Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:46

AQSh “Shimoliy oqim” operatoriga sanksiya joriy etmaslikka qaror qildi


Qo‘shma Shtatlar “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri operatori bo‘lmish Nord Stream 2 AG shirkati hamda uning ijrochi direktori Mattias Varningga nisbatan sanksiya joriy etish rad etilganini ma’lum qildi. Nord Stream 2 AG Rossiyaning “Gazprom” shirkati sho‘’ba korxonasi sanaladi.

Bu haqda 19 - may, chorshanba kuni Kongressga yo‘llagan maktubida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qilgan. Maktubda aytilishicha, sanksiya qo‘llamaslik qarori Qo‘shma Shtatlarning “milliy manfaatlari” taqozosidir.

Shu bilan birgalikda Vashington Rossiya gazini Ukrainani chetlab o‘tgan holda Yevropaga yetkazishga mo‘ljallangan gaz quvuri tortilishiga qarshiligini davom ettiradi. Shu munosabat bilan AQSh “Shimoliy oqim-2” qurilishida ishtirok etayotgan uch shirkat hamda to‘rt kemaga nisbatan sanksiya belgilaydi.

Davlat departamentining mazkur qarori kuzatuvchilar tomonidan Jo Bayden ma’muriyatining Germaniyaga do‘stlik ishorasi o‘laroq baholanmoqda. Donald Tramp prezidentligi davrida ikki mamlakatning o‘zaro aloqalari ancha sovuqlashgan edi.

Biroq bu qaror Kongressda tanqidiy kutib olindi. Amerika qonun chiqaruvchilarining aksariyati, partiyaviy mansubligidan qat’i nazar, “Shimoliy oqim-2” inshooti Yevropaning energetika xavfsizligiga shikast yetkazadi, deya sanksiyalar joriy etishni yoqlamoqda.

“Ma’muriyat Germaniya va Rossiya manfaatlarini bizning Sharqiy, Markaziy va Shimoliy Yevropadagi ittifoqdoshlarimiz manfaatlaridan ustun ko‘rmoqda”, degan respublikachi senator Jeyms Rish.

Demokrat senator Jin Shaxin esa gaz quvuri qurilishi yakunlanishi Amerika manfaatlariga hamda uning Yevropadagi hamkorlari barqarorligiga raxna solishini urg‘ulagan.

GFR hukumati mazkur qarorni kutayotgan edi.

“Biz buni konstruktiv qadam sifatida qabul qildik. Va biz Vashingtondagi hamkorlarimiz bilan muzokarani davom ettirishdan mamnunmiz”, degan Germaniya TIV rahbari Xayko Maas.

Vazir bu gapni sanksiyalar joriy etmaslik qarori haqida rasmiy xabarnoma e’lon qilinishidan oldin aytgan va vaziyatni davlat kotibi Entoni Blinken bilan birga muhokama qilganini urg‘ulagandi.

“Nemis to‘lqini” keltirgan iqtibosda Maas, sanksiyalarni kuchaytirmaslik qarori Berlin tarafidan “Bayden ma’muriyati davrida bog‘langan juda yaxshi aloqalarga hurmat sifatida” qabul qilingani aytadi.

Amerika prezidenti Jo Bayden ma’muriyati “Shimoliy oqim-2” operatoriga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etishdan voz kechajagi haqida avvalroq, anonim manbalarga tayangan holda “Axios” portali hamda “Reuters” agentligi xabar qilgandi. Loyiha operatori bo‘lmish Nord Stream 2 AG ning eng yirik hissadori Rossiyaning “Gazprom” shirkati hisoblanadi.

Kreml voizi Dmitriy Peskov Amerika OAVlarining xabarlarini olqishlashini bildirib, “bu kabi xabarlar paydo bo‘lgani faktining o‘ziyoq yetarlicha ijobiy voqea bo‘la oladi”, deya qo‘shimcha qildi.

Sanksiyalar qo‘llashni rad etish qaroriga doir ilk daraklar Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda avvalroq “Shimoliy oqim-2”ni “Yevropa va AQSh uchun xayrsiz g‘oya” deya atagan Entoni Blinken uchrashuvidan bir oz oldin paydo bo‘ldi.

So‘nggi yillarda AQSh va Rossiya munosabatlari xiyla taranglashdi. Demokrat Jo Bayden ma’muriyati jiddiy bosimi ostida qolgan, jumladan, Rossiyadan Boltiq dengizi tubi bo‘ylab Germaniyaga tortilayotgan gaz quvuri qurilishi ishtirokchilariga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish uchun kurashayotgan Respublikachilar partiyasi vakillari ham prezident ma’muriyati qaroridan rozi emas.

XS
SM
MD
LG