalida “Tyu. Uyg‘onishibdi” degan yozuv qoldirgan.

Avvalroq CNN telekanali o‘z manbalaridan olingan ma’lumotlarga tayanib, Oq uy Moskvani o‘z nazorati ostida bo‘lgan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardan dezinformatsiya uchun foydalangan holda, AQSHdagi prezident sayloviga ta’sir ko‘rsatish urinishlarida ayblamoqchi ekani haqida xabar qilgan edi.

CNN manbalari Vashingtonning diqqat-e’tibori “Kreml propagandistik urinishlarining asosiy unsuri” o‘laroq, xususan, RT telekanaliga qaratilishiga urg‘u berishgan.

Rossiya davlat OAVga nisbatan sanksiyalar kiritilishi yuzasidan hali izoh berganicha yo‘q. Moskva xorijiy davlatlardagi saylovlarga aralashganlik bo‘yicha barcha ayblovlarni shu paytgacha doim qat’iyan rad etib kelgan.

XS
SM
MD
LG