Линклар

Шошилинч хабар
28 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:18

AQSH Ukrainaga Rossiya aktivlaridan 20 mlrd dollar kredit ajratdi


AQSH Moliya vaziri Janet Yellen
AQSH Moliya vaziri Janet Yellen

AQSH Moliya vazirligi Ukrainaga Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromadlar vositasida qoplanadigan 20 milliard dollarlik kredit ajratilganini ma’lum qildi.

Moliya vaziri Janet Yellen Kiyevga ajratilgan mablag‘lar Ukrainani Rossiya tajovuzidan himoya qilishda muhim dastak bo‘lishini urg‘ulagan.

Mazkur kredit “Katta yettilik” mamlakatlarining iyun oyida o‘tkazilgan sammitida muvofiqlashtirilgan 50 milliard dollarlik qarzning bir qismi bo‘ladi. Avvalroq Yevropa kengashi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushadigan daromadlar vositasida moliyalashtiriladigan 35 milliard yevrolik kreditni tasdiqlagan edi.

Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi urush boshlatilganidan keyin G‘arb mamlakatlari Rossiyaning 300 milliard dollardan ko‘proq bo‘lgan suveren aktivlarini muzlatib qo‘ygan. Bu mablag‘larning katta qismi Yevropada saqlanadi.

O‘tgan yili Rossiya muzlatilgan aktivlarining YIda joylashtirilishidan uch milliard dollar daromad olingan edi. Avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiya aktivlaridan foydalanishdan tushgan daromadni Ukrainaga o‘tkazishni boshlagan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bir necha bor Rossiya o‘z aktivlaridan Ukrainani moliyalashtirishda foydalanilishiga qat’iyan qarshi ekanini bildirib, Moskva bu jarayonga aloqador bo‘lganlarga qarshi da’vo arizalari berish niyatida ekani haqida ogohlantirgan.

XS
SM
MD
LG